Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Kozim Valiyev: «Qashqadaryolik muxlislarga yetadigani kam»

Kozim Valiyev: «Qashqadaryolik muxlislarga yetadigani kam»

Baho:
+ | -

«Sevinch» mamlakatimiz ayollar futbolida juda katta o‘rin tutishi sir emas.

Tushunarliki, Qarshi klubining muvaffaqiyatlari ortida katta va ahil shtabning tizimli ishi bor. Yaqinda maxsus muxbirimiz «Sevinch»da taniqli mutaxassis Vladislav Xanga yaqindan ko‘maklashayotgan yordamchi murabbiy Kozim Valiyevni suhbatga chorlab, jamoa nimaning hisobiga barqaror odimlayotganiga qiziqdi.

- «Sevinch» joriy mavsum ham chempionatda yaqqol yetakchilik qilmoqda: 11ta turda 33 ochko, gollar nisbati 83:2. Bu holatni qanday izohlardingiz: jamoangiz raqiblardan chindan ham, bir bosh ustunmi yoki barchasi shunchaki, vaziyat taqozosi...?

- Ochig‘i, bu savolga javob berishim biroz noqulay. Raqiblarga hurmat saqlagan holda, aytaman: tarkib nuqtai nazaridan o‘tgan mavsum ham  kuchli edik. Bu yil esa yangi futbolchilar hisobiga yanada kuchaydik, menimcha. Harqalay, jamoadan ketganlar o‘rnini munosib ijrochilar bilan to‘ldirdik. Deylik, terma jamoaga nomzod qizlarni o‘z safimizga qo‘shib oldik. Jumladan, «Bunyod-kor-W» yetakchilaridan Lyudmila Karachik, Aziza Norboyeva va Umida Zoirova bilan shartnoma tuzdik. Qolaversa, «So‘g‘diyona-W» sardori Xolida Dadaboyeva ham tarkibimizni to‘ldirdi. Shuning barobarida AGMK-W klubidan yosh va iqtidorli qizlarni taklif etdik. Qisqasi, kuchli seleksiya ishlari natijasida asosiy tarkibga kirish uchun raqobat ancha kuchaydi. Bu holat qizlarni katta ishtiyoq bilan ishlashga undayotgani tayin. Ehtimolki, raqiblarimizda tarkib borasida aksincha holat kuzatilgandir. Lekin katta gapirish yaramaydi. Mavsumning katta qismi hali oldinda. Albatta, bizni og‘ir va jiddiy o‘yinlar kutmoqda. Shunday ekan, hozirdan xotirjamlikka berilish yaramaydi, bunga asos ham yo‘q. Lekin jamoada ishonch hissa juda yuqori. «Sevinch»ning barqaror o‘yinlari klub uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ham bog‘liq, albatta. Hozirda e’tibor yanada kuchaygan. O‘z o‘znida jamoa rahbari Shuhrat Aslanovga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik izhor etishim kerak.

- «Sevinch» oldiga joriy mavsum ham yuqori maqsad-vazifalar qo‘yilgani o‘z-o‘zidan tushunarli. Qiziq, qaysi marra eng asosiysi hisoblanadi?

- Ha, jamoamiz hamisha eng yuksak cho‘qqilarga intiladi o‘z-o‘zidan. Joriy mavsum mamlakat chempionati va kubogidan tashqari, Osiyo Chempionlar Ligasida ham qatnashamiz. Tabiiyki, xalqaro maydonda ham chempionlik uchun kurashamiz. Qay biri muhimroq? OCHL boshqa daraja, baribir. Lekin «Sevinch» o‘zi ishtirok etadigan har bir turnirga jiddiy yondashadi. Zero, deylik, chempionat yoki kubok turniridagi omadsizlik umumiy kartinani buzib qo‘yishi hech gap emas.

- «Sevinch» barcha yosh toifasidagi O‘zbekiston ayollar va qizlar terma jamoa­lariga futbolchi yetkazib beradigan asosiy klub hisoblanadi. Shunday ekan, terma jamoalar yig‘ini yoki xalqaro turnirlar vaqti muhim futbolchilardan foydalanolmaysizlar. Optimal tarkibsiz qiynalib qolmaysizlarmi, umuman, terma jamoalar tayyorgarligi klub rejalariga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?

- O‘rinli savol. Albatta, klubimizning ko‘plab qizlari turli yosh toifasidagi terma jamoalarga nomzod ekanliklari va tez-tez yig‘inlarga jalb etilishlari rejalarimizga ozmi-ko‘p ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Lekin bu holat mavsum boshidayoq hisobga olingan. Faqat shu o‘rinda terma jamoalar murabbiylariga bir iltimos bor: bizni yig‘inlar rejasi va kimlarni chaqirishlari haqida vaqtliroq ogohlantirib qo‘yishsa, bas. Bu nafaqat «Sevinch», balki boshqa klublarning ham reja tuzishida juda muhim.

- Murabbiylik faoliyati bo‘yicha kelajak rejalaringiz qanday?

- Har doim oldimga maksimal marralarni qo‘yishga odatlanganman. To‘g‘risi, ayollar futbolidagi faoliyatim tasodifan boshlandi. Avvaliga akademiyada ishlab, ayni payt «Surxon»ni boshqarayotgan Sergey Arslonovdan ko‘p narsa o‘rgandim. Lekin «Paxtakor»dagi faoliyatim uzoqqa cho‘zilmadi. «Paxtakor»da ishlaganimda, mashg‘ulotlarga Mahliyo Sariqova qo‘shilib turardi. «Sevinch»ga kelishimga aynan Mahliyo sababchi bo‘ldi. Ya’ni klub uning tavsiyasi bilan meni taklif qildi. Nasib ekan, hozirda ayollar futbolida tajriba oshiryapman. Kelajakda esa yana erkaklar jamoasida faoliyat olib borish rejasi yo‘q emas.

- Futbol muxlislariga aytar so‘zingiz...

- Bilamizki, mamlakatimizda vodiylik va albatta, qashqadaryolik muxlislarga yetadigani yo‘q. «Nasaf»ning bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostida yildan-yilga rivojlanayotganida muxlislarning ham katta hissalari bor. To‘g‘ri, jamoa o‘yinida biroz pasayish sezilsa, darhol keskin tanqidlar boshlanadi. Muxlislardan jamoani aynan qiyin pallalarda faolroq qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rardim. Futbol muxlislar bilan go‘zal. Shunday ekan, ular sevimli jamoalarini olg‘a boshlashdan aslo charchashmasin.

Samandar ARABOV suhbatlashdi

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 09:54, 27.06.2023.
O'qildi: 1168 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.