Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/11 18:00 Paxtakor 0-2 OKMK
22/11 16:00 Neftchi - Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum - Navbahor
23/11 01:00 Xetafe - Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik - Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol

Pikening biznes-imperiyasi

Pikening biznes-imperiyasi

Baho:
+ | -

Professional sportchilarning aksariyati o‘tayotgan kun bilan qanoatlangan holda hayot kechirishadi, ertani o‘ylashmaydi.

 Faoliyatlari yakuniga yetgach, nima qilishni bilmay, 2-3 yildan keyin ishlab topgan pullarini sovurib o‘ladilar. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, MFL sobiq o‘yinchilarining 78 foizi, MBAning 60, APLning 55 foiz sobiq a’zolari moliyaviy muammolarga duch keladilar.

Faqat sobiq sportchilarning sanoqli vakillarigina keyingi hayot xususida qayg‘urib, peshona teri evaziga jam­g‘argan millionlaridan aql bilan foydalanish yo‘llarini qidiradilar. Yaqinda «Barselona»dagi faoliyatiga nuqta qo‘ygan Jerar Pike ana shu kam sonli sportchilarning biri - yashil maydonda suyukli jamoasi darvozasini ishonchli himoya qilish bilan birgalikda, farovon kelajak poydevorini tiklashni ham unutmadi. E’tiborlisi, kataloniyalik himoyachi o‘zining biznes-imperiyasini professional futboldagi debyuti bilan bir vaqtda boshlagandi. Hozir uning moliyaviy qudrati yil sayin yuksalib bormoqda. Salqin ichimliklar, go‘sht, eksklyuziv ko‘zoynaklar savdosini yo‘lga qo‘ygani, tennis sportiga kiritgan sarmoyalari, futbol klublarini xarid qilgani va hujjatli film yaratgani buni isbotlaydi.

Pike Garvard biznes-maktabida tahsil olgan

Jerardagi tijoratchilik qobiliyati otasidan o‘tgan. Joan Pike - taniqli huquqshunos, Ispaniyadagi advokatlar agentliklarining asoschisi. U o‘g‘li ota kasbini egallashini istagandi. Biroq Jerar sportni tanladi. Lekin bu uning tijoratda ham futboldagidek boshini yaxshi ishlatishidan dalolat. 2006 yilda Jerar otasi bilan hamkorlikda bo‘sh yerlarni sotib olib, ko‘chmas mulk inshootlarini bunyod etishgan ixtisoslashgan kompaniyani ochgandi. Hozir uning kapital jamg‘armasi 50 mln. yevroga yetdi. 2019 yilda Jerar korxona bosh­qaruvini onasi Montserrat va akasi Markka topshirdi. 2009 yilda himoyachi yana bir muhim ishga qo‘l urib, bir necha yildan so‘ng faoliyat ko‘lamini kengaytirdi. Shu tariqa sof go‘shtdan kotlet va gamburgerlar ishlab chiqaradigan korxona aksiyalarining 27 foizini, salqin ichimliklarga ixtisoslashgan kompaniyaning 40, ko‘chmas mulk savdosining 50, ko‘zoynaklar ishlab chiqaruvchi oilaviy brendning 62 foiz aksiyalarini o‘z tasarrufiga oldi.

Futbolchining biznesdagi muvaffaqiyati faqat omad tanish-bilishlarining ko‘pligi tufayli emas, Jerarning bilimga chanqoqligi va izlanuvchanligi mahsuli. 2012 yilda u iqtisodiyot maktabiga o‘qishga kirib, har haftada 6 soatdan moliyaviy bozor, sarmoyalar va marketingni o‘rgandi. 5 yil avval u ta’til davrida AQSHga borib, Garvard biznes-maktabining intensiv kursida tahsil oldi. Bundan tash­qari, taniqli biznesmenlar anjumanlarida muntazam qatnashishga intiladi. Shunday yig‘inlarning birida «Barselona» yangi homiy bilan 250 mln. yevroli shartnomani imzoladi.

Devis Kubogi loyihasida omadsizlikka uchradi

Kichik Pike sport va media biznesini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanganida, boshqa yumushlar otasi zimmasida bo‘ladi. 2017 yilda tashkil etilgan «Kosmos Xolding» kompaniyasi aynan sport yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Pike nufuzli turnirlardan biri bo‘lgan, lekin so‘nggi yillarda ommaviyligini boy berib qo‘ygan tennis bo‘yicha Devis Kubogi musobaqasini qaytadan tiklashga qaror qildi. 2018 yil avgustida «Kosmos» Xalqaro tennis federasiyasi (XTF) bilan homiylik shartnomasini imzoladi. Unga bionan, Jerar kompaniyasi 25 yillik hamkorlik uchun 3 mlrd. dollar sarmoya kiritishi kerak edi. Tennisni xush ko‘radigan Pike muvaffaqiyat bobida Qatar mundialidan qolishmaydigan musobaqani tashkil etish niyatida edi. Undan avvalgi bir qator urinishlar omadsizlikka uchragani ham uni to‘xtata olmadi. hatto otasi ham bu loyihaga qarshi edi. Biroq Jerar qaroridan voz kechmadi va yakunda omadsizlikka uchradi. Buning asosiy sabablaridan biri koronavirus pandemiyasi edi. Shu sabab turnirning final bos­qichi 2020 o‘tkazilmadi, «Kosmos» XTFga rejadagi 40 mln. o‘rniga 10 mln. yevro sarmoya kiritdi.  XTF rahbarlari pandemiyadan keyin xolding sarmoyalarni rejaga muvofiq ajratilishiga umid qilishgandi. Biroq Pike va’dani bajara olmadi. Natijada XTF kelishuvni bekor qildi. Garchi «Kosmos» 60 mln. yevrodan ko‘proq zarar ko‘rgan bo‘lsada, Pike bu urinishda ham ijobiy jihatlarni topa oldi - Devis Kubogi yordamida tennis bozoriga tanildi va bir qator muhim kelishuvlarni rasmiylashtirdi.

5-divizion klubini 2-divizionga olib chiqdi

Qachondir Jerar Pike «Barselona» prezidenti bo‘lishiga shubha qilguvchilar yo‘q hisobida. Ammo kataloniyalik biznesmen hozircha kamtarin jamoalarda menejerlik mahoratiga sayqal bermoqda. 2018 yilda u Ispaniya 5-divizionidagi «Andorra» klubini xarid qilgandi. Loyihaga ko‘pchilik e’tiborini jalb etish maqsadida Pike sarmoyada Leo Messi va Sesk Fabregaslarning ramziy ulushlari borligini bayon etgandi. Keyin «Andorra»ning yangi sohibi jamoani 3500 o‘rinli eng shinam «Estadi Nasyonal»ga ko‘chirdi, murabbiylikka «Barsa»ning sobiq o‘yinchilari Gabri va Albert Xorkerni taklif etdi. Morabanc va Nike kabi sarmoyadorlar ko‘magida jamoa 2 mavsumdan keyin Segunda «V»ga chiqib oldi. Joriy mavsumda «Andorra» 10-o‘rinda bormoqda - pley-off bosqichi hududidan 8 ochko ajratib turibdi.

Qimmatbaho transferlarga imkoniyati bo‘lmagan «Andorra» asosiy e’tiborini yosh iqtidorlarga qaratadi. Shu maqsadda «Kosmos» 2019 yilda Kataloniyadagi «Ximnastik Manresa» akademiyasini 400 ming yevroga sotib oldi. Akademiya noyob iqtidorlari bilan tanilgan. Masalan, Xosep Gvardiola shu dargohda tahsil olgan. Endi u «Andorra»ning farm-klubi maqomida. «Andorra»ning hal qiluvchi parvozi uchun Pike maydonga tushishga ham tayyor. Hozircha, sarmoya bilan ko‘mak bermoqda. 2018 yilda uning kompaniyasi yordamida Ispaniya Superkubogi Saudiya Arabistoniga ko‘chirildi. Shu tariqa 2019-2021 yillar oralig‘idagi turnirdan Ispaniya FF 120 mln., «Kosmos» 24 mln. yevro daromad oldi.

O‘tgan yil noyabrida 34 yoshli Jerar Pike futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘yib, butun e’tiborini yangi loyihaga jalb etdi - 1 yanvarda Ispaniyada media futbol ligasi start oldi. Musobaqada 7x7 formatida to‘p suradigan 12ta jamoa ishtirok etadi. Klublar taniqli blogerlar, jurnalistlar va futbol afsonalari, jumladan, Serxio Aguero, Iker Kasilyaslar rahbarlik qiladilar. Aftidan, Jerar Pike hayoti va faoliyatidagi eng qizg‘in davr endi boshlanadi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:00, 06.03.2023.
O'qildi: 3661 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.