«Benfika» YECHL chorak finalida «Inter» bilan to‘qnash kelguniga qadar joriy mavsumda Chempionlar ligasida birorta ham o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan va aprel oyiga kelib Portugaliya chempionatida 10 ta g‘alabali seriyani qayd etgan edi. Biroq kutilmagan daqiqalarda Lissabon «burgutlari» pasayishni boshladi. Endilikda Rojer Shmidt jamoasida ketma-ket uchta mag‘lubiyat bor - ichki ligada «Portu»dan (1:2), «Chaves»dan (0:1) va Chempionlar ligasining birinchi chorak finalida «Inter»dan (0:2). Javob o‘yinida «Benfika» mo‘’jiza ko‘rsata olmadi, yarim finalga chiqish uchun kamida ikkita gol urishi kerak edi, biroq buning iloji bo‘lmadi. Klubning yaxshi to‘purari, hujumchi Gonsalu Ramush (barcha musobaqalarda 25 ta gol) bo‘lsa, eng yaxshi assistenti himoyachi Alexandro Grimaldo bo‘lib turibdi.
Qanot himoyachisining golli uzatmalar soni bo‘yicha jamoa yetakchisiga aylanishi kamdan-kam uchraydigan holat. Ammo 27 yoshli ispaniyalik futbolchi «Benfika»ning Chempionlar Ligasi va Primeradagi eng samarali assistenti hisoblanadi. Ushbu mavsumda u Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Makkabi Hayfa» va «Yuventus» bilan uchrashuvlarda va «Brugge» bilan pley-off o‘yinida jamoasiga katta yordam berdi.
Grimaldoning «Benfika»dagi rolini tushunish uchun yana bir qancha statistikalar bor. Mavsum davomida barcha musobaqalarda Alexandro 91 ta asosiy uzatmani amalga oshirdi - bu jamoadagi eng yaxshi natija. Chap qanot himoyachisi 54 ta golli vaziyat yaratdi. Bu Rafa Silvadan (60) keyingi ikkinchi eng yaxshi natijadir. Qolaversa, ispaniyalik zarbalar soni bo‘yicha ham kuchli 4 o‘rindan joy oldi (86 ta muvaffaqiyatli zarba). Texnik ko‘rsatkichlar bo‘yicha Grimaldo yuqori darajada o‘ynaydi. Uning bu mavsumdagi odatiy golli uzatmalari chap qanotdan oldinga zarba berish va jarima maydonchasi yoki darvozabon chizig‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘pni uzatish.
Grimaldo «Barselona» tarbiyalanuvchisi. U besh yilni kataloniyaliklarning farm-klubida o‘tkazdi va u yerda ham ko‘p golli uzatmalarni amalga oshirdi (92 o‘yinda 12 ta). Shunga qaramay, iqtidorli chap qanot himoyachisi «ko‘k-anorranglilar»ning birinchi jamoasiga foyda keltirmadi. Yosh futbolchi faoliyatining cho‘qqisida bo‘lgan Jordi Albaga o‘zi kutgan raqobatni taqdim qila olmadi.
2016 yilning yanvarida Grimaldo «Benfika»ga jo‘nab ketdi: Kataloniya klubi o‘sha paytda 20 yoshli himoyachini atigi 2,1 million yevroga sotgandi va deyarli yetti yarim yil davomida Alexandro chap qanotni «yoqib» yubordi. Qizig‘i shundaki, bu transferdan oldin «Barsa» farm-klubi sardori Grimaldo o‘shanda «ko‘k-anorranglilar»ni boshqargan Luis Enrikedan noroziligini omma oldida ochiq bildirgan edi.
«U menga hech narsa demadi va men u bilan hech qachon aloqaga chiqmadim. U bilan gaplashadigan hech narsam yo‘q. Men murabbiyim bilan ishlayman va u bilan yaxshi munosabatdaman. Birinchi jamoa murabbiyi o‘z futbolchilari bilan, men esa o‘z jamoam bilan qolaman», - dedi Alexandro.
Grimaldo «Benfika» safida 296 ta o‘yinda 63 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U juda ko‘p gol urdi - 24 ta gol. Nega Grimaldo hamon «Benfika»da? Top-klublar ispaniyalikka da’vo qilishdi, ammo Lissabon rahbarlari himoyachi uchun juda ko‘p pul talab qilishdi - 30 million yevro. Ehtimol, potensial xaridorlardan birini Alexandroning himoyada mukammal emasligi bilan bog‘liq omil to‘xtatgandir, garchi zamonaviy futbolda bu ko‘rinmasa ham.
Joriy mavsum oxirida Alexandroning Lissabon klubi bilan shartnomasi tugaydi. Mish-mishlarga ko‘ra, «Barselona» o‘z futbolchisini erkin agent sifatida ortga qaytarib olmoqchi. Ular Grimaldoga «Yuventus» va «Milan»dan qiziqish bo‘lgani haqida yozishgan. Qishki transfer oynasi yopilgach, bosh murabbiy Rojer Shmidt ispaniyalikning hali ham Lissabonda qolishiga ishonmayroq fikr bildirdi.
«Grimaldo - biz uchun asosiy o‘yinchi, u ajoyib futbolchi. Fidoyilik, motivasiya, mentalitet: bularning barchasi u bilan eng yuqori darajada sodir bo‘ladi. Alexandro 90 daqiqa himoyada va hujumda astoydil harakat qiladi. U juda yaxshi o‘ynaydi va klub uni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Grimaldo qoladi degan umiddaman. Men unga murabbiylik qilishni davom ettirmoqchiman, lekin men realistman – biz futbol olami qanday ekanini bilamiz», – dedi murabbiy. «Inter»ga qarshi birinchi o‘yinda Alexandro samarali harakatlarni amalga oshira olmadi, ammo «neradzurrilar» «Benfika»ning chap qanotini mahkam yopdi deb bo‘lmaydi. Grimaldo uchta zarba berdi, to‘rtta asosiy uzatmani amalga oshirdi va bitta xavfli lahzaga ega bo‘ldi. O‘sha kuni unga omad kulib boqmadi. Milanda esa u sheriklarining bitta goliga assistent bo‘ldi.