Dortmundning "Borussiya" klubi "Manchester Yunayted" vingeri Jeydon Sanchoga qiziqish bildirmoqda, deya xabar bermoqda Bild nashri.
Manbaga ko‘ra, bunday kelishuv ehtimoli juda yuqori. "Manchester Yunayted" rahbarlari futbolchiga kelasi yili u bilan hisoblashmasliklarini aytishgan. Sanchoning o‘zi to‘rt mavsum to‘p tepgan Germaniya chempionati klubiga qaytishga qarshi emas. Bundan tashqari, "Borussiya" klubi sport direktori Sebastyan Kel doimiy ravishda futbolchi vakillari bilan muloqot qilib, nemis klubining 23 yoshli futbolchiga qiziqishini eslatib turibdi.
Dortmundning "Borussiya" klubi Sanchoni ijaraga olmoqchi. "Manchester Yunayted" to‘laqonli transfer uchun 55-60 million yevro so‘rashi mumkin, ammo bu Germaniya chempionati klubi uchun juda katta summa, ular hali bu summani to‘lashga tayyor emas.
Eslatib o‘tamiz, "qizil iblislar" vingerni Dortmund klubidan 2021 yilning yozida 85 million yevro evaziga sotib olgandi.
Joriy mavsumda Sancho "mankunianliklar" safida barcha musobaqalarda 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Futbolchining “Manchester Yunayted” bilan shartnomasi 2026 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi.