Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Shohruz Norxonov: «Bunday muhitda gol urish - yoqimli»

Shohruz Norxonov: «Bunday muhitda gol urish - yoqimli»

Baho:
+ | -1

Kutilmagan natijalar bilan start olgan Superliganing 1-turi 90 foiz mehmon jamoalarga ataldi.

Oddiy aytganda, chempionatning ilk o‘yinini o‘z maydonida o‘tkazgan klublar orasida birgina «Navbahor» g‘alabaga erishdi. Hattoki, «Paxtakor» va «Nasaf» kabi chempionlikka da’vogar jamoalar ham o‘z maydonidagi mag‘lubiyat bilan startga chiqdi. Maxsus muxbirimiz 2-tur o‘yinlaridan oldin «Navbahor» - «Qizilqum» o‘yinida «lochinlar» safidagi rasmiy debyutini gol bilan bezagan Shohruz Norxonovni suhbatga tortdi.

- «Navbahor» ishonchli g‘alaba bilan 5 mavsumga cho‘zilgan noxush an’anasiga chek qo‘ydi. Ya’ni 2017 yildan buyon chempionatni ilk marta g‘alaba bilan boshladi. Siz esa yangi jamoadagi rasmiy debyutdayoq gol muallifiga aylandingiz. Taassurotlar qanday?

- Avvalo, barcha muxlislarni yangi futbol mavsumi starti bilan tabriklayman. Taassurotlarga kelsak, dast­labki uchrashuv bo‘lgani uchunmi, yigitlarda biroz hayajon sezildi. Muhimi, bu uyush­qoqlik bilan harakatlanib, chiroyli g‘alabani tantana qilishimizga xalaqit bergani yo‘q. O‘z o‘rnida butun o‘yin davomida bizni ajoyib holatda chinakamiga qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga minnatdorchilik bildirishim kerak. O‘zi bunday qaynoq muhitda gol urish hamisha ikki hissa yoqimli. Shunday jonkuyar muxlislar, tribunalardagi ko‘tarinki kayfiyat futbolchilarni doimo oldinga undaydi, albatta.

- Aslida «Navbahor» muxlislari har mavsum ayniqsa, dastlabki tur o‘yinlarida o‘ziga xos ajiotaj hosil qilishga odatlanishgan. Bu gal ham «Markaziy»da o‘zgacha anshlag kuzatilishiga hech kimda shubha yo‘q edi. Ammo «Qizilqum» bilan bahsda negadir muxlislar tashrifi biroz kam bo‘ldi. Bu holat futbolchilarni biroz hayron qoldirgandir... 

- Bilaman, «Navbahor» muxlislar armiyasi hamisha ajralib turgan, suyukli jamoasini hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymagan hatto safar o‘yinlarida ham. 1-turdayoq Namanganda jamoani naqadar sevishlariga yana bir bora iqror bo‘ldim. Ha, ehtimol, tribunalar o‘tgan yillarda kuzatilganidek muxlislar bilan to‘lib-toshmagandir, ammo muhit zo‘r bo‘ldi, baribir. Qolaversa, muxlislar kamchilik ham emasdilar. Har holda, 1-tur o‘yinlariga qarasak, eng ko‘p muxlis aynan Namanganda qayd etildi odatdagidek. Agar o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, ijobiy natijalarga erishsak, o‘ylaymanki, muxlislar tashrifi hali yanada ko‘paya­di. Bunga zarracha shubham yo‘q. Faqat tezroq muxlislarga yoqadigan chiroyli va hujumkor futbolni yo‘lga qo‘yib olsak, bas.

- Namanganlik muxlislarning qay darajada talabchan ekanliklari ham ma’lum. Ular joriy mavsum xususan, sizdan ham katta ishlar kutishayotgani aniq. Aytingchi, debyut o‘yinidayoq jamoadagi gollaringiz hisobini ochib olganingiz mavjud bosimni biroz yengillashtirdimi?

- To‘g‘risini aytaman, o‘yindan oldin qandaydir dahshatli bosimni his qilganim yo‘q. Chunki maydonda hamisha o‘z zimmamga yuklangan ishni sid­qidildan bajarishga intilaman, bunda chetdagi munosabat va gap-so‘zlarga e’tibor qaratmaslikni ma’qul ko‘raman. Aks holda, ruhiy muvozanatni yo‘qotib qo‘yish hech gap emas. Futbolchi muxlislar daldasidan faqat qo‘shimcha kuch olishi kerak, buning uchun esa atrofdagi gap-so‘zlarga chal­g‘ib qolmasangiz, bas.

- «Navbahor» safiga «So‘g‘diyonada»gi uzoq yillik samarali faoliyatdan keyin qo‘shildingiz. Demakki, Namanganda sizdan tinmay gol urishni so‘rashadi. Xo‘sh, bunga tayyormisiz, yangi jamoaga ko‘nikish qiyin kechmayaptimi?

- Hammasi joyida. Birinchidan, jamoa tarkibida men bilan birga to‘p surgan bir qator yigitlar bor. Qolgan futbolchilarni ham ozmi-ko‘p bilaman. Qisqasi, jamoaga kirishib ketishda qandaydir muammo sezilgani yo‘q. Qolaversa, professional futbolchi har qanday sharoitda ham o‘z so‘zini ayta olishi shart.

- Bir necha mavsumdan buyon o‘z oldiga eng yuqori vazifalarni qo‘yib kelayotgan «Navbahor»da ko‘p hollarda hujum chizig‘i masalasida sezilarli muammolar ko‘zga tashlangan. Bu yil jamoa tarkibiga futbolimizning elit hujumchilari qo‘shildilar. Agar barchasi ko‘ngildagidek kechsa, Norxonov Namanganda qancha muddat o‘ynamoqchi? Demoqchimizki, rejalaringiz qanday?

- Futbol - kutilmagan hodisalar va burilishlarga boy sport turi. Shunday ekan, hozirdan bu borada dangal gapirish yoki oldindan nimanidir va’da berish qiyin. Muhimi, qayerda bo‘lsam ham, jamoam uchun bor kuchimni sarflashga odatlanganman. Mana, «Navbahor» libosida maydonga tushish nasib etgan ekan, shu yerdaman. Jamoada qancha muddat qolishim esa vaqt hukmidagi masala. Hammasi nasibadan. Jamoa safiga endigina qo‘shildim va o‘ylaymanki, hammasi hali oldinda. Xudo xohlasa, katta g‘alabalarni namanganliklar bilan birga nishonlaymiz.

- «So‘g‘diyona»dan voz kechish va  Namangan sari yo‘l qanday boshlandi? Jizzax klubidan ketishingiz sababini ayta olasizmi?

- «Navbahor» o‘tgan mavsumdayoq aniq taklif bilan chiqqan, ammo transfer amalga oshmay qolgandi. Albatta, «So‘g‘diyona»dan ketishim oson bo‘lgani yo‘q. Axir bu jamoa bilan katta yo‘lni bosib o‘tdim. Muhimi, klub rahbarlariga ketish haqidagi qarorimni aytganimda, ular to‘g‘ri tushunishdi va do‘stona xayrlashdik.

- Ulug‘bek Baqoyev «So‘g‘diyona»ni kurashuvchan holatga keltirdi, ammo jamoa o‘tgan mavsum oxirlarida o‘ziga o‘xshamay qoldi...

- To‘g‘ri, Ulug‘bek aka «So‘g‘diyo­na» o‘rtamiyonalar safidan chiqib, yetakchilar qatoriga qo‘shilishini ta’minladi. Biroq o‘tgan yili 3ta frontdagi keskin kurash futbolchilarni biroz toliqtirdi, chog‘i. Ya’ni tig‘iz taqvim o‘yinlarga yetarli darajada tayyorlanish imkonini bermadi. Boz ustiga, ko‘p hollarda jamoaga omad ham yetishmadi. Shunga qaramay, o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarimizga ijobiy baho berish mumkin, menimcha.

- Superliga startiyoq bir nechta kutilmagan natijalar taqdim etdi. Joriy chempionatdan nimalar kutyapsiz?

- Nazarimda, bu yil chempio­nat yanada qiziqarli kechadi, kutilmagan natijalar hali ko‘p uchraydi. Zero, Superligada oddiy jamoaning o‘zi qolmadi.

- O‘zbekiston chempionatida goleador hujumchilar sirasiga kirasiz. Biroq hali-hanuz milliy jamoa e’tiboridan chetda qolyapsiz. Bu borada qanday fikr­dasiz?

- Ochig‘i, nima deyishga ham hayronman. Murabbiy o‘zi shakllantirayotgan jamoada meni ko‘rmayotgan ekan, nima ham derdim? Agar xizmatimga ehtiyoj sezsa,  hamisha tayyorman.

- «Navbahor» asosan yagona hujumchi taktikasiga taya­nadi. Tarkibda esa tajribali Temurxo‘ja Abduxoliqov ham bor. U bilan tandem sifatida o‘ynash variantiga qanday qaraysiz?

- Albatta, juftlikda o‘ynasak, zo‘r bo‘lardi.

- So‘nggi yillar Superliga bosh to‘purari maqomini birovga bermayotgan Dragan Cheranni taxtdan tushirish vaqti kelmadimikan?

- Shaxsan men bunga tayyorman. Albatta, Cheran o‘z ishining ustasi, tajribali hujumchi. Lekin o‘ylaymanki, bugun chempionatimizda unga chinakam raqobat taqdim etishga qodir mahalliy hujumchilar bor. 

Xurshid YUSUPOV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:28, 15.03.2023.
O'qildi: 2203 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.