Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/02 00:45 Kalyari 4-0 Verona
01/02 01:00 Elche 1-3 Barselona
01/02 01:00 Liverpul 4-1 Nyukasl
01/02 13:00 Yaponiya 2-1 O‘zbekiston
01/02 13:00 Tojikiston 0-1 Avstraliya
01/02 16:30 Torino 1-0 Lechche
01/02 17:00 Eron 5-2 Afg‘oniston
01/02 17:00 Saudiya Arabistoni 6-1 Malayziya
01/02 18:00 Real Madrid 2-1 Rayo Valyekano
01/02 19:00 Komo 0-0 Atalanta
01/02 19:00 Man. Yunayted 3-2 Fulhem
01/02 19:00 Nottingem Forest 1-1 Kristal Pelas
01/02 19:00 Aston Villa 0-1 Brentford
01/02 20:15 Betis 2-1 Valensiya
01/02 21:30 Tottenhem 2-2 Manchester Siti
01/02 22:00 Cremonese 0-2 Inter
01/02 22:30 Xetafe 0-0 Selta
02/02 00:45 Parma 1-4 Yuventus
02/02 01:00 Atletik Bilbao 1-1 Real Sosyedad
03/02 00:45 Udineze - Roma
03/02 01:00 Sanderlend - Byornli
03/02 01:00 Malyorka - Sevilya

«Skuadra»ning argentinalik topilmasimi?

«Skuadra»ning argentinalik topilmasimi?

Baho:
+ | -

Futbolda bobosi yurti sharafini himoya qilishga bel bog‘lagan argentinalik Mateo Retegi Italiya milliy jamoa­si libosidagi dastlabki 2ta o‘yinda ham gol urib, keng jamoatchilik nazariga tushdi.

Argentinaning San-Fernando shahrida tug‘ilgan Mateo bunga qadar o‘z mamlakatining U-19 va U-20 toifasidagi terma jamoalarida o‘ynashga ulgurgandi. Yigitchaning otasi Karlos Retegi esa vaqtida Argentina xokkey terma jamoasi safida 3ta Olimpiadada ishtirok etgan. Qiziq, Mateo qanaqasiga birdan Italiya terma jamoasida paydo bo‘lib qoldi?

Hammasi oddiy: kichik Retegi ona tomondan bobosi Anjelo di Markoning italiya­lik ekanligidan foydalanib, tarixiy vatani pasportini olishga qaror qildi. Ma’lum bo‘lishicha, di Marko Sisiliyada tug‘ilib-ul­g‘aygan va keyinchalik Argentinaga ko‘chib ketgan ekan. CBS Sports ma’lumotiga qaraganda, yosh hujumchi hozircha hattoki, italyan tilini ham  bilmaydi. Muhimi, bu kamchilik dast­labki bahs­larda uning yangi jamoadoshlar bilan til topishib o‘ynashiga monelik qilmadi. Har holda, «moviy gvardiya» libosidagi dastlabki 2ta o‘yin­da ham raqib darvozasini nishonga oldi. Shu tariqa Mateo «skuadra adzurra»dagi faoliyatini qatorasiga 2ta o‘yindagi gollar bilan boshlagan tarixdagi 4-futbolchi bo‘ldi.

Hujumchi ayni payt Argentinaning «Boka Xuniors» klubiga tegishli. Ha, Mateo afsonaviy Diyego Armando Maradonaning qadrdon klubi ixtiyorida. To‘g‘ri, Retegi joriy mavsum «Tigre» klubida ijara muddatini o‘tamoqda. Asosiysi, u hozirga qadar barcha musobaqalar doirasida 51 marta maydonga tushib, 29ta gol urishga ulgurdi. Umuman, Mateo yaqin orada klubini ham o‘zgartirsa, ajabmas. Binobarin, argentinalik italyanga «Atletiko» va «Inter» kabi Yevropaning dongdor jamoalari befarq emas. Qolaversa, 23 yoshli hujumchining mart oyi­da Angliya termasi darvozasini ishg‘ol qilgani (ikkinchi golini maltaliklarga «ulashdi») unga nisbatan qiziqishni keskin oshirib yuborishi ta­yin. Ajdodlari yurti sharafini munosib himoya qila boshlagan futbolchining qisqa vaqt ichida katta e’tibor qozonishi ehtimoli yuqori har holda. To‘g‘ri, Retegining birinchi goli Yevro-2024 saralash bosqichi dastlabki turida «skuadra adzurra»ga naf keltirgani yo‘q, zero, Angliya milliy jamoasi bunga qadar 2ta gol farqi bilan oldinga chiqib olgandi. Malta termasi ustidan qozonilgan g‘alaba esa «moviy gvardiya» ruhiya­tini ko‘targaniga shubha yo‘q. 

Aytish joiz, Mateo Retegining tezkor effekti nafaqat bosh murabbiy Roberto Manchini, balki Italiya futboli rahbariyatini ham ilhomlantirib yubordi, go‘yo. Xabarlar oqimiga qarasak, italyanlar argentinalik yana bir necha futbolchini mahalliylashtirish xususida o‘ylay boshlashdi va murabbiy ham bunga qarshi emas. Ayni payt Italiya futbol federasiyasi Nikolas Kapaldo, Nikolas Valentini va Xino Infantino nomzodini o‘rganib chiqmoqda. «Dunyo jadal o‘zgarmoqda. Boshqa mamlakatda tug‘ilgan va uning yoshlar termalarida to‘p surgan yigitlarni har qaysi jamoa safida ko‘rish oddiy holatga aylanmoqda. Deylik, Italiya yoshlar terma jamoalarida ham shunday futbolchilar o‘ynaganlar. Faqat ular milliy jamoa darajasiga ko‘tarilganlaridan so‘ng tarixiy vatanlari sharafini himoya qilishni ma’qul topishgan», - dedi Roberto Manchini bu borada. Ehtimol, futboldagi mahalliylashtirish jarayoni Italiya terma jamoasi uchun taraqqiyotning yangi yo‘nalishidir. Buni vaqt ko‘rsatadi, albatta. Hozircha aniq fakt shuki, dastlabki 2ta o‘yinda maydondan golsiz chiqib ketmagan argentinalik italyan o‘g‘loni vatandoshi Pyerino Prati qayd etgan natijani takrorladi. «Milan» afsonasi uzoq 1968 yili italyanlar uchun o‘ynashga qaror qilgan va dastlabki 2ta o‘yinda Bolgariya termasi darvozasini nishonga olgandi.

D.ALIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 05.05.2023.
O'qildi: 1427 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.