Kirish Ro'yxatdan o'tish
11/01 00:45 Lasio 1-1 Komo
11/01 01:00 Rayo Valyekano 2-1 Selta
11/01 18:00 Alaves 0-1 Jirona
11/01 19:00 Empoli 1-3 Lechche
11/01 19:00 Udineze 0-0 Atalanta
11/01 20:15 Valyadolid - Betis
11/01 22:00 Torino - Yuventus
11/01 22:30 Espanyol - Leganes
12/01 00:45 Milan - Kalyari
12/01 01:00 Sevilya - Valensiya
12/01 16:30 Jenoa - Parma
12/01 18:00 Las-Palmas - Xetafe
12/01 19:00 Venetsiya - Inter
12/01 20:15 Atletiko - Osasuna
12/01 22:00 Bolonya - Roma

Mario Lemina: «Bu yerda hammasi ma’qul»

Mario Lemina: «Bu yerda hammasi ma’qul»

Baho:
+ | -

Yaqinda «Nissa»dan «Vulverxempton»ga o‘tgan Mario Leminaning tan olishicha, u 4 yilcha oldin ham «bo‘rilar» safiga qo‘shilishni o‘ylagan va shundan buyon bu klubda o‘ynash imkoniyati yuzaga kelishini kutgan ekan.

 Mana, gabonlik yarim himoyachi nihoyat, APL klubi bilan shartnoma tuzdi va transferi rasmiylashtirilganidan bir kun o‘tib, debyutini ham nishonladi. Aytish kerak, Laminaning ilk uchrashuvida «bo‘rilar» «Vest Xem»ni yagona gol evaziga dog‘da qoldirishdi. Xullas, Mario endi «Molinyu»da katta ishtiyoq bilan ishlamoqda.

- Mario, debyutingiz g‘alaba bilan intiho topdi...

- Bundan bag‘oyat xursandman. O‘zi g‘alabani ko‘zlagandik, boshqacha natija bizni qoniqtirmasdi. Ha, debyutim chakki chiqmadi, ammo oson bo‘lgani yo‘q. Asosiysi - natija. O‘zi ilk kunlar ancha og‘ir o‘tdi. Deylik, birinchi marta mashg‘ulotlar maydoniga kelganimda, barcha yigitlar allaqachon shug‘ullanishayotgandi va ular bilan atigi 5 daqiqacha ishladim, xolos. Eng muhimi, yangi klubdoshlarim iliq kutib olishdi. Jamoada muhit zo‘r ekanligi shundoq bilinib turibdi.

- Bosh murabbiy Xulen Lopetegi bilan bafurja gaplashdingizmi?

- Ha, bir necha kundan buyon aloqadamiz. «Vulvz»ga transferim osongina hal etildi, chunki murabbiy bilan avvalroq gaplashib, barchasini muhokama qilgandik. Oddiy aytganda, transferning amalga oshishida ikki tomon birdek harakat qildi. Murabbiy bilan suhbatlarimiz ham ijobiy ruhda o‘tdi. U men kabi futbolchiga ehtiyoji borligini yashirmadi. Lopetegi ishga jiddiy yondashadigan, talabchan murabbiy ekanligini yaxshi bilaman. Shunday ishchan mutaxassis qo‘l ostida o‘ynashim - ayni muddao. Ko‘rinib turibdi, «Vulvz»da yaxshigina tarkib bor, jamoaviy muhit ham yaxshi. Endi tezroq shu ahil guruhga qo‘shilib, jamoaning bir qismiga aylanishni xohlayman.

- «Bo‘rilar» bilan yaqin o‘tmishdagi bog‘liqligingiz...

- Bundan 4 yil oldin ham o‘zaro aloqa o‘rnatgandik. Afsuski, o‘shanda transfer amalga oshmadi va bundan rosa ranjidim. Chunki taklif tushishi bilan «bo‘rilar» safiga qo‘shilishga qaror qilgandim. Angliyada hammasi ma’qul, faqat ob-havoni inobatga olmaganda. «Vulverxemp­ton» hamisha o‘z xarakteri, individual tomondan kuchli futbolchilari bilan ajralib turgan. Bunday jamoa ko‘pchilikka yoqadi, jumladan, menga ham. Oddiy aytganda, «Vulvz» - o‘ziga xos ambisiyali klub.

- «Molinyu»da oldin ham biror marta o‘ynaganmisiz?

- Bu stadionga «Sautgempton» safida kelgandim, o‘shanda «Vulvz»ga yutqazganimiz esimda. O‘yin ancha og‘ir kechgandi, lekin mag‘lubiyatga qaramay, futbolchilar va muxlislarning munosabatlari yoqqandi. «Molinyu»da jamoani qanday qo‘llab-quvvatlashni yaxshi bilishadi. Aynan shu klubda o‘ynashni xohlaganim sabablaridan biri ham shu. O‘ylaymanki, endi «Vulvz»ning jonkuyar muxlislari oldida yayrab o‘ynayman. Ishonamanki, ular har bir g‘alabamizni munosib nishonlashadi. O‘z navbatida, biz - futbolchilar «Molinyu» tez-tez quvonchli lahzalar domida qolishi uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

- O‘zi yangi jamoa bilan nimalarga umid bog‘layapsiz?

- Barcha o‘yinlarda imkon qadar g‘alaba qozonib, tezroq APL turnir jadvalining birinchi qismiga qaytishimiz kerak. Jamoa muxlislariga quvonch ulashish - asosiy umidim shu. Hozirgi holatda yevroarenaga chiqish haqida gapirish yaramaydi, avvalo, oldimizda turgan o‘yinlarda ijobiy natijaga erishishni o‘ylash kerak.

- Muxlislarga nima de­yishni istardingiz?

- Avvalo yoqimli qabul uchun rahmat. Umid qilamanki, bunday iliqlik uchun munosib javob bera olaman. So‘z beraman - maydonga tushgach, har safar jamoa ramzi uchun bor kuchim bilan kurashaman. Nomigagina gapirmayotganimni muxlislar hali ko‘rishadi, albatta. Chunonchi, o‘z oldimga yetuk futbolchilar qatoriga kirish vazifasini qo‘yganman va bu yo‘lda borimni beraman, albatta.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 11:45, 26.01.2023.
O'qildi: 804 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.