Yaqin tarixda bir-biridan ajoyib transferlar yuz berdi. Ular ichida tekinga amalga oshirilganlari ham mavjud. Bunga misol tariqasida Lionel Messining "PSJ"ga ketishini yoki Ilkay Gyundoganning "Barselona"ga kelishini keltira olamiz. Bu tendensiya hali-hamon davom etmoqdaki, bu yozda ham o‘nlab yulduzlar o‘ziga klub qidirib yuribdi. Ba’zida klublar bir futbolchi uchun astronomik miqdorda katta pulni sarflashadi (Mbappe yoki Neymar transferini eslang). Ba’zida esa, ajoyib futbolchilar shunchaki, tekinga qo‘lga kiritiladi. Quyida shunday transferlarning XXI asrdagi top o‘ntaligini bilib olasiz.
Andre Pirlo
2011 yilda futbol tarixidagi eng g‘alati transferlardan biri yuz beradi. "Milan" Pirloni "Yuventus"ga qo‘yib yuboradi. Afsonaviy yarim himoyachi Turin klubi bilan to‘rt yil birga bo‘ldi va mana shu davr ichida 4 marta Italiya chempioniga aylandi. "Milan" esa o‘z chempionligini Pirlodan keyin yana 10 yil kutishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Sol Kempbell
Shimoliy Londonning bir klubidan ikkinchisiga ko‘chib o‘tish uchun odamda katta yurak bo‘lishi kerak. 2001 yilda Kempbell aynan shunday qiladi. Bu qilmishidan keyin, "shporlar" muxlislari futbolchidan nafratlanib qolishgan. Ammo Kempbell "Arsenal" bilan ikki bor Angliya chempioni bo‘lib, yana ikki marta Angliya kubogiga ega chiqadi. Bu shuni ko‘rsatadiki, Kempbellning qarori to‘g‘ri bo‘lgan.
Robert Levandovski
"Bavariya" doimo "Borussiya Dortmund" qalbiga g‘ulg‘ula solgan. Hatto, transferlar oynasida ham. Myunxenliklar o‘z raqibidan ko‘plab futbolchilarni yillar davomida sotib olar, ba’zida esa tekinga olib ketardi. Shundaylardan biri Levandovski edi. 2014 yilning yozida erkin agent sifatida, Robert "Bavariya"ga keladi. Polsha terma jamoasi hujumchisi to 2022 yilga qadar 8 marta ketma-ket Germaniya chempioni, YECHL g‘olibi, uchta mamlakat kubogiga ega chiqdi. Bu davrda davomida u esa yuzlab gollarga mualliflik qildi.
Jeyms Milner
"Liverpul" Milnerni eng katta raqibi bo‘lgan "Manchester Siti"dan 2015 yilda olib keladi. Yarim himoyachini mersisaydda katta nomga aylanishini hech kim kutmagandi. Ammo shunday bo‘ldi. Milner 2018-19 yilda YECHLda eng ko‘p assist qayd etgan futbolchiga aylangandi.
Miroslav Kloze
"Bavariya", keyinchalik Klozeni 2011 yilda jamoada olib qolmagani uchun afsuslanadi. 33 yoshli hujumchi "Lasio"ga o‘tib, u yerda yana besh mavsum harakat qilgandi. Germaniya afsonasi Italiyada 170 ta o‘yinda maydonga tushib, 64 ta gol muallifi bӯldi. Hujumchi 2016 yilda futboldan ketadi.
Esteban Kambyasso
2004 yilda "Real" afsonaviy futbolchini tekinga qo‘yib yuboradi. O‘shanda "Inter" Kambyassoga ega chiqqan. Argentinalik futbolchi Italiyada jami 431 ta bahsda qatnashib, beshta mamlakat chempionligini, to‘rtta kubok va YECHL bosh sovrinini qo‘lga kiritadi. O‘n yildan keyin Kambyasso "Lester Siti"ga yo‘l olgandi.
Pol Pogba
Pogba 2012 yilda "MYU" bilan xayrlashadi. Erkin agent sifatida klub qidira boshlagan yosh futbolchini "Yuventus" taklif qiladi. To‘rt yil ichida yarim himoyachi 89 million funtlik darajaga erishib, 2016 yilda "MYU"ga qayta sotilgandi. Moliyaviy jihatdan olib qaraganda, bir klubga bunchalik katta foydani, bunchalik qisqa vaqt ichida keltirgan futbolchini topish qiyin.
Mixael Ballak
Ballak 2006 yilda "Chelsi"ga yo‘l oladi. Bu davrga qadar nemis afsonasi "Bavariya" bilan to‘rt masvumda uchta Bundesliga chempionligini qo‘lga kiritgandi. 29 yoshli hujumchi Angliyada 4 masvum harakat qildi. Bu davrda esa APL, liga kubogi va mamlakat kubogi ikki martadan yutiladi. Shubhasiz, uning kelishi "Chelsi" uchun katta foyda keltirdi.
Raul
Afsonaviy hujumchi 18 yildan keyin "Real"dan ketishga qaror qiladi. Raul 2010 yilda, erkin agent sifatida "Shalke 04"ga o‘tadi. O‘shanda u 33 yosh edi. Shunga qaramay, Raul Bundesligaga moslashish uchun qiynalmadi. Ispaniyalik futbolchi Germaniyada jami 98 ta o‘yin o‘tkazib, 40 ta golga mualliflik qilgandi.
Xenrik Larsson
Larsson "Seltik" safida gollarni hech qiynalmay urardi. Hujumchi 2004 yilda "Barselona"ga yo‘l oladi. O‘shanda hamma hayron bo‘lgandi. To‘g‘ri, haqiqatdan ham Larssonning Ispaniyadagi ikki mavsum zo‘r kechmadi. U 19 tagina golga mualliflik qildi xolos. Ammo uning eng katta qilgan ishi, 2006 yilning YECHL finalida ro‘y bergan. O‘shanda hujumchi, zahiradan maydonga tushib, "Arsenal"ga qarshi imkoniyatni boy berayotgan jamoasini ikkita assisti bilan chempionga aylantirgandi.
ISMATOV J.