Angliyaning Professional futbolchilar assosiasiyasi tomonidan har yili ramziy terma jamoa ishlab chiqiladi. 2022-23 yilgi mavsumning yarmiga yetib keldik. Ammo o‘tgan mavsumning, hatto bir futbolchisi ham ramziy terma jamoadagi o‘rnini saqlab qola olgani yo‘q. Quyida o‘sha futbolchilar va ularning inqirozi haqida so‘z boradi.
Darvozabon: Alisson Beker
Ko‘pchilik Bekerni APLda eng yaxshi darvozabon sifatida e’tirof etadi. Ammo uning hozirgi sport formasi ayrim savollarni tug‘dirmoqda. Xususan, braziliyalik mavsum davomida ayrim qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan. Ular ichida Angliya kubogi doirasida "Vulverxempton"dan qabul qilib olingan golni yaqqol misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Alisson Beker 20 ta bahsda 5 tagina quruq o‘yin o‘tkazgan. Bu esa APLdagi ikkinchi yomon natija sanaladi. Xullas, "Liverpul" va uning futbolchilari tomonda qora bulutlar kezmoqda.
Himoyachi: Trent Aleksander-Arnold
Angliya terma jamoasi a’zosi bir necha yil davomida qanot himoyachisi qanday bo‘lish kerak degan savolga javob bera oladigan o‘yin ko‘rsatib kelayotgan edi. Ammo joriy mavsum haqida bunday deb bo‘lmaydi. Xususan, Trent hozirga qadar 1 ta gol va 1 ta assist qayd etdi. O‘tgan mavsumlar bilan taqqoslaganda bu juda yomon sanaladi. Chuni 24 yoshli futbolchi har yili mavsumning shu qismiga qadar kamida 9 ta golda ishtirok etgan bo‘lardi.
Himoyachi: Antonio Ryudiger
Ryudiger baribir bu ro‘yxatdan joy olmas edi. Chunki u hozir Angliyada harakat qilmayapti. Germaniyalik himoyachi ayni damda "Real" sharafini himoya qilmoqda.
Himoya: Virjil van Dayk
Van Dayk so‘nggi besh mavsumning APLdagi eng yaxshi markaziy himoyachisi edi. Ammo uning o‘yinlari birdaniga yomonlashdi. Niderlandiyalik futbolchi mavsumning ilk o‘yinida "Fulxem"ga qarshi maydonga tushgandi. O‘shandan beri uning ahvoli yaxshi emas.
Himoyachi: Joao Kanselu
Bir gol va yettita assist bilan Kanselu yaxshi start olgandi. Voqealar rivoji esa butunlay boshqa tomonga burilib ketdi. Portugaliya terma jamoasi a’zosi Jahon chempionatidan keyin o‘zining o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. Shu sabab "Bavariya"ga ijaraga berib yuborildi.
Yarim himoyachi: Bernardu Silva
Bernardu mavsumni ajoyib tarzda boshlagandi. Futbolchi dastlabki 8 ta o‘yinda 2 ta gol va 4 ta assistga mualliflik qildi. Afsuski, boshqa "shaharliklar" kabi u ham ancha qiynalib qoldi. So‘nggi 4 oy davomida Bernardu faqat 1 ta golda ishtirok etgan xolos.
Yarim himoyachi: Tiago Alkantara
Alkantara mavsumning katta qismini jarohati sababli o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Garchand sog‘lom bo‘lsada, ispaniyalik futbolchi oldingi holiga qayta olmayapti. Umuman, olganda "Liverpul"ning darajasi pasayib ketdi. Ammo buning yirik sabablaridan biri Tiagoning sport formasi edi.
Yarim himoyachi: Kevin De Bryuyne
Garchand asosiy tarkibdan tushib qolayotgan bo‘lsada, Kevin bu yilgi ro‘yxatdan joy olishi mumkin bo‘lgan futbolchi edi. Belgiyalik 20 ta o‘yinda 15 ta gollarda ishtirok etishga ulgurdi. Xoland bilan sheriklikda u har narsaga qodir. Ammo baribir oldingi De Bryuyne yo‘qolib qolgandek...
Hujumchi: Sadio Mane
Mane ortiq APLda harakat qilmaydi. U o‘tgan yozda "Bavariya"ga sotib yuborilgandi. "Liverpul" so‘nggi yillardagi eng yomon mavsumini o‘tkazmoqda. Mane esa jamoaga kerak edi. Uning yo‘qligi ham ko‘p narsani o‘zgartirdi.
Hujumchi: Krishtianu Ronaldu
Mavsum boshida Ronaldu borasida hech kim taxmin qila olmasdi. O‘tgan yozda "MYU"dan ketishga uringan futbolchi, Pirs Morgan bilan inervyu uyushtirdi. Bu esa uni jamoadan haydalishiga olib keldi. Uning "An-Nasr"ga o‘tishi esa kutilmaganda ro‘y berdi.
Hujumchi: Muhammad Saloh
Saloh mavsum davomida barcha musobaqalarda 17 ta gol va 7 ta assistga mualliflik qilgan. Ammo misrlik hujumchi o‘z standartlaridan ancha pastda yuribdi. Buni futbolchining o‘zi ham sezib turibdi. APLda bu yaqqon ko‘zga tashlanadi. Saloh bu turnirda jami 7 ta gol urishga erishgan xolos.
ISMATOV J.