"Manchester Siti" va "Arsenal" 2022-2023 yilgi mavsumda boshqa jamoalardan ko‘ra, APL doirasida ancha oldinda turibdi. Qolgan katta klublar esa mavsum davomida, ayniqsa, mundialdan keyin ochko to‘plashga qiynalmoqda. Xususan, "Chelsi" dahshatli anti-rekordlar qayd etdi. Quyida Qatardagi jahon chempionatidan keyin Angliya elitasida qanday holat qayd etilgani haqida so‘z yuritamiz.
Erik ten Xag boshchiligidagi "qizil iblislar" mavsum qayta start olganidan keyin 14 o‘yin o‘tkazgan va bu bahslarda 27 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. "MYU" mavsumning birinchi qismini yuqori notada, "Fulxem" maydonida g‘alaba qozongan holda yakunlagandi. Bunda Krishtianu Ronalduning jamoadan ketishi natijalarga yomon ta’sir o‘tkazmadi. Aksincha, mankunianliklar ketma-ket "Nottingem", "Vulverxempton", "Bormunt" hamda "Manchester Siti"dan uch ochko olib qo‘ydi. Shuningdek, ten Xag "MYU"ning olti yillik sovrinsiz davriga yakun yasab, jamoaga liga kubogini taqdim etdi. Shuningdek, ular Yevropa ligasida ham yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Ha, jamoa "Liverpul"ga yirik, 7-0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. "Sautgempton" va "Nyukasl"dan ham mag‘lubiyat qabul qilib olindi. Shunga qaramay, jamoaning umumiy natijalari yomon emas.
Yurgen Klopp jamoasi mundialdan keyin o‘z inqirozini davom ettirdi. Mersisaydliklarning "MYU" ustidan qozongan yirik g‘alabasi, YECHL futboli uchun qandaydir umid uchqunlarini uyg‘otgan edi. Biroq, bunday bo‘lib chiqmadi. "Liverpul" o‘tgan uch yarim oyda "Brayton", "Brentford" va "Aston Villa" bilan o‘yinlarni boy berdi. "Real"ga qarshi YECHLdagi mag‘lubiyat esa hammasidan oshib tushgandi. Undan oldin "Vulverxempton", "Brayton" va "Brentdord"dan yirik mag‘lubiyatlar qabul qilingan (0-3). "Kristal Pelas", "Manchester Siti" va "Chelsi" bilan kerak bo‘lmagan mag‘lubiyatlarga duchor bo‘ldi. Bularning hammasi qo‘shilib, "Liverpul"ning keyingi mavsumda YECHLda qatnashish imkoniyatlarini deyarli yo‘qqa chiqardi.
Mavsum kashfiyotlaridan biriga aylangan "Brayton", Roberto De Zerbi boshchiligida ajoyib o‘yin namoyish etib kelmoqda. "Chag‘alaylar" so‘nggi 13 ta liga bahsidan jami 25 ochko jamg‘ardi. Aytish mumkinki, "Brayton"da YECHL uchun ham imkoniyatlar saqlanib turibdi.
Boshqa tomonda, amaldagi chempionlar "Manchester Siti" biz ko‘rib, o‘rganib qolgan o‘yinni namoyish etmay qo‘ydi. Ular dekabrdan beri "MYU" va "Tottenxem"ga mag‘lub bo‘ldi. Shunga qaramay, "shaharliklar" "Arsenal"ning yagona ta’qibchisi bo‘lib turibdi. Jahon chempionatidan keyin Gvardiola shogirdlari to‘pchilardan 3 ochko kam to‘pladi xolos.
"Arsenal" bu borada eng yaxshisidir. Mikel Arteta jamoasi dekabr va yanvar boshida kerakli g‘alabalarga erishdi. Ammo o‘rtada ikkita durang va bitta mag‘lubiyat yuz berdi. Shundan keyin hammasi o‘zgardi. "Arsenal" fevraldan beri 7 ta o‘yinda ketma-ket g‘alabalar qayd etdi. O‘xshash ssenariy "Nyukasl" bilan ham yuz bermoqda. Eddi Xau shogirdlari liga kubogida "MYU"dan, APLda esa "Manchester Siti" va "Liverpul"dan mag‘lubiyat qabul qilib oldi. YECHL yo‘llanmasi xavf ostida qolgan bir paytda, jamoa yana o‘nglana oldi. "Nyukasl" so‘nggi 4 bahsda g‘alabalarga erishdi.
Mavsum inqiroziga uchragan jamoani ham qayd etib o‘tish joiz. "Chelsi" dekabrdan beri 15 ta bahsda 18 ochko to‘plagan. Bu esa APLda qolish uchun kurashayotgan jamoalar natijasidan biroz yaxshi xolos. "Chelsi" oldida keyingi mavsumdagi YECHLda qatnashish uchun faqat bir imkon – joriy mavsumning sovrinini yutish qoldi. Quyida Jahon chempionatidan keyingi APL jadvali taqdim etiladi.
1. "Arsenal" – 35 ochko (+21)
2. "Manchester Siti" – 32 ochko (+19)
3. "MYU" – 27 ochko (+5)
4. "Aston Villa" – 26 ochko (+5)
5. "Brayton" – 25 ochko (+13)
6. "Brentford" – 24 ochko (+10)
7. "Nyukasl" – 23 ochko (+8)
8. "Liverpul" – 21 ochko (+4)
9. "Tottenxem" – 21 ochko (+2)
10. "Fulxem" – 20 ochko (+2)
11. "Chelsi" – 18 ochko (-1)
12. "Vulvz" – 18 ochko (-3)
13. "Lids" – 14 ochko (-7)
14. "Nottingem" – 14 ochko (-9)
15. "Vest Xem" – 13 (-8)
16. "Everton" – 13 (-12)
17. "Sautgempton" – 11 ochko (-10)
18. "Kristal Pelas" – 11 ochko (-12)
19. "Bornmut" – 11 ochko (-16)
20. "Lester Siti" – 8 ochko (-11).
ISMATOV J.