Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Tijani Reynders: «Asosiysi – o‘zlikni saqlab qolish»

Tijani Reynders: «Asosiysi – o‘zlikni saqlab qolish»

Baho:
+ | -

«Milan» 19 iyul kuni Niderlandiya Eredizioni vakili AZ klubidan  yarim himoyachi Tijani Reyndersni 20 million yevro (bonus to‘lovlaridan tashqari)ga sotib olgandi.

24 yoshli futbolchi bilan tuzilgan shartnoma 2028 yilning 30 iyunigacha mo‘ljallandi. Zvolleda tug‘ilgan Tijani 2015 yilgacha «Tvente» yoshlar akademiyasida tahsil olgan, mavsum-2016/2017 arafasida esa jonajon shahriga qaytib, «PEK Zvolle» safiga qo‘shildi. Keyingi yili AZ (Alkmaar) bilan shartnoma tuzgan Reynders asosiy jamoada ko‘rinish berishiga qadar to‘liq ikki mavsum o‘rinbosarlar tarkibida tajriba to‘pladi. Bu davr samarasiz ketmadi, har holda, Tijani bosh jamoa ixtiyoriga o‘tishi bilan o‘zini ko‘rsatishga tushdi. Shu tariqa oxirgi 3 mavsum barcha turnirlar hisobidan AZ libosida 128 marta maydonga tushgan iqtidor 13ta gol va 15ta assist rasmiylashtirdi. Mana, Reynders endi yana bir yangi bosqichga qadam qo‘yish arafasida turibdi. «Milan»da 14-raqamni tanlagan iqtidor sohibi La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida umidlarni oqlashga shayligini ta’kidladi. Binobarin, «San Siro»da unga Sandro Tonali o‘rindoshi sifatida qarashmoqda.

- Avvalo, «Milan»dan olgan ilk taassurotlaring bilan o‘rtoqlashsang...

- To‘g‘risi, birinchi kundanoq naqadar katta klubga kelganimni teran angladim. Hayratim cheksiz. Ha, AZ klubiga ancha o‘rganib qolgandim, lekin tan olish kerak, «Milan» darajasi boshqa, baribir.

- Xo‘sh, aynan nimasi o‘ta ta’sirli?

- Muxlislar armiyasi. Hattoki, mashg‘ulot o‘yinlariga ham e’tibor katta va buni ko‘rish juda yoqimli. Bolaligimda «Milan» o‘yinlarini muntazam ravishda o‘zim yoki otam bilan birga televizor orqali tomosha qilardim. Demoqchimanki, bu klubning yuksak maqomga egaligini bilardim, lekin hammasi shu darajada ekanligini tasavvur qilmaganman, rosti.

- «Rossonerlar»ga nisbatan bunday muhabbat asosi bormi? Deylik, hammasiga biror futbolchi sababchidir...

- Xuddi shunday. Klubga Niderlandiya futboli tarixidagi eng yaxshilardan biri Marko van Basten tufayli mehrim tushgan, shubhasiz. Qisqasi, «Milan»da iz qoldirgan niderlandiyaliklar haqida so‘rasangiz, birinchi navbatda, aynan shu futbolchini tilga olaman.

- Muxlislarni Reynders bosh murabbiy Piolining yangi chizmasi - 4-3-3 sxemasida maydonning qaysi nuqtasidan joy olishi masalasi qiziqtirmoqda. Kimdir senga «rejista» rolini taxmin qilmoqda, boshqa birov «messala»ni. Xo‘sh, kim haq?

- O‘zimga qolsa, «8-raqam» pozisiyasida o‘ynashni ma’qul ko‘raman, ya’ni «messala» roliga moyilman. Chunonchi, «boks-tu-boks» toifasiga mansub yarim himoyachiman. Oddiy aytganda, effektli himoyalanishni ham, hujumga faol qo‘shilishni ham bilaman. Mohiyatan maydonda o‘yin qurish va ishga ijodiy yondashish boshqacha huzur bag‘ishlaydi.

- Demak, «messala». Qiziq, qaysi tomon qulayroq: o‘ngmi yoki chap?

- O‘ylashimcha, men uchun eng yaxshi variant - chap taraf.

- Shunday qilib, «Milan»da «rejista» roli Krunichga qolyapti...

- Ha, menimcha, bugungi kunda aynan Rade markaziy o‘yinchimiz hisoblanadi. To‘g‘ri, bu qanday ish berishini mavsum starti ko‘rsatadi, albatta.

- Niderlandiyalik futbolchi libosining ortidagi 14-raqam aslida hujumkor ijrochini eslatadi.

- Ha, Kroyff hurmati uchun shu raqamni tanladim. Aslida ko‘nglimga eng yaqini - «6». Lekin «Milan»da bu raqam afsonaviy Franko Barezi nomiga «muzlatilgan». Shuning uchun boshqa raqam olishimga to‘g‘ri keldi va tabiiy ravishda Kroyff haqida o‘ylab, «14»ni tanladim.

- Italyan tili bo‘yicha biliming qanday?

- Bu haqda gapirishga hali erta. Ha, allaqachon kundalik iboralarni o‘rganib oldim, masalan, salomlashish, hol-ahvol so‘rashni... Keyingi qadam - Milanda uy topish, chunki hali qayerda yashashni hal qilganim yo‘q. Menimcha, mavsum startiga qadar bu ishga ham ulguraman va chempionatga xotirjam kirishaman.

- Tijani Reynders 25 yoshida nimalarni orzu qilmoqda?

- Birinchi navbatda, «Milan» bilan CHLda g‘alaba qozonishni! Albatta, skudetto yutishni ham.

- Xavi qo‘ng‘iroq qilib, seni «Barselona»ga chorlagani rostmi?

- Ha, lekin o‘sha pallada yakuniy qaror chiqarishga ulgurgandim. Monkada va Pioli bilan ilk uchrashuvdan ke­yinoq oila davrasida barchasini hal qildik: «Tamom, yangi mavsumni «Milan»da boshlayman!» Xullas, Xavining aloqaga chiqqani hech narsaga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

- «Milan»da zimmangga Tonali o‘rnini to‘ldirishdek katta mas’uliyat tushadi. Gap jamoaning ko‘plab muxlislari yoqimtoyiga aylangan yarim himoyachi haqida ketmoqda. Bu borada bosim his qilmayapsanmi?

- Mutlaqo yo‘q. Ochig‘i, hech qachon bosim ostiga tushmayman, chunki maydonda ham, uning tashqarisida ham hamisha o‘zligimni saqlab qolishga urinaman.

- Fikringcha, yangi mavsum skudetto uchun kurashda qaysi klub asosiy favorit?

- Italiyada har doim ajo­yib klublar topiladi. «Yuventus» hamon xavfli, yana yuksalishdagi «Napoli» bor, «Inter»ni ham unutmaslik kerak, albatta.

- Xo‘sh, ulardan qay birini eng xavfli raqib sifatida ko‘ryapsan?

- «Napoli»ni.

- Tijani maydondan tashqarida qanday yigit?

- Vazmin, juda xotirjam. Yana biroz dangasaroq ham. Mashg‘ulotlardan keyin jimgina yotishni xush ko‘raman...

BLIS

SAVOL-JAVOBLAR

- Bosh kumiring?

- Umuman olganda, Messi. Agar o‘z pozisiyam bo‘­yicha so‘ralsa, unda Inyesta.

- Birinchi raqamli sportchi?

- Bolt.

- Eng sevimli sport turi, albatta, futboldan tashqari?

- Padel-tennis. 2-3 yildan buyon o‘ynayapman va bu borada ham chakki emasman.

- CHLning yangi mavsumida sen o‘ynashni istagan stadion?

- O, «Santyago Bernabeu»!

- Imkoniyat bo‘lganida, tarixning qaysi lahzasida bo‘lishni xohlarding?

- 1988 yilgi Niderlandiya terma jamoasi Yevropa chempionatida g‘alaba qozongan vaqtga tushib qolishdan qaytmasdim, albatta.

- Hayotdagi bosh maqsading?

- Oilam ortiqcha tashvishlarsiz, sog‘lom va yaxshi yashashini ta’minlash!

 M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:01, 14.08.2023.
O'qildi: 1083 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.