Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ismi jismiga mos islohotchi-murabbiy

Ismi jismiga mos islohotchi-murabbiy

Baho:
+ | -

Sisiliyalik Vinchenso Italyano italyan futboli an’analariga zid yo‘lni tanladi va haq ekanligini isbotladi.

Qatorasiga 3 mavsum davomida 10-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan «Fiorentina» sarflangan sarmoyalar o‘zini oqlashidan umidini uzgan pallada, xaloskor murabbiyga duch keldi. Endigina bosh murabbiy lavozimini rasmiylashtirgan Rino Gattuzo bilan yuzaga kelgan mojaro jamoa jilovini «A» seriyasida bor-yo‘g‘i 1 yil ishlagan 43 yoshli Italyanoga taqdim etdi. Oradan 2 yil o‘tgach, jamoa mavsumni 2ta final - Italiya Kubogi va YEKLdagi ishtiroki bilan nihoyasiga yetkazdi. Italyano esa «Yuventus»da Allegri nomzodlari orasida favoritga aylandi.

Bir yil avval murabbiy DAZN muxbiriga dengizning ilohiy qudrati haqida to‘lqinlanib hikoya qilgandi: «Dengizni ko‘rmasam, zerikib qolaman. Suv meni tinch­lantiradi. «Trapani» va «Spesiya»ni boshqargan davrimda dengizga tez-tez borib turar va undan maslahat olardim. U doimo menga javob qaytarardi».

Florensiyada dengiz yo‘q, shu sababli, murabbiy dengiz bilan xayolan muloqot qildi. Omadsizlikka yuz tutgan 14-o‘rindagi jamoani qabul qilganida, yangi shogirdlarini ularning o‘zlaridan boshqa hech kim to‘xtata olmasligiga ishontirdi, jamoa mavsumni 91ta gol bilan yakunladi. Uning «Fiorentina»si - tobora kuchayib boradigan hujumkor shiddat: «Haqiqiy murabbiy uchun saviyaning ahamiyati yo‘q. 2- va 4-liga jamoalarining mahorati va taktik malakasi turlicha, lekin murabbiy ularni birdek ilhomlantirishi shart. Saviya qay darajada bo‘lishidan qat’iy nazar, murabbiy o‘z shogirdlarini ustunroq, deb o‘ylashi kerak. Agar men jamoam yorqin o‘ynashini istasam, u albatta, yorqin o‘ynaydi. Menga hech kim va hech narsa - raqiblar ham, tarkib ham to‘siq bo‘la olmaydi».

«Fiorentina» murabbiy g‘oyalari haq ekanligini isbotlamoqda. Raqib yarim maydonida to‘p nazorati borasida u top-chempionatlar vakillari orasida yetakchi o‘nlik. Oldingi chiziqda to‘pga egalik qilishi esa 34 foizga teng. Ya’ni, faqat «Manchester Siti» va «Arsenal» undan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Italyano raqiblarini o‘z jarima maydonchalaridayoq qisib qo‘yadi. Uning ustunligi Italiya miqyosida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Maydondagi hukmronlik bobida florensiyaliklar faqat «Napoli»dan ortdalar.

«Mazkur uslub shogirdlarimga raqib yarim maydonida o‘z jamoadoshlarini tezroq topib olishlarida yordam beradi. To‘pni egallab olgach, fulbeklar oldinga o‘tadilar, sakkizliklar hujumchilarga aylanadilar, jarima maydonchasida son jihatidan ustunlik muhim ahamiyatga ega», - deydi Italyano.

Hujumkor va raqobatbardosh jamoani shakllantirish uchun Italyano «Yuve» va «Napoli»ga nisbatan bir necha baravar kamroq - atigi 180 mln. yevro sarfladi. Futbol o‘zaro qarama-qarshilikda raqibiga muammolar yaratishga asoslangan o‘yin. Allegriga o‘xshagan murabbiylar raqiblariga odatiy uslubida o‘ynash imkoniyatini bermaslikni yagona yo‘l, deb biladilar. Ya’ni, raqib jamoaning ustun jihatlarini yo‘qqa chiqarishga intiladilar. Vinchenso g‘oyasiga ko‘ra esa, jon saqlash imkoniyatini raqib jamoa izlashi kerak. U hech qaysi raqibidan tap tortmaydi: «Sizga natija kerak bo‘lsa, shunga yarasha saviyani namoyish eting. Bu - muntazam hujumkorlik, qandaydir yangilikni taklif etish. Raqibning o‘yinidan kelib chiqqan holda tshp surish bilan g‘alabaga erishish qiyin. O‘z g‘oyangiz bo‘lsa, har qanday raqibni mahv eta olasiz».

«Fiorentina» - top-ligalardagi eng ochiq jamoa

Bir oy muqaddam Statsbomb nashri o‘ta kamyob statistika - jamoalarning hujum va himoya chog‘ida jarima maydonchasidagi ishtirokini chop etdi. Italyano ikkala grafikda ham ajralib turdi. Himoya bobida «Fiorentina» eng ochiq (4,6 nafar himoyachi) va hujumda (2,9 nafar hujumchi) 5-o‘rindan joy oldi. Faqat «Monsa», «Udineze», «Arsenal» va «Bavariya» undan ko‘proq hujumchini jalb etadi. Raqamlar Italyano futbolining shiddatidan dalolat beradi. Biroq u ayrim tavakkalchiliklardan xoli emas. Murabbiylar maydonning so‘nggi 20-30 metrida ilojsiz qolishlarini tan oladilar, jarima maydonchasi oldida bo‘sh hududlarni yaratish, shogirdlarini birga-bir vaziyatga olib chiqishga qiynaladilar. Lekin har qanday vaziyatda bu futbolchilarga bog‘liq.

«Fiorentina» ham dastlabki 80 metrda Italiyaning yetakchi uchligida. Hujumni yakunlash sifatga bog‘liq va bu borada muammolar paydo bo‘ladi. Jamoaga markaz va qanotlarda saviyali ijrochilar yetishmaydi. Italyanoning muvaffaqiyati vingerlarning qulay imkoniyatlardan foydalanishlari bilan bog‘liq. Agar ular dribling evaziga son jihatdan ustunlikni ta’minlay olmasalar, jamoa faqat qanot uzatmalari va Gonsalesning kreativligi bilan kifoyalanishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, uning butun jamoa bilan hujumga otlanishi raqiblariga qo‘shimcha imkoniyatlarni beradi. To‘g‘ri, ko‘pincha jamoa bu kamchiligini tajovuzkor harakatlari evaziga to‘ldiradi. Terma jamoaning sobiq tahlilchisi Antonio Galyardining hisob, kitoblariga ko‘ra, kontrpressing tufayli to‘pni raqibdan tortib olish borasida jamoa faqat «Napoli»dan orqada.

Yuqori bosim - hujumga ko‘pchilik bo‘lib otlanadigan jamoa uchun mantiqan to‘g‘ri yechim. Lekin florensiyaliklar to‘p nazorati borasida ayrim kamchiliklardan xoli emaslar. Bunga qisman Italyanoning to‘p muomalasiga oid qarori ham sababchi. Uning shogirdlari kontrpressing paytida o‘zaro uzoqlashib ketadilar, natijada to‘pni egallab olgan raqibda hujumga o‘tish uchun qulay bo‘shliq yuzaga keladi.

Ko‘pchilik bilan hujumga o‘tish boshqa muammolarni keltirib chiqardi. Hozir Italyanoga jamoadoshlari xatolarini tuzata oladigan darvozabon, o‘yinni to‘g‘ri «o‘qiy oladigan» tayanch yarim himoyachisi tezkor markaziy yarim himoyachi zarur. O‘tgan mavsumda jamoa mukammal tarkibga ega edi. Torreyra o‘ta osonlik bilan markaziy himoyachilarga dadil olg‘a intilish imkoniyatini yaratgan, ularning pozisiyalarini Terrachano ishonchli qo‘riqlagandi.

Mutasaddilarning ziqnaligi oqibatida Torreyraning muvozanatni ta’minlash roli Sofyan Amrabatga o‘tdi. Mana shu qaror Italyanoni qiyin vaziyatga tushirib qo‘ydi. Marokashlik futbolchi duelni xush ko‘radi va tez-tez raqiblari bilan yakkakurashlarga kirishadi, uning hududi esa himoyasiz qoladi: 3 nafar himoyachidan faqat Milenkovich yuqori tezlik va vaziyatni to‘g‘ri baholay oladi, xolos. Qo‘shimchasiga, Vlaxovichni top-hujumchiga aylantirish maqsadida murabbiy Yovich va Kabralni to‘psiz harakatlanishga o‘rgatish uchun ko‘p vaqt sarfladi. Lekin urinishlari zoye ketdi. Shu tariqa qudratli «Fiorentina» birinchi davrada 6ta g‘alabaga erishdi va fevral oyida 15-o‘ringa tushib ketdi. O‘shanda murabbiy shogirdlariga dalda berdi: «Tomog‘ingizgacha suvga botgan paytingizda, bundan battarroq holatda bo‘lganingizni eslang va ko‘tarilishga intiling. Harakat qiling, xatolarni tuzating. Siz kurashishga majbursiz».

Italyano jamoani shu tariqa yangi sharoitga moslashtirdi. U Amrabatni ham o‘z uslubiga moslashtirdi, ke­yin vingerlarni yanada oldinroqqa o‘tkazdi. Qo‘shimcha yuklamalarni tayanch yarim himoyachilar va fulbeklar zimmasiga yukladi. Ana shu o‘zgarishlar o‘z samarasini berdi: bahor bosqichida «Fiorentina» «A» seriyasida 3-natijani qayd etdi. Ha, jiddiy ijobiy siljish! Lekin Italyanoning muammolarni qanday hal qilgani hammasidan ustun. Uning o‘rnida 100 nafar kasbdoshining 99 nafari qaltis yechimdan qochish maqsadida og‘irlik markazini pasaytirgan bo‘lardi. Vinchenso esa yanada balandroqqa ko‘tardi. Mana shu yechimi uning italyan futboliga zid islohotchi ekanligini tasdiqlaydi: uning yorqin o‘yin ko‘rsatishiga hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi. Chunki chegara yo‘q - oldinda faqat ufqlar bor!

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:00, 11.06.2023.
O'qildi: 2790 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.