Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/11 00:45 Kalyari 1-0 Verona
30/11 01:00 Brayton 1-1 Sautgempton
30/11 01:00 Malyorka 2-1 Valensiya
30/11 18:00 Barselona - Las-Palmas
30/11 19:00 Komo - Monsa
30/11 20:00 Brentford - Lester
30/11 20:00 Kristal Pelas - Nyukasl
30/11 20:00 Nottingem Forest - Ipsvich
30/11 20:00 Vulverhempton - Bornmut
30/11 20:15 Alaves - Leganes
30/11 22:00 Milan - Empoli
30/11 22:30 Vest Xem - Arsenal
30/11 22:30 Espanyol - Selta
01/12 00:45 Bolonya - Venetsiya
01/12 01:00 Valyadolid - Atletiko

Maurisio Pochettino: «Chelsi» madaniyatini yaxshi bilaman»

Maurisio Pochettino: «Chelsi» madaniyatini yaxshi bilaman»

Baho:
+ | -

29 may kuni «Chelsi» bilan 2 yillik (uzaytirish opsiyasi ham bor) shartnoma tuzgan argentinalik taniqli murabbiy Maurisio Pochettino klubning mashg‘ulotlar bazasi - Kobxemga kelgani hamono jurnalistlarga «tutildi».

 Yangi bosh murabbiy suhbatga kirishishdan oldin alohida ta’kidladi: «Meni «Chelsi» loyihasiga qo‘shilishga undagan bir necha salmoqli sabablar bor, albatta. Bular - g‘alaba qozonish madaniyati, xodimlarga nisbatan yuksak e’tibor, jamoa muhiti va qizg‘in ish jarayoni».

- Maurisio, «Chelsi»da xush ko‘rdik. Aytingchi, sizni klubning yangi loyihasida avvalo, qaysi jihat qiziqtirdi?

- «Chelsi»da ishlash menga katta zavq bag‘ishlaydi. Binobarin, jamoani juda yaxshi bilaman. Gap dunyodagi eng buyuk klublardan biri haqida ketmoqda. Shuning uchun bu yerga ko‘chib o‘tish masalasida ortiqcha ikkilanmadik. Kobxemda hamma meni iliq kutib oldi, endi darhol mashg‘ulotlarni boshlaymiz. «Chelsi» Angliya futboli tarixidagi eng sov­rindor jamoalardan biri va zafarlarni qaytarish yo‘lida qattiq ishlashimiz kerak.

- Tarix haqida gapirdingiz. Klub madaniyati shaxsan siz uchun qanchalik muhim?

- «Chelsi» tarixi - bu g‘oliblik mentaliteti. Oxirgi 15 yilni olsak, «Chelsi» APLdagi eng sovrindor klublar qatorida. Albatta, APL va «Chelsi» madaniyati nimani anglatishini juda yaxshi bilaman. Ayniqsa, London jamoalari o‘rtasida kuchli raqobat bor. To‘g‘ri, «Chelsi» va sobiq klubimdagi boshqaruv tizimi o‘rtasida farq katta. «Stemford Brij»da nisbatan yosh tarkib bilan ishlash men uchun juda qiziq, shuning barobarida zimmamga tushadigan missiya katta mas’uliyat yuklaydi. Birinchi navbatda, murabbiylar shtabi va futbolchilar o‘rtasida yaxshi munosabat, sog‘lom muhitni shakllantirish talab etiladi. 

- So‘nggi 12 oy davomida «Chelsi» tizimi keskin o‘zgardi. Bu holat siz va yordamchilaringizga qanday yangi imkoniyatlar eshigini ochadi?

- Hammasi juda qiziq, zero, mohiyatan salohiyati katta iste’dodli yigitlar bilan hamkorlik qilishga moyilman. Lekin yosh futbolchilar avvalo, klub nomi va madaniyatini chuqur his qilishlari, «Old Trafford»­da maydonga tushish nimani anglatishini teran anglashlari shart. Demoqchimanki, oldimizda klub g‘oyalarini tushunadigan ahil tarkib shakllantirish vazifasi bor. Barchaga ma’lum, hozirgi rahbariyat klub taraqqiyoti yo‘lida bor imkoniyatlarni ishga solmoqda, tabiiyki, muxlislar shu qat’iy harakatlarga yarasha munosib natija talab qilishga haqlilar. Ha, oxirgi yillar «Chelsi» hayotida turli baland-pastliklar kuzatildi, muhimi, bizda aniq rejalar bor. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, «Chelsi» faqat eng yuqori o‘rinlar uchun kurashadi, chunki klub tarixi shuni taqozo etadi. 

- Yangi mavsumda futbolchilardan avvalo, nimalarni talab qilasiz, qanday karomatlar kutasiz?

- Asosiy umid oddiy - ular mutlaqo ochiq bo‘lishlari kerak. Toki, murabbiylar shtabi mavjud g‘oyalarni amalda qo‘llash va futbolchilarni boshqarish masalasida ko‘zda tutilmagan muammolarga uchramasin. Qisqasi, birinchi navbatda, jamoa a’zolari o‘zlarini qulay his qilishlari uchun yaxlit platforma yaratishimiz kerak. Oddiy aytganda, har bir futbolchi tarkibda o‘rni borligini, «Chelsi» oilasi uchun muhim odam ekanligini qalban his etishi darkor. Agar shu ish uddasidan chiqsak, natijalar o‘z-o‘zidan yaxshilanib borishiga shubham yo‘q. O‘z o‘rnida biz - murabbiylar «Chelsi» futbolchilari ham individual, ham jamoaviy ravishda takomillik sari qadam tashlashlari, maydonda muvaffaqiyat qozonishlari yo‘lida bor tajribamiz, salohiyatimiz va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz. Futbolda eng asosiy jihat - turli vositalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. O‘ylaymanki, bizda buning uchun ma’lum tajriba bor va birgalikda klub hayotida ajoyib yangi sahifa ochishimiz mumkin. Xullas, asosiy talab - hamnafas bo‘lish, birgalikda astoydil ishlash va shu asnoda klubning ajralmas qismiga aylanish. Agar hammamiz kutilgan darajada birlasha olsak, bir yoqadan bosh chiqarsak, «Chelsi» yana qudratli kuchga aylanadi, albatta. Hozirning o‘zida aql bovar qilmas darajada yaxshi tarkib bor va hali klubning bir qismiga aylanishni chin yurakdan istaydigan yangi futbolchilarni ham jalb etamiz. Umid shuki, rahbariyat va muxlislar armiyasi bilan birlashib, muvaffaqiyat yo‘liga qayta tushib olamiz.

- Xo‘sh, Kobxem bazasiga bog‘liq ilk taassurotlaringiz qanday?

- Ajoyib, bazaga gap bo‘lishi mumkin emas. Har holda, sharoitlar masalasida muammo yo‘q. Biroq qaytaraman, avvalo, murabbiylar va futbolchilar bu yerda o‘zlarini xuddi uylaridadek his etishlari shart. Chunki endi kundalik hayotimizning katta qismi bazada o‘tadi. Yigitlarga eng yuqori darajada qulaylik yaratish, kuchli hissiyot tortiq etish mening zimmadagi mas’u­liyatdir. Albatta, bazada mutlaqo go‘zal muhit shakllantira olishdan umidvorman.

- Mavsumoldi yig‘inlari, jumladan, AQSH turnesi haqida nima deya olasiz?

- Sir emas, mavsumoldi jarayonida butunlay boshqacha sharoitlar bo‘ladi. «Chelsi» oldiga qo‘yilgan vazifalar esa tayin: nafaqat APL, balki boshqa turnirlarda ham natijaga erishish. Shunday ekan, tayyorgarlik jarayonida futbolchilarni talab darajasida sharoitlar bilan ta’minlash shart. Hozirgi holatda muayyan qolipga solingan yaxlit tarkibga ega emasmiz. Demak, yig‘inlarda barchaga imkon beriladi. Takrorlayman, «Chelsi»da jamoaviy harakatlarga asoslangan falsafa bo‘yicha ish yuritaman. Bu keyinchalik jamoaning o‘zgarmas falsafasiga aylanishini xohlayman. Demoqchimanki, klubda yuqori mavqega erishishni istaydigan ham bir futbolchi Pochettino, to‘g‘rirog‘i, «Chelsi» oilasining muhim a’zosiga aylanishi shart. Boshqacha yondashuv ketmaydi. Yigitlar muvaffaqiyat sari yakka tartib yoki guruh bo‘lib emas, yagona kuch sifatida borish, shunda jamoa ko‘p ishlarga qodir bo‘lishini tezroq anglashsa, bas. Oxirgi yillarda futbol katta o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Endilikda har bir pozisiyani jipslashtiradigan va jamoani olg‘a tortadigan liderlar zarur.

- Aytingchi, so‘nggi bir necha yil davomida murabbiylik qarashlaringiz qanchalik o‘zgardi?

- O‘ylaymanki, har tomonlama mukammallik sari intilyapman. Nuqson va kamchiliklarimni to‘g‘rilash uchun yetarlicha vaqt­ga ega bo‘ldim. Deylik, Angliyadan ketgach ham, katta tajriba to‘pladim. Agar xatolarni tahlil qilmasang, ulkan tajriba ham senga yordam berolmaydi. Ortda qolgan davrni sinchiklab tahlil qildim va chiqarilgan xulosalar hozirgi faoliyatimda asqotishiga ishonaman. Futbol - jozibali o‘yin. Bunda emosiya faqat muxlislardan chiqmaydi, balki futbolchilar ham o‘z hissiyotlarini zarur payt yetkazib berishlari kerak. Bu murabbiylarga ham taalluqli gap. Xullas, futbol ehtiroslar ustiga quriladi. To‘g‘ri, texnologiyalar rivoji kommunikasiyani oldinga siljitgani bor gap, biroq shunday paytlar keladiki, o‘z g‘oyalaringni shogird­laringga aniq yetkazishing uchun oddiy tabassum, ko‘z nigohi yoki tana harakati kerak bo‘ladi.

- Qiziq, yangi mavsum uchun shaxsiy maqsadingiz nima?

- G‘alaba qozonish, albatta. Chunki futbol mohiyati - g‘alaba! Biz ko‘p vaqtni birga o‘tkazamiz, yaxshi munosabatlar o‘rnatamiz, sog‘lom muhit yaratamiz va hokazo... Lekin oxir-oqibat, g‘alaba eng muhimi bo‘lib qolaveradi. Agar jamoangiz g‘alaba qozonib tursa, barcha yo‘nalishlar o‘z-o‘zidan harakatga tushadi. Natijaga qanday erishish esa boshqa masala. Biz aynan shu haqda qayg‘uradigan odamlarmiz. Oxir-oqibat, biz ham g‘alaba qozonish, raqobatbardosh bo‘lish, har hafta va har bir o‘yinda raqibga jang taklif etadigan «yirtqichlar»ga aylanishni xohlaymiz. Maydonga tushishdan oldin esa mashg‘ulotlar jarayonida sher, bo‘ri yoki tasavvurimizdagi boshqa hayvondek shug‘ullanishimiz shart. Shundagina «yirtqich» rolini o‘yinga ko‘chirish imkoni tug‘iladi. Tabiiyki, ichimizda ushbu mentalitet va yengilmaslik tuyg‘usini hosil qilish yo‘lida qattiqqo‘llik bilan ishlash, ko‘p ter to‘kish zarur.

- «Chelsi» muxlislariga klubning yangi bosh murabbiyi sifatida nima deysiz?

- Allaqachon London va Barselona ko‘chalarida muxlislar bilan suhbatlashdim. Ular klubning kelajagiga ishonch bilan qarashmoqda va bundan hayajondamiz, albatta. Hozir muxlislarga nima va’da qilishim mumkin? Qattiq ishlash va «Chelsi» libosidagi ramzni oxirgi tomchi qon qolgunicha himoya qilishni! Muxlislar uchun hammasiga tayyormiz, shunda ular biz bilan chinakamiga g‘ururlanishadi. Qisqasi, va’da shu - klub bayrog‘ini jon-jahdimiz bilan himoya qilamiz!

Maydonga tushishdan oldin esa mashg‘ulotlar jarayonida sher, bo‘ri yoki tasavvurimizdagi boshqa hayvondek shug‘ullanishimiz shart. Shundagina «yirtqich» rolini o‘yinga ko‘chirish imkoni tug‘iladi. Tabiiyki, ichimizda ushbu mentalitet va yengilmaslik tuyg‘usini hosil qilish yo‘lida qattiqqo‘llik bilan ishlash, ko‘p ter to‘kish zarur.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:35, 12.07.2023.
O'qildi: 1445 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.