Yozgi transferlar oynasi ayrim klublar uchun juda ham muhim kechadi. Shunday jamoalardan biri "Manchester Yunayted"dir. Jamoa yarim himoya va hujumga yangi o‘yinchilar sotib olish orqali, keyingi mavsumda YECHLda g‘alaba qozonish imkoniyatini oshirishi mumkin.
Erik ten Xag yaqindagina "MYU" bilan o‘zining Angliyadagi ilk sovrinini qo‘lga kiritgan edi. Bu mutaxassis uchun yozgi transferlar oynasi, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.
Angliya liga kubogidagi g‘alaba, "MYU" uchun kelajakdagi ilhom manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Bu jamoa hali ham Angliya kubogi va Yevropa ligasida titullar uchun kurashni davom ettirmoqda. Ammo keyingi mavsumdan "qizil iblislar"ning asosiy maqsadi Chempionlar ligasi bosh sovrini bo‘ladi. Ushbu nishonga erishish uchun yozda yangi transferlar qilish lozim. Ayniqsa, hujum chizig‘i uchun. Yanvarda ijaraga olingan Vaut Vegxorst jamoa uchun vaqtinchalik yechim sifatida rol o‘ynaydi. "MYU"ning asl maqsadi esa Xarri Keyin yoki Viktor Osimxendir. Ammo ushbu nomlar katta narxga ega. Xususan Osimxen uchun "Napoli" 107 million funt talab qilmoqda. Aniqrog‘i, nigeriyalikka shuncha tovon puli belgilangan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, har ikki hujumchi gollar urishni kafolatlay oladi. Masalan, Keyn hisobida bu mavsum davomida 20 ta gol mavjud. Osimxen esa 21 ta golga egalik qilmoqda.
"Manchester Yunayted"ning kuchaytirishni ko‘zlayotgan yana bir nuqtasi bu yarim himoyadir. Bu uchun "Vest Xem" futbolchisi Deklan Rays varianti mavjud. Ammo "bolg‘achilar" sardori ham arzov-garov futbolchi emas. "Vest Xem" Raysni 100 milliondan kamiga sotmasligini bildirgan. Qolaversa, 24 yoshli yarim himoyachi xizmatlariga "Arsenal" ham da’vo qilmoqda. Shunga qaramay, "MYU"da boshqa variantlar ham bor. Masalan, Jud Bellingem va Frenki De Yong. Har ikki vakil o‘z jamoalarida muhim o‘rin tutadi. Agarda "MYU" joriy mavsumni muvaffaqiyatli yakunlay olsa, ularni sotib olish jarayoni osonroq kechadi.
O‘ng qanot himoyasi, Erik ten Xag kuchaytirishni istayotgan yana bir nuqtadir. Bunga Diyegu Dalot va Uan-Bissakaning o‘yinlari qoniqarli emasligi sabab bo‘lmoqda. Shu sabab "MYU" yozda niderlandiyalik juftlik Denzel Dyumfris va Jeremi Frimpongni sotib olishga urinib ko‘radi.
ISMATOV J.