Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Turkiyalik yosh murabbiydan go‘zal harakat (video)

Turkiyalik yosh murabbiydan go‘zal harakat (video)

Baho:
+ | -

34 yoshli o‘sha mashhur Nuri Shaxin bosh­qaruvidagi «Antaliyaspor»ning joriy mavsumdagi natijalari talab darajasidan ancha yiroq.

 Ha, «Borussiya» D. tarkibida porlagan turk yigiti bosh murabbiy sifatida ish boshlashga ulgurdi, ammo uning jamoasi mahalliy Superligada ravon yo‘lga tusholmayapti anchadan buyon. Salbiy natijalar o‘z yo‘liga, muxlis va mutaxassislar yosh bosh murabbiydan mamnunlar, baribir. Nuri Shaxin ayniqsa, o‘yin bosh hakamini jazavaga tushgan shogirdlaridan himoya qilish asnosida ko‘pchilik e’tiborini qozondi. Sports.ru saytining quyidagi maqolasi shu voqelik tafsiloti va Shaxinning murabbiylik yo‘li haqida. 

***

Hakamni faqat Nuri Shaxin himoya qildi, futbolchilar g‘azab otiga mingandilar, klub esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida referini rosa kalaka ostiga oldi. «Antaliyaspor» klubi 3 yanvar kuni Turkiya Superligasidan o‘rin olgan navbatdagi o‘yinda «Fenerbaxche»ni qabul qilib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvda Mishi Batshuayi tomonidan qayd etilgan «dubl» mehmonlarga qimmatli 3 ochkoni taqdim etdi. Uchrashuv davomida bosh hakamning bir qator bahsli qarorlari Nuri Shaxin shogirdlarini jazavaga soldi. Ular tabiiyki, referiga oshkora e’tiroz bildirishgacha borishdi. Ayniqsa, qo‘shib berilgan vaqtning 8-daqiqasida ehtiroslar junbushga keldi: «Spartak»ning sobiq yarim himoyachisi Fernando «Fenerbaxche» darvozasini ishg‘ol qildi va mezbonlar mag‘lubiyatdan qochgandek bo‘lishdi. Biroq VAR tizimi aralashuvidan so‘ng hakam golni bekor qildi - o‘yin­dan tashqari holat tashxisi qo‘yildi. Oqibatda «Antaliya­spor» futbolchilari bir zumda referini o‘rab olib, unga kuchli bosim o‘tkazishga chog‘lanishdi. Ayni shu pallada o‘rtaga Nuri Shaxin tushdi va darg‘azab shogirdlarini bosh hakam Qodir Sog‘lom yonidan uzoqlashtirdi. Mezbonlarning quyushqondan chiqishgani bejiz emas - referi uchrashuv davomida ularni 4ta sariq va 1ta qizil kartochka (to‘g‘ri, u Shaxinning yordamchisi Alfons Grunendeykka ko‘rsatildi) bilan «siyladi». Ehtimolki, Shaxin vaqtida maydonga tushib, shogirdlarini tinchlantirmaganida, qaysidir futbolchi (yoki futbolchilar) ham qizil kartochkadan bebahra qolmasmidi...?

*** 

Uchrashuvdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda bosh hakamga tanqidlar, bosh murabbiyga esa maqtovlar yog‘ildi, ammo mojaro hali nihoyasiga yetgani yo‘q. Jumladan, «Antaliya­spor» matbuot xizmati «Yovuz risar» sarlavhasi ostida maxsus bayonot bilan chiqdi. Unda Qodir Sog‘lomga «innovasion hakam» maqomi yopishtirilgan, referi va VAR tizimi mutaxassislari o‘rtasidagi munozarali muloqot ochiqlanishi talab etilgan. «Qodir Sog‘lomni avval ham bilardik. U «Qosimposho»ga qarshi kechgan 5-tur uchrashuvida «Antaliyaspor» hujumchisi Larssonga qizil kartochka bermagan, lekin qayerdandir zararimizga penalti va aut o‘ylab topgandi. Oxir-oqibat, referi shu qilmishi uchun 4 hafta muddatga futboldan chetlatildi. O‘shandayoq bizga «innovasion hakamlar» kerak emasligi haqida bong urganmiz...», - de­yiladi klub bayonotida.

***

Nuri Shaxinda murabbiylik tajribasi yo‘q emas. Har holda, Turkiyaga yo‘l olishiga qadar Germaniya chempionati Beshinchi divizionida ishlagandi. 2015 yilning may oyida «Borussiya» D. klubi o‘yinida navbatdagi jiddiy jarohatga yo‘liqqan Shaxin uzoq muddatga safdan chiqdi. Buning ortidan ishsiz qolgan iqtidorli futbolchi qadrdon klubi - «Maynersxagen» (Dortmund­dan 60 chaqirim uzoqlikda joylashgan shaharcha jamoasi)ga yordam berish ilinjida akasi Ufuk rahbarligidagi murabbiylar shtabidan joy oldi. Nuri bu vaqt­da Dortmundda muolaja olar va «Maynersxagen» mashg‘ulotlari yoki o‘yinlariga har oy 2-3 martagina tashrif buyurardi. Muhimi, u klubga telefon orqali o‘z ko‘rsatmalari bilan imkon doirasida ko‘maklashib turdi. Futbolchi keyinchalik tiklanish jarayonini yangi jamoada o‘tab, o‘z ustida jiddiy shug‘ullandi. «Borussiya»da Shaxin bilan birga o‘ynagan darvozabon Roman Vaydenfeller unda malakali murabbiyga aylanish uchun barcha xususiyatlar mujassam ekanligini ko‘p bora ta’kidlagandi: «Nuri maydonda asl strateg kabi fikrlar, jamoani tinmay olg‘a yetaklardi. Muhimi, u Yurgen Klopp, Tomas Tuxel va boshqa taniqli mutaxassislardan ko‘p narsalarni o‘rgandi. O‘ylaymanki, Shaxin yaqin orada mustaqil faoliyat yuritadigan murabbiyga aylanadi».

*** 

«Antaliyaspor» rahbariyati Shaxinga birdaniga 5 yillik shartnoma taklif etdi. Bu turk futbolida kam kuzatiladigan holat. Demakki, klub prezidenti Aziz Chatin yosh mutaxassis malakasiga to‘liq ishonadi. «Ha, Nuriga jamoani o‘zi istagan darajada shakllantirishi uchun yetarli vaqt beramiz», - degandi Chatin Haber Global muxbiriga bergan intervyusida. Xullas, Shaxin o‘tgan mavsum davomida futbolchilik rolini murabbiylik bilan almashtirdi va «Antaliyaspor»ni 15 tur ichida autsayderlar safidan yevrokuboklar hududi (7-o‘rin)ga olib chiqdi. Ha, joriy mavsum uning jamoasi ancha sust o‘ynamoqda, hattoki, mag‘lubiyatlar seriyasi ham kuzatildi. Qisqasi, Antaliya klubi bu ketishda yevrokuboklar yo‘llanmasi emas, shunchaki, Superligada qolish uchun kurashadi, chog‘i.

*** 

«Antaliyaspor» - odatiy o‘rtamiyona, lekin izzattalab jamoa. Klub 2015 yili Superligaga qaytgach, Samuel Eto~O bilan shartnoma tuzish uchun kamerunlik afsonaviy hujumchini Italiyadan olib kelishga xususiy samolyot yuborgandi. Keyinchalik Eto~O ikki mavsum jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Umuman, «Antaliyaspor» vaqtida Lukas Podolski, Samir Nas­ri va Milan Barosh kabi taniqli futbolchilarni ham o‘z tarkibiga jalb etgan, Andrea Pirlo va Ronaldinyo bilan muzokara olib borgandi. To‘g‘ri, jamoa so‘nggi paytlar tejamkorlikka ko‘proq e’tibor qaratib, qimmatbaho xaridlarni amalga oshirmayapti hisob. Asosiysi, mutasaddilar yosh va o‘tkir zehnli Nuri Shaxin salohiyatiga to‘la ishonmoqdalar.

Qiziqarli fakt shuki, «Antaliyaspor» tarkibida bosh murabbiydan katta futbolchi ham bor - rossiyalik Fyodor Kudryashov 35 yoshda. Ya’ni u Nuri Shaxindan 1 yosh katta. Fyodor yaqin-yaqingacha boshlang‘ich tarkibning doimiy a’zosi edi, biroq oxirgi uchrashuvlarda ba’zan zaxirada qolib ketmoqda.

Sodiq SOBIR tayyorladi