FIFA JCH-2030 o‘yinlari naq 6ta mamlakatda o‘tkazilishini rasman tasdiqladi.
E’tiborli tomoni, mundial tarixda ilk marta birdaniga 3ta qit’aga tashrif buyuradi. To‘g‘ri, 3ta mamlakat asosiy mezbon hisoblanadi - Ispaniya, Marokash va Portugaliya. FIFA tenderida shu mamlakatlarning qo‘shma «zayavka»si g‘olib bo‘ldi. Faqat istisno shuki, Urugvay, Paragvay va Argentina termalari JCHning 100 yilligi munosabati bilan birinchi uchrashuvini o‘z mamlakatida o‘tkazadi. Xususan, JCH-2030 ochilish marosimi uchun Urugvay tanlandi. Zero, 1930 yilgi ilk mundial shu mamlakatda tashkillashtirilgan. «Bo‘lingan dunyoda FIFA va futbol birlashmoqda», - dedi FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu qaror yuzasidan.
Cope nashri ma’lumotlariga qaraganda, mundial-2030 o‘yinlariga 18ta stadion o‘z bag‘rini ochadi: Urugvay - 1ta; Paragvay - 1ta; Argentina - 1ta; Ispaniya - 11ta; Portugaliya - 3ta; Marokash - 1ta. Final o‘yini uchun bosh favorit - «Santyago Bernabeu» (Madrid). Yana bir ma’lumotga qaraganda, JCH-2030 finali Marokashning Kasablanka shahriga ishonib topshiriladi. Hozirda 90 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi stadion qurilmoqda va u 2025 yili foydalanishga topshirilishi kerak. JCH-2030 taqvimi loyihasi ham tayyor. Rejaga muvofiq, musobaqa 2030 yilning 8 iyun kuni boshlanadi. Aniqrog‘i, 8-9-sanalar Urugvay, Argentina va Paragvay termalari ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Final esa 21 iyul kuniga mo‘ljallanmoqda. Agar barchasi tasdiqlansa, JCH-2030 44 kun davom etadi.
JCH-2034ga esa OFK yoki OkFK (Okeaniya)ga a’zo mamlakatlar mezbonlik qiladi. Bosh favorit o‘z-o‘zidan ma’lum - Saudiya Arabistoni. Saudlar bu borada allaqachon harakatni boshlashdi. E’tiborlisi, atigi 3 kun ichida Saudiya Arabistoni mundiali g‘oyasini 50tadan ortiq futbol assosiasiyasi qo‘llab-quvvatlashga ulgurdi. Tenderda g‘olib chiqish uchun esa chamasi 105ta assosiasiya ovozi kifoya qiladi. Saudiya «zayavka»sini asosan, Osiyo va Afrika mamlakatlari yoqlashi kutilgan holat edi. Lekin ta’kidlanishicha, Nikaragua, Gvatemala va Sent-Lyusiya (KONKAKAF a’zolari) kabi mamlakatlar vakillari ham hozirdan Saudiyaga ovoz berishlarini yashirishmayapti. Shuningdek, Avstraliya ham JCH-2034 mezbonlik huquqi uchun kurashmoqchi. Har holda, mamlakat futbol federasiyasi boshqaruv direktori Jeyms Jonson bu borada ish boshlangani, mezbonlik imkoniyati o‘rganib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Taniqli futbol eksperti Alisher Nikimbayevning yozishicha, O‘zbekistonda ham JCH-2034 mezbonligi uchun qo‘shma arizaga kirish imkoniyati bor. «Saudiya tomoni JCH-2034ga mezbonlik qilishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi. So‘nggi tendensiyalar, shuningdek, ishtirokchi jamoalar va talab qilinadigan stadionlar sonini hisobga olsak, Osiyoning yana bir yoki bir nechta mamlakati «zayavka»ga qo‘shilishi mumkin. O‘zbekiston uchun yaxshi imkoniyat va bu hazil emas», - deb yozdi Nikimbayev.
Eslatma, JCH-2026 AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Ma’lum bo‘lishicha, 12ta guruhda 1-2-o‘rinlarni band etgan jamoalardan tashqari, yana yaxshiroq ko‘rsatkichga ega 8ta 3-pog‘ona egasi ham «pley-off» bosqichiga chiqadi. Hozirda JCH-2026 final o‘yiniga 3ta stadion da’vogar:
«AT&T» (sig‘imi - 105 ming), Arlington, Texas shtati
«Metlayf» (sig‘imi - 82,5 ming), Ist-Ruzerford, Nyu-Jersi shtati
«Sou-Fay» (sig‘imi - 100 ming), Inglvud, Kaliforniya shtati
Yana bir yangilik shuki, 2025 yili futzal bo‘yicha ayollar terma jamoalari o‘rtasida ilk marta JCH o‘tkaziladi. Unda 16ta jamoa qatnashadi. FIFA kengashi yo‘llanmalar qanday taqsimlanishiga ham oydinlik kiritdi: Yevropa - 4ta, Osiyo/Avstraliya - 3ta, Janubiy Amerika - 3ta, Afrika - 2ta, Shimoliy va Markaziy Amerika - 2ta, Okeaniya - 1ta. Yana bitta chipta tabiiyki, mezbon mamlakatga beriladi. JCH-2025ning aniq muddati va manzili keyinroq ma’lum bo‘ladi.
A.AHMEDOV tayyorladi