Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Yuve», o‘ksinma, sen yolg‘iz emassan!

«Yuve», o‘ksinma, sen yolg‘iz emassan!

Baho:
+ | -

KALCHOPOLI, TANAZZUL, O‘YINGA BORMASLIK...

Yevropaning kuchli ligalarida klublarni qanday holatlarda ochkolardan mahrum etishgan? Yaqinda «A» seriya turnir jadvalida 15 ochkodan ayrilgan «Yuventus» bunday jazoga tortilgan yagona klub emas. Yevrofutbol tarixida ochko kesish holatlari yetarli. Biz esa faqat APL tashkil etilgan 1992 yildan keyin kuzatilgan eng mashhur voqealarni birrov esga solamiz.

«Nissa» va «Lion» (mavsum-2021|2022) - muxlislar to‘qnashuvi oqibati

Nima bo‘ldi? O‘tgan mavsum Fransiya futbolini muxlislar tartibsizliklari qopladi, go‘yo. Ish hattoki, «Nissa» va «Lion» hisobidan ochko (1tadan) olib tashlashgacha bordi. Eng qizig‘i, har ikki jamoa muxlislari «Marsel»ga qarshi o‘yinda «hunar» ko‘rsatishdi. Marselliklar esa muxlislar kirdikorlari uchun munosib jazo berilmaganidan nolishdi: «Futbolchilar xavfsizligi va salomatligiga xavf tug‘dirgan holatlar - maydonga bostirib kirish uchun jiddiyroq jazo berilishi shart».

Nima bilan tugadi? 1 ochko yo‘qotgan «Nissa» yakunda Yevropa Ligasi guruh bosqichi o‘rniga Konferensiyalar ligasi saralashiga yo‘l oldi. Alamli, juda alamli...

Darvoqe. Hozirda avvalgi mavsum yakunida Liga 1dan tushib ketgan «Sent-Etyen»ning ishlari juda yomon. Omadsizlik muxlislarni shu qadar g‘azablantirdiki, ular stadionda tartibsizlikka yo‘l qo‘yishdi. Buning oqibatida jamoa Liga 2 mavsumini -6 ochko (yarmi shartli jazo) bilan boshladi. Endi Fransiyaning eng nomdor klublaridan biri Uchinchi divizionga tushib qolish xavfi ostida turibdi: 21-turdan keyin turnir jadvalining 18-qatorida bormoqda.

 

«Portsmut» (mavsum-2009|2010) - dramatik sho‘ng‘ish

Nima bo‘ldi? Angliya futbolida jamoalar tez-tez sezilarli miqdorda ochkolardan mahrum etiladi. Bunday jazo ko‘pincha moliyaviy muammolar yoki klubning tashqi boshqaruvga o‘tishiga bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun, o‘tgan mavsumning o‘zida «Derbi»dan 12 ochko olib tashlandi va Ueyn Runi boshqargan jamoa quyi ligaga tushib ketdi, «Reding» esa 6 ochkodan mahrum qilindi (klub yakunda zo‘rg‘a 21-o‘rinni band etib, o‘z ligasida qoldi). Oxirgi 15 yilda kuzatilgan eng mashhur holatlarni eslasak, «Lids»dan 15 ochko olib qo‘yil­gan, shuningdek, «Uigan» va «Bolton» 12tadan, «Kristal Pelas», «Bornmut» va «Sautgempton» 10tadan hamda «Birmingem» 9 ochkodan mahrum bo‘ldi. Lekin bularning barchasi Chempionship yoki quyi ligalarda kuzatildi. APLda esa ochko kesish holati oxirgi marta 2010 yili sodir bo‘ldi. O‘shanda «Portsmut» liga tarixida mavsum davomida inqirozga uchragan birinchi klub bo‘ldi.

Nima bilan tugadi? «Portsmut»dan 9 ochko olib tashlandi. Vaholanki, jamoa bu jazosiz ham turnir jadvalida oxirgi o‘rinni band etardi. E’tiborli jihati, «Portsmut» o‘sha mavsum «Chelsi» bilan birga Angliya kubogi finaliga chiqdi, ammo yevrokuboklarga chiqish o‘rniga pastga quladi.

Darvoqe. 2011|2012 yillar mavsumida «Portsmut» Chempionshipda ham 9 ochkodan ayrildi. 2013 yili esa jamoa Uchinchi divizionda 10 ochko yo‘qotib, pastki ligaga tushib ketdi. Endilikda Angliyaning ikki karra chempionida vaziyat biroz yaxshilanmoqda. Har holda, «Portsmut» Uchinchi ligaga qaytdi va turnir jadvalining o‘rtalarida bormoqda.

 

«Yuventus» (2006 yil) - kalchopoli, «V» seriyaga badarg‘a...

Nima bo‘ldi? «A» va «V» seriya klublarini o‘z domiga tortgan mashhur korrupsion mojaro. Telefondagi muloqotlarni tinglash hisobiga klublar rahbarlari va hakamlar o‘rtasida yuzaga kelgan yaqin aloqa fosh etildi. Yakunda jamoalar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganlikda ayblandi.

Nima bilan tugadi? Eng katta jabr «Yuventus chekiga tushdi - klub 2005 va 2006 yillardagi chempionlik unvonlaridan mahrum etildi, mavsum-2005|2006dagi barcha ochkolari olib tashlandi va «V» seriyaga badarg‘a qilindi. Shuningdek, quyi ligada ham mavsumni -9 ochko bilan boshladi, ammo bu «keksa sinyora»ning Buffon, Del Pyero, Nedved va Trezege kabi yulduzlar bilan darhol «A» seriyaga qaytishiga xalaqit bermadi. 

Darvoqe. Qolgan aybdorlarga ham og‘ir jazolar belgilandi. To‘g‘ri, apellyasiyalardan keyin jazo choralari nisbatan yumshatildi: 

1. Mavsum-2005|2006da «Milan», «Fiorentina» va «Lasio»ning har biri 30 ochkodan ayrildi. Oqibatda bu jamoalarning o‘rni o‘zgardi: «Milan» 2-o‘rindan 3-o‘ringa, «Fiorentina» 4-o‘rindan 9-o‘ringa va «Lasio» 6-o‘rindan 16-o‘ringa tushdi.

2. Mavsum-2006|2007da «Lasio»dan 3, «Milan»dan 8, «Redjina»dan 11 va «Fiorentina»dan 15 ochko olib tashlandi. Agar ochko olib qo‘yilmaganida, «Fio» yakunda 3-o‘rinni egallardi.

 

«Midlsbro» (mavsum-1996|1997) - jarohatlar va gripp bo‘yicha tartibsizliklar tufayli -3 ochko

Nima bo‘ldi? Nisbatan yengil jazo og‘ir oqibatlarga olib kelgan holat. Jamoa «Blekbern»ga qarshi o‘yin arafasida jarohatlar va gripp tufayli 23 nafar futbolchisini yo‘qotdi. Natijada mashg‘ulotlarda atigi 17 nafar futbolchi qatnashdi (jumladan, 3 nafar darvozabon va 5 nafar o‘rinbosar). «Hech qachon bunaqasiga duch kelmaganman, - deya voqelikni bayon etgan Viv Anderson o‘zining biografik asarida. - Virus bizni bouling keglilari kabi yiqitdi. Xususan, klubning ko‘plab xodimlari yotib qolishdi, xuddi men va Robson kabi». Klub shifokori qolgan futbolchilar ham o‘yin kuniga qadar sog‘lom turishlariga shubha bilan qaragach, «Midl-sbro» direktori Keyt Lyamb uchrashuv vaqtini o‘zgartirish masalasida APLga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘sha vaqt liga rahbarlari Rik Perri va Mayk Foster ofisda bo‘lishmagan, telefonga javob bergan xodim esa o‘yinni qoldirish uchun tibbiy xulosa zarurligini ma’lum qilgan. Lyamb shundan so‘ng matbuotga o‘yin surilgani haqida xabar bergan, lekin tez orada klubi 3 ochkodan mahrum etilganini eshitadi. 

Nima bilan tugadi? Aynan shu -3 ochko «Midlsbro» uchun nihoyat qimmatga tushdi va klub APL bilan xayrlashdi. «Mashg‘ulotda 8ga 8 shaklida o‘ynagandik, - degandi keyinchalik Kleyton Blekmor. - Bunda barcha yetakchilar qatnashishgandi - Ravanelli, Emerson, Ju-ninyo... To‘g‘risi, o‘yin uchun tarkib tuzish muammo emasdi».

Darvoqe. Brayan Robson o‘z xotiralarida barchasini boshqacha bayon etgan: «Bizda himoya­chi qolmagandi, hisob. «Blekbern» o‘yinni qoldirishga ko‘nmadi, ammo maydonga ixtiyorimda qolgan yigitlarni tushirish muxlislarga nisbatan hurmatsizlik bo‘lardi. Bizni jazolashlari mumkinligini o‘ylagandim, lekin agar 3 ochkodan mahrum etishlarini bilganimda, o‘smirlarni jangga tashlardim...».

 A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 09:15, 10.02.2023.
O'qildi: 3131 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.