Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonini tark etishi mumkin!
El Nacional xabariga ko‘ra, «An-Nasr» hujumchisi yangi mamlakatga moslashishda qiynalgan. Ronalduga til to‘sig‘i halaqit bermoqda. Qayd etilishicha, portugaliyalik futbolchi 9 yil davomida «Real»da o‘ynagan jonajon Madridga qaytishni istamoqda. Madrid klubi prezidenti Florentino Peres Ronalduga klubga elchi sifatida qaytishni yoki unga jamoaning sport boshqaruvidagi lavozimni taklif qilishga tayyor. Shunga qaramay Krishtianu qanday sabablarga ko‘ra «An-Nasr»ni tark etishi mumkin?
Ronalduning Saudiya Arabistonidagi birinchi oyi ajoyib o‘tdi. Odamlar bunday kattalikdagi yulduz haqiqatan ham «An-Nasr»ga ko‘chib o‘tganiga ishonmagandi. Ammo asal oyi tugadi. Ronalduning sevgilisi Jorjina Rodriges mahalliy odob-axloq qonunini buzganlikda ayblangan. Saudiya Arabistoni, ayniqsa, ayollar uchun qat’iy qoidalarga ega musulmon mamlakatidir. Jorjina jamoat joylarida ochiq-sochiq kiyingan. 2019 yilda Saudiya Arabistonida odob-axloq qonuni qabul qilindi. Jamoat joylarida to‘piqdan pastda bo‘lgan va tirsak hamda oyoqlarni qoplaydigan keng kiyim kiyish tavsiya etiladi. Uni buzganlik uchun esa moliyaviy jarima mavjud. Birinchi martasiga 25 yevroga to‘lanadi. Jorjina jazolandimi? Yo‘q, gap ommaviy axborot vositalaridagi shov-shuvlardan nariga o‘tmadi. Mart oyi boshida Krishtianu vaqti-vaqti bilan «Messi, Messi» degan faryodlar bilan zaharlana boshladi. Ronaldu provokasiyaga javob berishga harakat qildi. «Al-Baten» bilan o‘yindan so‘ng (3:1) raqibning provokasiyasida javob berdi.
Keyin Krishtianuni bosh murabbiy Rudi Garsiya bilan xayrlashishga qaror qilganlikda ayblashdi. Fransuz aprel oyi o‘rtalarida ishdan bo‘shatildi. Qayd etilishicha, Ronaldu mutaxassisning ishidan norozi bo‘lgan. Portugaliyalik «An-Nasr»ni yanada yuqori saviyada o‘ynashga qodir, deb hisobladi. Garsiya ketganidan so‘ng, hujumchi ijtimoiy tarmoqlarda fransiyalik murabbiyga qilgan ishi uchun minnatdorchilik bildirgan postini e’lon qildi: «Siz bilan ishlash juda yoqimli edi. Kelajakda sizga eng yaxshi tilaklarimni tilayman». Ronalduni «Al-Hilol» bilan o‘yin (0:2) so‘ngida yangi muammo kutib turardi. O‘yindan so‘ng 38 yoshli portugaliyalik futbolchiga «Messi, Messi!» deya baqirishdi. Keyinroq saudiyalik advokat Nuf bin Ahmed Ronalduni nomaqbul xatti-harakatlarda ayblab, prokuraturaga da’vo arizasi berganini aytdi.
«Bu jamoat sha’nini buzish jinoyati hisoblanadi va u xorijlik futbolchi tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, hibsga olinishi va deportasiya qilinishi mumkin», dedi advokat. Biroq, bu ish hech qanday natija bermadi va Ronaldu jazolanmadi. E’tiborlisi, portugaliyalik hatto uchrashuv vaqtida ham «Al-Hilol» futbolchisiga qarshi qo‘pol o‘ynadi, buning uchun sariq kartochka oldi.
Ammo bir necha kundan keyin janjal tufayli Krishtianu nomi yana yangiliklarda paydo bo‘ldi. Ronaldu Saudiya Arabistoni kubogi yarim finalida «Al Vahda»ga qarshi o‘yinning birinchi yarmidan so‘ng murabbiylar shtabi bilan to‘qnash keldi. Maydonni tark etarkan, u murabbiylari haqida nomaqbul gaplar aytdi. Natijada «An-Nasr» 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. «Al-Vahda» hujumchisi Jan-David Bogel esa o‘yinning so‘nggi hushtagidan so‘ng Ronalduning mojaroli xatti-harakati haqida gapirdi: «O‘yindan so‘ng men uning ashaddiy muxlisi ekanligimni aytdim, undan futbolka so‘radim. U men bilan qo‘l berib ko‘rishdi, biroq menga to‘g‘ri qaramadi, juda xo‘rlangan ko‘rinishga ega edi. Uning o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganim uchun jim qoldim. Uning videolarini tomosha qilganim haligacha esimda. Tushundimki, uning mag‘lubiyatdan keyin hafsalasi pir bo‘ldi, u ajoyib raqib, ammo munosabatlari yaxshi emas. U hatto maydonda ham jahldor bo‘lib, jamoadoshlariga baqirardi», – dedi futbolchi.
Shu bilan bir qatorda, OAV Ronalduning sevgilisidan ajralishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni muhokama qildi. Ta’kidlanishicha, Jorjina juda ko‘p pul sarflaydi va ko‘p vaqtini savdo markazlarida o‘tkazadi. Biroq Ronaldu ijtimoiy tarmoqlarda Jorjina bilan tushgan suratini joylagan holda barcha mish-mishlarni rad etdi.
Saudiya Arabistonida besh oy ichida Krishtianu allaqachon bir nechta noxush vaziyatlarga tushib qoldi. Portugaliyalikni dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylantirgan klub (yiliga 200 million yevro) «An-Nasr»dan ketish to‘g‘ri bo‘ladimi? U «Real Madrid»dagi ish uchun futboldan voz kechishga tayyormi? Afsonaviy futbolchining faoliyati shu qadar zerikarli yakunlanishini tasavvur qilish qiyin.