Neymar "Barselona"dagi 4 yillik faoliyati davomida dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biriga aylanadi. U 2013 yilda "Santos"dan xarid qilingandi. 2017 yilda braziliyalik futbolchi rekord summa evaziga "PSJ"ga sotiladi. Sotuvdan tushgan 222 million yevroni "Barselona" yangi transferlarga ishlatadi. Quyida Neymar o‘rniga sotib olgan 5 futbolchini bilib olasiz.
Usmon Dembele

Dembele 2017 yilda xarid qilingan besh futbolchining eng qimmati edi. U "Borussiya Dortmund"dan 96.8 million funt evaziga sotib olinadi. Afsuski, yosh futbolchi qariyb besh yil davomida jarohatlardan qiynaldi. 26 yoshli vinger 2021 yildan boshlab o‘z formasini tiklay boshladi. Xavi davrida unga yangi bitim taklif etildi. O‘tgan mavsumda Dembele yanada yorqinroq namoyon bo‘ldi va "Barsa"ni chempion qilishda faol qatnashdi. Afsuski, uni jarohatlar haliyam ta’qib qilardi. Ayni damda Dembele "PSJ"ga o‘tish bo‘sag‘asida turibdi. Uning ketishi allaqachon Xavi tomonidan tasdiqlangan. Umid qilamizki, Dembele Parijda yanada yuksaladi.
Paulinyo

"Barselona"ning 2017 yilda Paulinyoni sotib olishi, katta tanqidlarga sabab bo‘ladi. Sobiq "Tottenxem" futbolchisi evaziga kataloniyaliklar Xitoyning "Guanjou" klubiga 36 million funt to‘lab beradi. 2017/18 yilgi mavsumda braziliyalik yarim himoyachi 9 ta golga mualliflik qiladi. Uning bir mavsumlik xizmatlari "Barselona"ga La-liga va mamlakat kubogini yutishda katta yordam bergandi. Paulinyo yana "Guanjou"ga qaytib, 2019 yilda Xitoy chempioniga aylanadi. 33 yoshli futbolchi 2021 yilda "Al-Ahli" safiga erkin agent sifatida kelgan. Ammo bir necha oylardan keyin, shartnomasini muddatidan oldin tugatib, Braziliyaga qaytib ketadi. U hozir "Korintians" safida harakat qilmoqda.
Nelson Semedu

Semedu 2017 yilda "Benfika"dan sotib olinadi. U jamoada Dani Alvesh o‘rnini egallashi taxmin qilingandi. Qanot himoyachisi "Barselona"da jami 124 ta o‘yin o‘tkazadi. Bu davrda Semedu 2 ta mamlakat chempionligini, bir marta esa kubokni qo‘lga kiritgan. 2020 yilda portugaliyalik futbolchi "Vulverxempton"ga 27.6 million funt evaziga sotib yuborilgandi. Semedu APLdagi debyut mavsumini qiyin o‘tkazdi. 2022 yilda uning oyog‘i jarrohlik amaliyotidan o‘tgan. O‘tgan mavsum Nelson uchun asosan zaxira davri edi.
Jerar Deulofeu

Deulofeu "Barsa" tarbiyalanuvchisi sanaladi. U 2015 yilda sotib yuboriladi. 2017 yilda "Barselona" himoyachini qayta sotib olish huquqini ishga soladi. 2018 yildagi Koutinyoning kelishi, ispaniyalik futbolchini sotilishiga olib kelgan. U "Uotford"ga transfer qilinadi.
2020 yilda "bug‘ular" Chempionshipga tushib ketgach, futbolchi "Udineze"ga ko‘chib o‘tadi.
Marlon Santos

Marlon 2016 yilda "Barselona" tomonidan ijaraga olinadi. "Fluminense"dan kelgan futbolchi, B jamoada harakat qila boshladi. Markaziy himoyachi keyingi mavsumda 5 million yevroga sotib olinadi va "Nissa"ga ijaraga beriladi. 2018 yilda Santos 6 million yevro evaziga "Sassuolo"ga sotilgan. Oradan uch yil o‘tgach, Santos "Shaxtyor Donesk" safiga ketadi. 2022 yilda uni "Monza" sotib olgan. Negaki, braziliyalikni Ukrainadagi urush tashvishga solib qo‘ygandi.
ISMATOV J.













