Bir yillik tanaffusdan keyin Mario Balotelli Turkiyaga, «Adana Demirspor» klubiga qaytdi.
O‘tgan yili futbolchi o‘z o‘rnini Artyom Zyubaga bo‘shatib, Shveysariyaga ravona bo‘lgandi. Biroq «Syon»dagi faoliyati kutilganidek muvaffaqiyatli chiqmadi.
To‘g‘ri, Mario 19ta o‘yinda 6ta gol urdi, lekin u uchun odatiy bo‘lib qolgan mojarolar ko‘proq bo‘ldi. Vaholanki, boshlanishi chakki bo‘lmagandi: ajoyib gollar, muxlislar bilan suratga tushishlar. «Syon» uchun Balotelliga sarflangan 2,6 mln. yevro klub tarixidagi eng qimmatbaho kelishuvlardan biri bo‘ldi. Transferga bag‘ishlangan matbuot anjumaniga 52 nafar jurnalistlar tashrif buyurishdi.
Marioning yangi jamoasi 2-turda «Sankt-Gallen» maydoniga yo‘l olgandi. U yerda «Syon» zaxira o‘rindig‘i tomon chopib borgan mahalliy muxlis Balotellidan birgalikda suratga tushishni iltimos qildi. Xavfsizlik xizmati fanatni to‘xtatib qolganida, Mario muxlis tarafini oldi va «Syon» murabbiyi Paolo Tramessani ularni suratga tushirdi.
2ta o‘yin - 2ta g‘alaba. «Bazel» va «Sankt-Gallen» ustidan. 3-turda Mario ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va «Syon» tarkibidagi dastlabki golini rasmiylashtirdi. Keyin sermahsul seriyani 4ta o‘yinga yetkazdi. Jumladan, o‘ta kuchli (to‘p 103 km.G‘s. tezlikda uchgandi) zarbani ham namoyish etishga ulgurdi. Shundan keyin muxlislar oldida odatiy Mario Balotelli namoyon bo‘la boshladi.
Balotellining asabiy holatlari: Muxlislarga yomon munosabatda bo‘ldi va futbol federasiyasini mafiyaga tengladi
Dastlabki qo‘ng‘iroq - noyabr oyidagi «Bazel»ga qarshi (0:0) bahs. O‘sha uchrashuvda «Syon» ozchilikda to‘p surgan, Balotelli esa sariq kartochka olgandi. Nima uchun, deysizmi? Raqib jamoa muxlislariga haqorat ishorasini yo‘llagani uchun.
Uchrashuvdan keyin Mario instagram orqali Shveysariya FFni korrupsiyada aybladi: «Mafiyangiz qanday ekanligini bilmayman, lekin ishoning, menga o‘xshagan o‘yinchilarga adolatsizlik, korrupsiya va mas’uliyatsizlik hukmronlik qiladigan ligada faoliyat yuritish umuman yoqmaydi. Futbol - bizning kasbimiz. Shunday ekan, barchamiz unga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘lishimiz lozim. Jumladan, hakamlar ham. Men raqib futbolchilarning qo‘polliklari va muxlislarning tahdidlari tufayli salomatligimga putur yetishini istamayman. Bu yerda qanday muhitga moslashib olganingizni bilmayman, biroq siz uni imkoni boricha tezroq o‘zgartirishingiz kerak. Jahon jamoatchiligi esa bu ligaga e’tibor qaratib, qanday sharmandaliklar yuz berayotganini ko‘rishi lozim. Men xatoga yo‘l qo‘ysam, buning uchun javob beraman. Federasiya xatolikkayo‘l qo‘ysa, u ham javob beradi. Hakam xato qildimi? U ham javob berishi shart».
Taajjubki, Balotellining fikr-mulohazalarini «Syon» prezidenti Kristian Konstantin ham qo‘llab-quvvatladi. U ham amaldorlarni jiddiy tanqid qilib, futbolchi o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi.
Qishki tanaffusdan keyin Mario 4 uchrashuvning 3tasida maydonga tusha olmadi - 2tasi amalga oshirgan sho‘xliklari uchun, bittasi jarohat olgani sababli. Shveysariyalik jurnalistlarning ta’kidlariga ko‘ra, klub ana shu yengil jazolar evaziga Marioni jamoani tark etishdan asrab qolgan.
Omadsiz o‘yinlarga qorni bahona qildi, mushtlashuvda tasodifan klub prezidenti o‘g‘lini urib yubordi
Qishda «Syon»ning o‘yinlari yanada pasayib ketdi, yaqinda kelgan murabbiy almashtirildi, Balotelli esa sardorlik bog‘ichini oldi. Xo‘sh, yangi sardor jamoaning muvaffaqiyatsizligida kimni aybladi? Ob-havoni. Axir shahar va stadion qordan tozalanmagan sharoitda futbolchilar qanday qilib o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin?
O‘sha kunlarning birida «Syon» prezidentining o‘g‘li Marioni mahalliy an’analar bilan tanishtirishga qaror qilgan va o‘yindan keyin shahardagi karnavalga olib borgandi. Ular kiyimlarini almashtirgan bo‘lsalarda, tadbir ishtirokchilari baribir Mario va kichik Konstantinni tanib qolishdi. Keyin suratga olishga urinishlar boshlanib, yakunda o‘zaro mushtlashuvga aylanib ketdi. To‘s-to‘polonda Mario tasodifan o‘z hamrohini urib yubordi.
Mojarodan keyingi uchrashuvda muxlislar tribunalarda Balotellining futbolkalarini yoqib yuborishdi. Vaholanki, u hamon sardorlik bog‘ichida edi. Biroq jamoa autsayderlar hududiga yanada yaqinlashib qolgandi.
«Syon»ning navbatdagi bosh murabbiyi etib Zidanning sobiq yordamchisi David Bettoni tayinlandi. Biroq bu o‘zgarish ham samara bermadi. Bettoni va Balotelli uchun so‘nggi uchrashuv bo‘lgan bahsda jamoa «Servett»dan 5ta javobsiz gol qabul qilib oldi. Eng ajablanarli jihati, tanaffusdan keyin Mario maydonga tushishni istamadi, murabbiy ham tanaffus paytida lavozimidan chetlatildi.
Chempionatning yakuniy bosqichidagi 10ta o‘yinning 3tasida Mario ishtirok etdi. Jamoa ana shu davr ichida bitta g‘alaba va durangga erishdi, o‘sha yagona g‘alabaga Balotelli hisobni ochish bilan muhim hissa qo‘shdi.
Hal qiluvchi bahslar o‘rniga YECHL finaliga sayohat
«Syon» mavsumni so‘nggi - 10-o‘rinda yakunladi - jon saqlab qolish uchun kechgan oxirgi bellashuvlarda Balotelli qatnashmadi, u hatto «zayavka»da ham yo‘q edi. Lekin o‘zining sobiq jamoalari - «Inter» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi YECHL finalida ishtirok etdi. Uni BT Sport telekanali ekspert sifatida taklif etgandi. Sharhlovchi Jeyk Xamfri Marioga qaysi jamoa g‘alaba qozonadi, savolini berganida, u «izohga hojat yo‘q» degandi. «Mana shu tahlil uchun biz 1000 yevro gonorar berdik» deydi sharhlovchi hazillashib.
Keyinchalik Balotelli o‘z fikrini oshkor etdi: «Ochig‘ini aytganda, men hech qaysi jamoa muxlisi emasman, qaysisi g‘olib chiqishining men uchun farqi yo‘q. Muhimi, o‘yinning asosiy vaqtda nihoyasiga yetishi. Chunki Istanbul yo‘llari juda tiqilinch bo‘ladi».
«Syon» Balotelli bilan hamkorlikni to‘xtatdi. «Adana Demirspor»ga qaytish Mario uchun yagona yo‘l edi. Hozir u yerda Artyom Zyuba ham, Vinchenso Montella ham yo‘q. Yangi mavsumda Marioni Patrik Klyuyvert muhitga moslashtirishga urinib ko‘radi. Va aytish o‘rinli, «Super Mario» Turkiya klubidagi debyut o‘yinidayoq tili bilan birga oyoqlari ham hamon «burro» ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi: Turkiya Superligasi 7-tur doirasidagi «Alantyaspor»ga qarshi o‘yin (4:0)da maydonda 60 daqiqa harakat qilgan Balotelli dubl qayd etdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi