To‘pchilar ayni damda Angliya Premyer-ligasida yetakchilik qilmoqda. Jamoa so‘nggi ikki o‘n yillikda ilk bor chempion bo‘lishga yaqin turibdi. Mikel Arteta jamoasi ikkinchi o‘rindagi "Manchester Siti"dan 8 ochko oldinda bormoqda. Mana shunday qulay vaziyatda turgan jamoaning ayrim futbolchilari kelajaklaridan xavotir olishi kerak. Chunki bu mavsum ularning "Arsenal"dagi so‘nggi davri bo‘lishi mumkin. Quyida ana shunday futbolchilarning ayrimlari haqida so‘z boradi.
Kiran Tirni (qanot himoyachisi)
Shotlandiya terma jamoasi a’zosi Zinchenko ortida juda ham yaxshi harakat qila oladi. Ammo Tirni asosiy tarkibga kirishni istaydi. Bu uchun esa Zinchenko bilan raqobatlashish kerak. Bunday vaziyatda Tirniga oson bo‘lmaydi. Ayrim xabarlarda 26 yoshli futbolchining yozda "Nyukasl"ga yo‘l olishi aytilmoqda. Agarda mavsumning oxiriga qadar u o‘z o‘rnini topa olmasa, bu gap haqiqatga aylanadi.
Rob Xolding (markaziy himoyachi)
Ingliz himoyachisida o‘zini ko‘rsatish uchun juda yaxshi imkoniyat mavjud. Negaki, asosiy tarkib vakili bo‘lgan Vilyam Saliba jarohat sababli bir necha hafta maydonga tusha olmasligi ma’lum bo‘ldi. Xolding esa shunday paytda jamoaga foyda olib kelishi mumkin. U "Kristal Pelas" bilan bahsda buni isbotladi. Mavsum oxiriga qadar Xolding, o‘zining "Arsenal"da qolishga loyiq ekanini isbotlashi kerak.
Reys Nelson ( qanot hujumchisi)
Londonlik hujumchi jarohatlar sababli mavsumni juda ham beqaror o‘tkazdi. Biroq, kerak bo‘lganda Nelsonning jamoaga foydasi ham tegmoqda. Masalan, Nelson bu mavsumda bor-yo‘g‘i 4 ta APL bahsida maydonga tushgan bo‘lsa ham, 3 ta gol va 3 ta assistga mualliflik qildi. 23 yoshli hujumchining amaldagi bitimi mavsum oxirida yakun topadi. U uchun xaridor chiqqani yo‘q. Ammo "Arsenal"ga uning kelajakda foydasi tegishi mumkin.
Emil Smit-Rou
Emil jarohat sababli maydonga tusha olmadi. Bu mavsum deyarli u uchun besamar ketdi. Smit-Rou 8 ta APL bahsida qatnashgan bo‘lib, 1 ta assistni amalga oshirdi. Angliya terma jamoasi a’zosida o‘zini nimalarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatish uchun oldinda 10 ta o‘yin bor.
Jorjinyo (tayanch yarim himoyachi)
Garchand jamoaga yanvar oyida olib kelingan bo‘lsa ham, Jorjinyo jamoada katta raqobatga duch keldi. Italiya terma jamoasi a’zosi yanvarda Moyses Kaysedo o‘rniga olib kelingandi. Asosiy tarkib Jaka va Parti bilan to‘ldirilgan. Yozda esa "Arsenal" Deklan Rays va Kaysedo uchun yana kurashga kiradi. Bunday vaziyatda Jorjinyoga oson bo‘lmasligi aniq.
Eddi Nketia (markaziy hujumchi)
O‘tgan yili Gabriel Jezusning olib kelinishi, Nketianing klubdagi vaqti tugaganini anglatgandek tuyulgandi. Ammo u kerakli vaqtda yordamga tayyor ekanini ko‘rsata oldi. U "Arsenal"ga zarur gollarni taqdim etgandi. Biroq, hozir hammasi o‘zgardi. Jezus jamoaga qaytdi. Trossard ham tayyor turgan bir paytda, Nketia yana chetga chiqib qolmoqda. Jamoada muqim qolish uchun 23 yoshli hujumchi mavsumning qolgan qismida yana porlashi kerak.
ISMATOV J.