Romelu Lukaku «Chelsi»ga qaytmaydi, «Inter»da qolmaydi va «Yuventus»ga o‘tmaydi.
Belgiyalik hujumchi o‘z faoliyatini o‘zgacha variantda o‘tkazishga qaror qildi - eski tanishi Joze Mourinyoning «Roma»siga bir yillik ijara. Ular ilk marta «MYU»da uchrashishgandi. Fabrisio Romano kelishuvni tasdiqlab, 10 oylik ijara uchun 7,5 mln. yevroga ega bo‘lishlarini ma’lum qildi.
Lukaku Rimga o‘zgacha tarz-da tashrif buyurdi. Uni shaxsan klub prezidenti olib keldi
Aftidan, rimlik «bo‘rilar» transfer bobida yangilik yaratishga intilishgan. Kasbdoshimiz Janluka Di Marsio saytidagi xabarga ko‘ra, klub prezidenti Den Fridkinning shaxsan o‘zi Londonga parvoz qilib, kelishuvni rasmiylashtirgan va Italiyaga Lukaku bilan birgalikda qaytib kelgan.
Eng qizig‘i shundaki, samolyotni shaxsan klub sohibi boshqardi. Buning ajablanadigan yeri yo‘q - Fridkin kamida 10 xil turdagi havo kemalarini boshqarish lisenziyasiga ega. Futbolchiga shunday ehtirom ko‘rsatgani esa, futbol tarixidagi dastlabki voqea bo‘lsa kerak. Xullas, Romelu uning mahoratiga ishonch bildirdi va birgalikda parvoz qilishga rozi bo‘ldi. Italiyalik insayderlar ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining rimliklar taklifini qabul qilishida u bilan klub sohibi o‘rtasidagi muloqot muhim rol o‘ynagan. Lukaku o‘tirgan samolyot oqshom paytida Rim aeroportiga qo‘ndi, uni minglab muxlislar kutib oldilar. Darhaqiqat, «Roma» odatiy transferni ulkan shouga aylantirdi.
Fridkin lisenziyani qayerdan olgan va samolyotlarga qiziqishining sababi nima?
Den - o‘ta g‘ayrioddiy prezident. «Roma»ni Jeyms Pallottaning uzoq yillik davridan keyin 2020 yilda xarid qilgan. Yangi sohibning ko‘plab va’dalariga qaramasdan, klub hozircha chempionlikka erisha olgani yo‘q, ikki marta 2-o‘rindan o‘tolmay qoldi.
Fridkin «Roma»ni birdaniga shohsupaga ko‘tariladi demagan, lekin o‘zining xarizmasi bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozongandi. Den - amerikalik, asosiy biznesi - avtomobillar savdosi. U mamlakatning 5ta shtatida «Toyota» brendining mahsulotlarini sotish uchun eksklyuziv guvohnomaga ega. Qo‘shimchasiga, bir qator mehmonxonalar va golf-klublar ham uning tasarrufida. Hozirda Fridkinning moliyaviy qudrati 5,7 milliard dollarga teng. AQSH uchun rekord darajasida bo‘lmasada, klubni boshqarish uchun yetarli.
Fridkinlar oilasi uzoq yillardan beri aviasiya bilan aloqador. Denning bobosi Kenni Fridkin Ikkinchi jahon urushi davrida uchuvchi bo‘lgan. Urushdan keyin u o‘zining shaxsiy kompaniyasiga asos solgan - kompaniya - mamlakat tarixidagi birinchi eng yirik loukoster hisoblanadi. Fridkinning otasi Tom ham uzoq yillar davomida muntazam reyslarda samolyotlarni boshqargan, hatto merosxo‘r sifatida kompaniya rahbari bo‘lganidan keyin ham parvozni davom ettirgan. Tabiiyki, Den bolaligidan havo kemasi shturvalida ulg‘aydi, tahsil oldi, lisenziyaga ega bo‘ldi. Faqat otasi kabi muntazam ravishda yo‘lovchi tashimadi.
Lekin Den tarixga jiddiy qiziqdi va Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda samolyotlarda namoyish etiladigan shouga asos soldi.
Samolyotlar kolleksiyasi yig‘ishni Denning otasi Tom boshlagandi. O‘g‘li an’anani davom ettirdi. Nolanning «Dyunkerk» filmidagi so‘nggi sahnada samolyotni plyajga qo‘ndirgan qahramon Xardi rolini aynan Fridkin o‘ynagandi. Kartinada ishtirok etish uchun u samolyotini berib turishga rozi bo‘lgandi. Shuningdek, Den Klint Istvud, Ridli Skott, Martin Skorseze kabi mashhur san’atkorlar bilan yirik loyihalar ustida hamkorlik qiladi. 2019 yilda Den «So‘nggi Vermeer» dramasi bilan rejissura sohasida debyutini nishonladi. Qisqasi, Lukakuni Rimgacha eltib qo‘yish u uchun muammo emasdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi