Garchand "MYU"da yosh avlodga imkon bermagani uchun tanqidlarga uchragan bo‘lsa ham, Mourinyo bir nechta akademiya bitiruvchilariga asosiy jamoada o‘ynash uchun vaqt taqdim etgan. "Qizil iblislar" portugaliyalikning davrida ikki mavsum mobaynida oltinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Shuningdek, 2016-17 yilda Angliya liga kubogi va Yevropa ligasi ham "MYU" muzeyiga kelgadi. Quyida Mourinyo boshchiligida o‘z debyutlarini o‘tkazgan oltita akademiya futbolchilari va ularning hozirgi taqdiriga to‘xtalib o‘tamiz.
Aksel Tuanzebe
Sakkiz yoshidan beri "MYU" maktabida o‘qiydigan bu futbolchi, ilk bor asosiy jamoada 2017 yilning yanvarida, "Uigan"ga qarshi bahsning ikkinchi bo‘limida ko‘rinish beradi. Markaziy himoyachi Mourinyo bilan yana 7 ta o‘yinda maydonga tushadi. Keyin esa ijaraga berib yuboriladi. Tuanzebe ikki mavsumni "Aston Villa" bilan o‘tkazgandi. O‘tgan mavsumda "Napoli" sharafini himoya qilgan futbolchi, bu mavsum avvalida yana "MYU"ga qaytgan. Ayni damda Tuanzebe "Stok Siti" safida yanvardan beri ijara asosida harakat qilmoqda.
Joel Pereyra
Pereyra ham xuddi Tuanzebe singari o‘z debyutini "Uigan"ga qarshi o‘tkazadi. O‘shanda u o‘yinning 80 daqiqasida Serxio Romeroni almashtirgandi. 2017 yilda Mourinyo yosh darvozabon haqida shunday degandi: "Bizda kelajakda Portugaliyaning eng yaxshi darvozaboni bo‘ladigan futbolchi bor. Menga ishoning".
26 yoshli darvozabon 2021 yilda "MYU"dan ketib, Niderlandiyaning "Valveyk" klubiga yo‘l olgandi.
Skott Maktominey
Ushbu futbolchi o‘z klubi bilan hali ham birga. U 200 dan ortiq bahsda maydonga tushishga ulgurdi. Skott yaqindagina Shotlandiya safida ikkita gol bilan Ispaniyani mag‘lub etgandi. Yarim himoyachi 2019 yilda Mourinyo haqida shunday degandi: "Joze men uchun boshqacha inson. U bilan hali ham aloqalarimiz bor. U men uchun doimo yaxshi inson bo‘lib qoladi. Negaki, Mourinyo meni voyaga yetkazdi, menga ishondi va meni qo‘llab-quvvatladi. U bo‘lmaganida, men hozirgi o‘rnimda bo‘lmagan bo‘lardim".
Demetri Mitchell
Mitchell 2017 yilda "Kristal Pelas" bilan bahsda ilk bor maydonga tushgan. Negaki, o‘shanda Mourinyo YEL finali oldidan asosiy futbolchilarga dam bergandi. Ammo qanot himoyachisi, shundan keyin biror marta ko‘rinish bermadi. O‘sha mavsumdan keyin Mitchell Shotlandiyaning "Xarts" klubida ikki mavsum ijarada yurdi. 2019-20 yilgi mavsumda futbolchi tizzasidan jarohat oladi. 2020 yilda Mitchell "Blekpul"ga sotib yuboriladi. "Xibernian"da ham bir muddat harakat qilgan qahramonimiz, shu yilning yanvar oyida Birinchi liga jamoasi bo‘lgan "Ekseter Siti"ga yo‘l oldi.
Josh Xarrop
Xarrop "Kristal Pelas" bilan 2017 yilgi bahsda gol urgandi. Ammo o‘sha o‘yin uning birinchi va oxirgi chiqishi edi. Futbolchiga yangi bitim taklif etilganiga qaramay, Xarrop "Preston" klubiga ko‘proq o‘ynash ilinjida yo‘l oladi. 27 yoshli futbolchi so‘nggi ikki mavsumni Birinchi liga jamoalari bo‘lmish "Ipsvich Taun" va "Flitvud Taun"da o‘tkazdi.
Eynjel Gomez
"Kristal Pelas"ga qarshi g‘alabali bahsda Gomes juda kech bo‘lsada, maydonga tushiriladi. O‘shanda yarim himoyachi 16 yosh edi. U "MYU" tarixidagi Danken Edvardsdan keyingi eng yosh debyutantga aylanadi (1953). Shunga qaramay, Gomes keyingi 3 mavsumda faqat 9 ta bahsda maydonga tushadi. 2020 yilda futbolchi "Lill"ga yo‘l oladi. Ana shu mavsumdayoq Gomes Portugaliyaga ijaraga jo‘natiladi. Ayni damda u "Lill"ning asosiy tarkib futbolchisiga aylangan. U joriy mavsumda 27 ta o‘yinda 2 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
ISMATOV J.