"Manchester Yunayted", "Liverpul" va "Chelsi" kabi klublar muxlislari o‘n yillar davomida o‘z jamoalari uchun ko‘plab afsonalarni kashf etib kelishmoqda. Ammo shunday nomlar ham borki, ular APLga juda kech kirib kelgan. Ular o‘zining eng yaxshi yillarini butunlay boshqa chempionatlarda, boshqa jamoalar bilan o‘tkazadi. Bu afsonalarni biz o‘zga jamoalarda qilgan ishlarini ko‘rganmiz va bilamiz. Ularning APLga kelishi esa anchadan keyin yuz bergan.
Jorj Vea
Jorj Vea o‘zining eng yaxshi yillarini Italiyada o‘tkazgan edi. U 2000 yilda "Chelsi" safiga ijara asosida kelib qo‘shiladi. Hujumchi, keyinchalik "Manchester Siti" bilan ham yomon mavsum o‘tkazmadi. Vea "Oltin to‘p"ga loyiq futbolchilardan biri edi. Ammo APL shunday afsonani ancha kech tanidi.
Patrik Klyuyvert
Klyuyvert-SHirer juftligini 90 yillar o‘rtasida ko‘rish "Nyukasl Yunayted" muxlislarini quvontirgan bo‘lardi. Afsuski, bu jamoa uchun XXI asr omadli kelmadi. Natijalar yomonlashib ketgan edi. Yuqoridagi nomlar esa 2004-2005 yilga kelibgina birlashdi. Ammo bu paytda ancha kech edi. Mavsum "Nyukasl" uchun 14 o‘rinda yakun topadi.
Zlatan Ibragimovich
Ibragimovich 34 yoshidan keyin "Manchester Yunayted"ga keladi. O‘zining ilk mavsumida, shvesiyalik hujumchi mavsum o‘rtasiga qadar 28 ta gol urishga erishgan edi. Afsuski, Ibragimovoch jarohati sababli mavsumning qolgan davrida ko‘p ham maydonga tusha olmadi. Keyingi yili u erkin agent sifatida "LA Gelaksi" safiga yo‘l oladi. O‘shanda hamma Ibragimovich "MYU"ga o‘ta kech kelganini anglab yetgandi. Agarda hujumchi o‘z cho‘qqisida APLga tashrif buyurganida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi.
Esteban Kambyasso
2014 yil "Inter" Kambyasso bilan xayrlashadi. O‘shanda, APLga endigina yangi chiqqan "Lester Siti" uni taklif etadi. Yarim himoyachi bir mavsum "tulkilar" safida harakat qilgandi. Kambyasso o‘sha mavsumda jamoaning eng yaxshi yil futbolchisi deb topiladi. Yangi shartnoma taklif etilganiga qaramay, argentinalik afsona "Olimpiakos" safiga ketadi. Oradan bir yil o‘tib, "Lester" Angliya chempioni bo‘ladi. O‘shanda futbolchiga rosa alam qilgan bo‘lsa, ajab emas.
Maykon
Maykon zamonaviy himoyachilarning yorqin namunasi edi. U 2010 yilda "Inter"ning treb qayd etishida muhim vazifani bajaradi. Braziliyalik afsona 31 yoshida "Manchester Siti"ga keladi. Jarohatlar sabab Roberto Manchini Maykondan ko‘ra, Pablo Sabaleta yoki Mika Richardsni maydonga tushirishni afzal ko‘radi. Oradan ko‘p o‘tmay, Maykon A seriyaga qaytib ketgan edi.
Ruud Gullit
Gullit 32 yoshida "Chelsi"ga keladi. London klubining eng yaxshi vakillaridan biriga aylangan futbolchi, "aristokratlar"ni o‘ynovchi-murabbiy sifatida Angliya kubogi g‘olibiga aylantirgan edi. Bu haqida futbolchining o‘zi shunday deydi: "Har safar bu jamoa uchun maydonga tushganimda, muxlislar, stadion va muhitdan zavq olardim. Men uchun "Chelsi" ko‘p narsani angalatadi".
Fernando Yerro
Yerro tarixdagi eng yaxshi to‘purarga aylangan himoyachilardan biridir. U faqatgina bir mavsum davomida Sem Ellardaysning "Vest Brom"ida harakat qilgan. APLda u bitta gol ura olgan xolos.
Xenrik Larsson
Larsson "Manchester Yunayted"da faqatgina 10 hafta o‘ynaydi xolos. Shu qisqa vaqt ichida futbolchi jamoa ichida katta hurmatga sazovar bo‘ladi. 35 yoshida "qizil iblislar"ga kelib qo‘shilgan Larssonning ismiyoq, hamma yoqni larzaga solardi. Afsuski, shvesiyalik o‘zining zo‘r yillarini "MYU"da emas, balki "Seltik"da ӯtkazgan.
ISMATOV J.