Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Ustozdan o‘zgan shogird

Ustozdan o‘zgan shogird

Baho:
+ | -

«Qilayotgan ishlaring aql bovar qilmas darajada ajoyib», - degandi «Reyms» - «Renn» (3:1) uchrashuvining bosh hakami Ahmad Bin al Haj o‘yindan keyin u bilan qo‘l olish uchun kelgan «Reyms» murabbiyi Vill Stillga.

 «Renn»ga qarshi bellashuv Stillning mag‘lubiyatsiz seriyasidagi 7-o‘yin bo‘ldi. O‘tgan yilning oktyabrida 9-turdan keyin 17 ochko bilan 17-o‘ringa tushib qolgan «Reyms» Oskar Garsiyani lavozimidan chetlatib, uning o‘rniga 30 yoshli yordamchisi Stillni bosh murabbiy etib tayinlagandi. Shu tariqa Vill top-chempionatlardagi eng yosh murabbiyga aylandi.

Muvaffaqiyatli seriya «Renn» bilan nihoyasiga yetmadi. «Reyms» Liga1da navbatdagi g‘alabaga erishdi, keyin 2ta durangga imzo chekdi, Fransiya Kubogida havaskorlar jamoasini mahv etdi, mag‘lubiyatsiz o‘yinlar soni 13taga yetdi. Natijada 11-o‘ringa ko‘tarilib, autsayderdan 11 ochkoga uzoqlashib oldi.

Ha, Football Manager ishqiboziga rostakam klubni bersangiz, shunaqa bo‘ladi. O‘z intervyularidan birida murabbiy shunday degandi:

«Ba’zan oqshomda kompyuter qarshisida o‘tirsam, soat 22:00ga yaqinlashib qolgan bo‘lar, o‘zimcha «ha, mayli, bu oxirgi o‘yin, keyin uyquga yotaman», derdim. Bir ozdan keyin qarasam, soat 4:00, «yana bitta o‘yinga ulguraman». Uyda akam bilan umumiy kompyuterda o‘ynardik. Jamoani tanlash, tarkibni shakllantirish, mashg‘ulotlarni tashkil etish - hammasi juda qiziqarli. «Sent-Truyden»da ishlagan paytimda, kompyuterdan chinakam klub uchun o‘yinchilar topishga urinib ko‘rganman. «Reyms»da virtual o‘yinlarga vaqt yetishmayapti. Yaqingacha Football Manager hayotda murabbiyga ta’sir ko‘rsata oladi, deb o‘ylamasdim. Biroq hozir ishonch bilan ayta olaman: o‘yin chindan ham o‘ta hayotiy!»

Still kompyuterda ko‘pincha «Vest Xem»ni tanlaganini tan oldi. Bu - oilaviy an’ana. Uning otasi ham «bolg‘achilar» muxlisi. Vill murabbiylikda aniq rejalari yo‘qligini, haqiqiy «Vest Xem»ni boshqarish orzu ekanligini aytdi.

Vill Still - Belgiyaning eng yosh murabbiylaridan biri.

Still - Belgiyada ulg‘aygan ingliz yigiti. Ota-onasi u tug‘ilishidan avval Angliyadan ko‘chib o‘tishgandi. Vill katta futbolga tayanch yarim himoyachisi maqomida kirib kelishga urinib ko‘rdi:

«Maydonda men dunyodagi eng qo‘pol o‘yinchi edim. Doimo raqiblarimning oyoqlarini bosib olardim, qo‘llarim bilan zarbalar berardim. Shu sababli oyim o‘yinlarni tomosha qilish uchun stadionga kelishga uyalardi».

Murabbiylik xususida Still Prestondagi kollejda o‘qib yurgan davrida o‘ylay boshladi. U yerda «Preston» akademiyasida tahsil oldi. Tabiiyki, Vill asosiy jamoadan juda olisda edi. Shu bois, bolalarga ustozlik qildi, mashg‘ulotlar jarayonida murabbiylikka ishtiyoqi ortdi va tezroq Belgiyaga qaytish istagi tug‘ildi.

«Salom, men yosh yigitchaman. «Preston»da olgan ozgina ish tajribasi va kollej diplomiga egaman. Sizga qandaydir yordamim tegishi mumkinmi?» mazmunidagi murojaatni Still Belgiyadagi barcha professional klublarga jo‘natdi.

Murojaatga «Sent-Truyden» javob qaytardi. Aynan shu klubning yoshlar jamoasida Vill onasini xijolat chekishga majbur etgan qo‘polliklarni amalga oshirgandi. Still bilan akademiyada birga ishlagan Yannik Ferrera uni jamoaning navbatdagi uchrashuviga taklif etdi va o‘yinni yozib olish, takroran tomosha qilish va hisobot yozishni topshirdi.

Videolavhani necha marta tomosha qilganini Vill hozir eslay olmaydi, lekin har bir ikir-chikirni diqqat bilan ko‘rib chiqqani aniq. Hisobotning mazmuni va hajmi Ferrerani lol qoldirdi. Still esa «Sent-Truyden»ning videotahlilchisiga aylandi.

Shundan keyin murabbiy Villni asta-sekin mashg‘ulot sessiyalariga jalb etib, turli topshiriqlarni bera boshladi.

Ferrera «Standard»dan taklif olgach, Stillni o‘zi bilan olib ketdi. Ferreraning iste’foga chiqishi bilan hamkorlik intiho topdi, Vill «Lyers»dan o‘ziga ish topdi: unga videotahlil va skautlar bo‘limlarini topshirishdi. Tez orada yordamchi murabbiy maqomiga erishib, 2017 yil oktyabrida bosh murabbiylikni qabul qildi. Shu tariqa qahramonimiz Belgiya 2-ligasi tarixidagi eng yosh murabbiy maqomiga ega bo‘ldi. 56 kunda 7ta g‘alaba va 2ta durangga erishib, yana yordamchi murabbiy lavozimiga qaytdi. Chunki unda UYEFAning «A» toifasidagi lisenziyasi yo‘q edi. Shu bois, jamoani 60 kundan ortiq boshqarishi mumkin emasdi.

2017|2018 yillar mavsumi yakunida «Lyers» bankrotga uchradi, Still «Bersxot»ga o‘tdi. Yangi jamoada u 2,5 yil assistent vazifasida ishladi va ilk marta elitaga ko‘tarildi. 2020|2021 yillar mavsumining yarmida bosh murabbiy Ernan Losada MLSga yo‘l oldi, oliy ligada 6-o‘rinda borayotgan jamoa 28 yoshli Stillni uning o‘rniga taklif etdi. O‘sha pallada Belgiya chempionatida Villdan kichikroq bo‘lgan 2 nafar murabbiy bor edi.

Mavsumni 9-o‘rinda yakunlagan «Bersxot» Stillga assistent roliga qaytishni taklif etdi. Vill buni ortga qaytish deb hisobladi, «Bersxot» esa oxirgi o‘rinni band etib, elita bilan xayrlashdi.

Stillni «Reyms» o‘ziga chorladi, bosh direktor Matyo Lakurning qo‘ng‘irog‘idan keyin Vill o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoldi. Chunki Lakur uni anchadan beri kuzatib yurganini, «Bersxot»ning o‘yinlarida uning maydon chetidagi harakatlari yoqib qolganini ayt­gandi.

Tabiiyki, Still taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi. Klubdagi 3 oylik faoliyatdan keyin «A» lisenziyasini olish uchun Belgiyaga otlandi, 2021|2022 yillar mavsumi yakunigacha «Standard»da yordamchi murabbiy bo‘lib ishladi va «Reyms»ga qaytdi. O‘tgan yilning oktyabrida «Reyms» Oskar Garsiya bilan hamkorlikni to‘xtatib, Villga hech bo‘lmaganda JCH boshlangunga qadar bo‘sh qolgan bosh murabbiy o‘rnini to‘ldirishni taklif etdi. Still rozi bo‘ldi.

Qizig‘i shundaki, Vill hanuzgacha Pro lisenziyasisiz ishlamoqda, uni shu yilning yozida oladi. Shu sababli Liga1dagi har bir uchrashuv uchun «Reyms» 25 000 yevrodan jarima to‘laydi. Belgiyada lisenziya uchun tahsil olish bilan birgalikda murabbiylik faoliyatini davom ettirish mumkin, Fransiyada esa jarima olinadi.

Vill Still «Reyms» taktik inqilobni amalga oshirmasa kerak. Uning pirovard mo‘ljali - ser Aleks. Villning fikricha, asosiy kuch biron-bir jabhada ziddiyatga duch kelmaydigan yaxlit va hamjihat jamoada bo‘ladi. Shu bois, mashg‘ulotlarni ham o‘ziga xos musobaqa tarzida o‘tkazadi, mashqlar uchun ochkolar beradi. Mag‘lub bo‘lganlar nimanidir qurbon qilishga majburlar. Masalan, oyning oxirida jamoani o‘z hisoblaridan kechki taomga taklif etishlari mumkin.   

«Reyms» himoyachisi Toma Foke ustozining fikrini tasdiqladi: «Deyarli har bir pozisiyada kuchli raqobat mavjud, ammo hech qanday norozilik va xafagarchilik yo‘q. Zaxiradagi o‘yinchilar doimo shay holda turadilar».

Murabbiy Vill Stillning eng muhim jihati - turli tillarni bilishi. «Reyms» prezidenti Jan-Pyer Kyuyo o‘z intervyularida uning ism-sharifini aytib o‘tirmasdan, qisqagina poliglot deb qo‘ya qoladi. Xuddi taxallus kabi.

Vill ingliz tilini ota-onasidan o‘rgandi. Belgiyaning Vallon Brabant provinsiyasida asosan fransuz tilida gaplashishgani bois, bu tilni ham, qo‘shni hududdagi niderland tilini ham o‘zlashtirdi. Shu tufayli murabbiy barcha shogirdlari bilan bemalol muloqot qiladi.

Stillning bu xislati «Reyms» uchun juda qo‘l kelmoqda. «Arsenal»dan ijaraga olingan ingliz Folarin Balogun bilan ona tilida so‘zlashish bilan kifoyalanmay, uni ham fransuz tilini o‘rganayotgan futbolchilar guruhiga jalb etdi. Ajoyib atmosfera. Biroq hamjihat «Reyms»ning ajabtovur jihati ham yo‘q emas. «Raqib o‘yinchilariga erkinlik bermang, bosim o‘tkazing, fitna uyushtiring, tezkor kombinasiyalar uyushtirishiga imkon bermang, Mbappega bo‘shliq bermang, qoidani buzganingizda, o‘yin sur’atini tushirish uchun hakam yoniga choping» - bosh murabbiyning debyuti bo‘lmish «PSJ»ga qarshi bahs arafasida Vill o‘z shogirdlariga shunday ko‘rsatmalar berdi.

Albatta, vijdonli kishi bunaqa usul bilan faxrlanmaydi. Lekin gap Liga1ni tark etish xavfi ostidagi jamoa haqida bormoqda. Yakdillik faqat bunyodkorlikka emas, kezi kelganda, buzg‘unchilikda ham asqotadi. Gegemonga qarshi bahsni «Reyms» 0:0 hisobida yakunladi, Serxio Ramos hakam bilan bahslashgani uchun 41-daqiqada maydondan chetlatildi. Aytgancha, kuni-kecha jamoa Fransiya gegemoni bilan yana bir bora, lekin endi Parijda uchrashdi va bu gal ham durang qayd etildi - 1:1!

Bugungi «Reyms» tarkibida 2 nafar futbolchi boshqalardan yaqqol ajralib turadi. Bosh qahramon - mavsumda jamoasi gollarining 50 foizini (11ta) o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan 21 yoshli hujumchi Folarin Balogun. Liga1da undan yuqoriroq natijaga erishgan mergan yo‘q.

Ikkinchi yorqin yulduz - yaponiyalik o‘ng qanot vingeri Zyunya Ito, jamoaning eng qimmat (10 mln. yevro) o‘yinchisi. Lekin ko‘rsatayotgan o‘yinlari rekord harajat zoye ketmaganligini isbotlamoqda. Ito hisobida 4ta gol bor (2-to‘purar). Bu yigitlar Garsiya davrida ham «Reyms»da edilar, Still shunchaki, yashirin salohiyatni yuzaga chiqardi. Qalovini topsangiz, qor ham yonadiku, axir.

Qisqasi, «Reyms» 2-davrani xotirjam o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Oldindan bir narsa deyish qiyin, albatta. Lekin Vill Stilldek izlanuvchan murabbiy bor joyda, muvaffaqiyat ham bo‘ladi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 07:34, 07.02.2023.
O'qildi: 1740 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.