Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«PSJ»ga keraksizga aylangan tarbiyalanuvchilar reytingi

«PSJ»ga keraksizga aylangan tarbiyalanuvchilar reytingi

Baho:
+ | -

«PSJ» Chempionlar Ligasidan yana bir marta chiqib ketgandan so‘ng, muxlislar va OAV klubning muvaffaqiyatsizligi sabablari haqida gapira boshlashdi.

Ayrim ekspertlarning ta’kidlashicha, parijliklarning muvaffaqiyatsizliklarida himoya nuqtai nazaridan passiv hujum guruhi (Neymar, Messi, Mbappe) muhim rol o‘ynaydi. Eng asosiy va katta xato - «PSJ» o‘z tarbiyalanuvchilarini umuman qadrlamaydi. Parijliklar boshqa jamoalarga foyda keltirayotgan ko‘plab yaxshi o‘yinchilarni tarbiyaladilar, lekin ular hozir shu yerda bo‘lganlarida «PSJ»ga ayni muddao bo‘lardi. Aytgancha, shulardan biri «PSJ»ni YECHLdan butunlay mahrum qildi.

Mayk Menyan  (darvozabon, «Milan»)

27 yoshli golkiper «PSJ»ning asosiy futbolchisi sifatida bir daqiqa ham o‘ynamadi, ammo Liga 1 o‘yinlarida jamoa o‘rinbosarlari safida ishtirok etdi. Menyan 14 yoshidan parijliklar tizimida bo‘ldi, ammo 20 yoshida klubni tark etgan, chunki zaxirada vaqt yo‘qotishni istamagan. 2015 yilda «Lill» Mayka uchun 1 million yevro to‘ladi. U asta-sekin yangi klubi asosiy tarkibiga yaqinlashdi va 2017 yilda Vinsent Enyama o‘rnini tortib olishga erishdi. «Bulldoglar» bilan birgalikda Menyan 2021 yilda Fransiya chempioni bo‘ldi, keyingi mavsum esa endi «Milan»ga «A» seriyasida g‘alaba qozonishiga katta yordam berdi. Menyan hozirgi «PSJ»ni kuchaytirgan bo‘lardi, hech bo‘lmaganda Janluiji Donnarummaga xotirjam nafas olishga qo‘ymasdi.

Tangi Kuassi  (himoyachi, «Sevilya»)

20 yoshli fransuz hozirgi «PSJ»ga juda zarur edi, chunki jamoada atgi uch nafar nominal markaziy himoyachi qolgan: Serxio Ramos, Markinyos va jarohatlangan Presnel Kimpembe. Tangi 2016-2020 yillar oralig‘ida klub tizimida tarbiyalangan va asosiy jamoada atigi 6ta uchrashuv o‘tkazgan. 2020 yilning yozida u Parijni tark etib, «Bavariya»ga ko‘chib o‘tdi. U yerda yuqori raqobat tufayli tarkibdan joy ololmadi va ikki yildan so‘ng «Sevilya»ga yo‘l oldi. Ispaniyada Kuassi muntazam asosiy tarkibda o‘ynaydi, ammo andalusiyaliklarning joriy mavsumdagi natijalari yaxshi emas: jamoa hatto Segundaga ravona bo‘lish ham mumkin. 

Dan-Aksel Zagadu  (himoyachi, «Shtutgart»)

Hozirgi «PSJ»da muammoli bo‘lgan pozisiya uchun yana bir futbolchi. 23 yoshli himoyachi 2011 yildan 2017 yilgacha parijliklar tizimida bo‘lib, ikkinchi jamoada 9ta uchrashuv o‘tkazgan. Keyin Dortmundning «Borussiya»siga o‘tib ketadi va u yerda boshidanoq unga ishonishdi, ammo keyin jiddiy jarohatlarga yo‘liqdi. Shundan so‘ng Dan-Aksel «Borussiya» asosiy jamoasiga qaytmadi va 2022 yilning yozida «Shtutgart»ga ko‘chib o‘tdi. Zagadu «PSJ» uchun asosiy o‘yinchi sifatida qaralishi dargumon, ammo zaxira uchun yaxshi variant bo‘lardi.

Adriyen Rabyo (yarim himoyachi, «Yuventus»)

Adriyen «PSJ» akademiyasining munozarali bitiruvchisi, ammo asosiy imkoniyatga ega bo‘lgan kam sonlilardan biridir. Rabyo 17 yoshida asosiy jamoada debyut qildi, bir yildan so‘ng esa muhim o‘yinchilar qatorida zikr etildi: maydon markazi unga ishonib topshirildi. Adriyenning o‘z klubidagi faoliyatiga uning injiqliklari va onasi bilan bog‘liq voqea ta’sir ko‘rsatdi: ona o‘z o‘g‘lining agenti bo‘lib, yangi shartnoma bo‘yicha ko‘proq pul topishga harakat qildi. Futbolchining o‘zi demarsh tashkil etdi va jamoa bilan mashq qilishdan bosh tortdi. Natijada «PSJ» va Rabyo shartnoma borasida bir to‘xtamga kelisholmadi va u erkin agent sifatida «Yuventus»ga o‘tdi. 2023 yil yozida Adriyen shartnomasi tugagandan so‘ng, «keksa sinyora» safini tark etadi. 

Matteo Genduzi (yarim himoyachi, «Marsel»)

Matteo 5 yoshidan (2004 yil) 15ga (2014) kirguncha «PSJ» akademiyasida tahsil oldi. Keyin Parijni tark etishga qaror qildi va rivojlanish uchun oddiyroq variantni tanladi - «Loryan». Aynan shu klub uchun Genduzi 2016 yilning kuzida faoliyatidagi birinchi katta futbol o‘yinini o‘tkazdi. 2018 yilda yarim himoyachi «Arsenal»ga ko‘chib o‘tdi, ammo Londondagi Matteo o‘z xarakterini yo‘qotdi. U murabbiy Mikel Arteta bilan janjallashib, jamoani tark etdi. 2021|2022 yilgi mavsumdan so‘ng Genduzi «Marsel»ga ko‘chib o‘tdi. «Provansliklar» tarkibidan u JCH-2022da Fransiya sharafini himoya qildi. «PSJ»dagi hozirgi vaziyatda Genduzi, albatta, chetda o‘tirmasdi.

Kristofer Nkunku (yarim himoyachi|hujumchi,  «RB Leypsig», yozda  «Chelsi»ga o‘tadi)

Hujumkor yarim himoyachi 12 yoshida «PSJ» tizimiga kiradi. Nkunku 2015 yil dekabr oyida «Shaxtyor» bilan o‘tgan Chempionlar Ligasi o‘yinida asosiy jamoa uchun debyut qildi. Umuman olganda, Kristofer parijliklar uchun 78 o‘yinda 11ta gol urgan. Bir vaqtning o‘zida u hatto boshlang‘ich tarkibda o‘rin egalladi (2017|2018 yilgi mavsum oxirida, yulduzlarning jarohatlari tufayli). Nkunku 2019 yil yozida Parijni tark etib, Germaniyaning «RB Leypsig» klubiga 13 million yevro evaziga o‘tdi. Germaniyada Kristofer turli pozisiyalarda - hujumkor yarim himoyachi, vinger, «soxta to‘qqizlik» va forvard rollarida aqlli futbol namoyish etib, klub yetakchisiga aylandi. Yevropa top-klublari bunday iste’dodni chetlab o‘tishlari mumkin emasdi. Natijada, 2023 yil yozida Nkunku «Chelsi»ga yo‘l oladi. Londonliklar buning uchun 60 million yevro to‘laydilar. 

Kingsli Koman  (yarim himoyachi|hujumchi, «Bavariya»)

26 yoshli fransuz Parij klubi tarkibidagi barcha bos­qichlarni bosib o‘tdi. Koman 9 yoshida «PSJ» maktabiga keladi va 16 yoshida asosiy jamoada debyut qiladi. Biroq, Parijda Kingsli atigi 4ta uchrashuv o‘tkazdi va erkin agent maqomi bilan «Yuventus»ga ko‘chib o‘tdi. Bir mavsumni Turinda o‘tkazganidan so‘ng, Koman «Bavariya» o‘yinchisiga aylandi, u yerda sakkizinchi yilini o‘tkazyarti. Kingsli bir muncha vaqt jarohatlardan azob chekdi va hatto faoliyatini tugatish haqida o‘yladi, ammo ulardan tuzalishga va myunxenliklar uchun muhim shaxs bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, aynan Koman «PSJ»ni Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish imkoniyatidan mahrum qildi: 2020 yilgi finalda yagona golni aynan Kingsli urdi.

Mussa Diabi (yarim himoyachi|hujumchi, «Bayer»)

Kelib chiqishi Mali davlatiga borib taqalidigan vinger 14 yoshida «PSJ» akademiyasiga qabul qilinadi. Diabi 19 yoshida asosiy jamoaga ko‘tarildi va u yerda atigi bir mavsum o‘tkazdi: o‘yinlar davomida zaxira o‘rinbosarlaridan tez-tez paydo bo‘lib, barcha turnirlarda jami 11ta samarali harakat qildi. 2019 yilning yozida u Nkunku bilan birga Bundesligaga ko‘chib o‘tdi. Leverkuzenning «Bayer» klubi vinger uchun 15 million yevro to‘ladi. Germaniyada Musa to‘liq ochildi va buning natijasida vaqti-vaqti bilan Yevropa top-klublari qiziqishlariga sabab bo‘ldi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:00, 22.03.2023.
O'qildi: 2724 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.