Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Samvel Babayan: “Har bir bellashuvda g‘alaba qozonishni istaymiz va xato qilishga haqqimiz yo‘q”

Samvel Babayan: “Har bir bellashuvda g‘alaba qozonishni istaymiz va xato qilishga haqqimiz yo‘q”

Baho:
+ | -

Superliga 23-turi doirasidan o‘rin olgan “Surxon” – “Navbahor” (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan OAV xodimlarining savollariga javob berdi. “Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

— Muxlislarni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin juda hayajonli tarzda kechdi. Chempionlar ligasidagi o‘yin ko‘p kuchimizni olib qo‘ydi. Shu sababli, ruhiy va jismoniy jihatdan charchadik. Yigitlarga rahmat aytaman, nima qilib bo‘lsa ham natijaga erishdik. Durang qayd etilayotgan pallada ham futbolchilar oldinga borishdi, hujum qilishdi. So‘nggi daqiqadagi O‘tkirning qahramonligini ta’riflashga til ojiz. Jamoamiz sardori va O‘zbekistonning eng yaxshi darvozaboni qahramonlik ko‘rsatdi. Hozirgi kunda oson o‘yinimiz yo‘q, chunki barcha jamoalar “Navbahor”ga qarshi borini berishadi. Hamma jamoamizdan ochko tortib olishni xohlaydi.

— Oston O‘runov so‘nggi ikki uchrashuvda o‘z gollari bilan “Navbahor”ga g‘alabani taqdim etmoqda. Ammo bugungi uchrashuvda  Oston zaxiradan maydonga tushdi. Bunga sabab, Oston 90 daqiqa o‘ynay olmasligidanmi yoki zaxira o‘rindig‘ida Oston kabi o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilar yo‘qligidanmi?
— Oston bizning “sehrli tayoqchamiz” desak ham bo‘ladi. Oston uchrashuvni asosiy tarkibda boshlamasligiga bitta sabab bor, u jarohatidan hali to‘liq forig‘ bo‘lgani yo‘q. Agar sog‘lig‘i talabga javob bersa, O‘runovning  asosiy tarkibda o‘ynashi aniq.

— Jamoaning o‘yini Oston O‘runovga bog‘lanib qolgandek. Mavsum yakunida jarohatlar ko‘p. Tig‘z taqvim va boshqa sabablar. Ostonsiz o‘tkaziladigan bellashuvlarda jamoaning rejasi qanday? Ostonsiz jamoani tasavvur qila olasizmi?
— Menimcha, birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin namoyish etdik. Gol urdik, hisobda oldinda edik. Jamoaning o‘yini bir futbolchiga bog‘lanib qolishi yaxshi emas va men bu haqda gapirib o‘tgan edim. O‘zbekistonda bir futbolchiga yaqqol bog‘lanib qolgan klub bor. O‘sha futbolchi maydonga tushmasa, u klubning o‘yini va natijasi tushib ketadi. Biz Iskanderov, O‘runovlarsiz ham muhim uchrashuvlarda o‘ynaganmiz hamda bundan keyin ham o‘ynay olamiz.

— “Navbahor”ning hujumi Ostonning individual mahoratiga bog‘lanib qolgan, dedik. So‘nggi daqiqalarda Yusupov penaltini qaytarmaganida, jamoa ochko yo‘qotardi. Mening fikrimcha, futbolchilarning individual harakatlarini hisobga olmasak, jamoaning o‘yini yaxshi darajada emas. Bunga sizning fikringiz qanday?
— Fikringizga qo‘shilmayman. Jamoaviy o‘yin qurish uchun birinchi navbatda taktik uslub, falsafa va chiziqlar bog‘lamligi bo‘lishi kerak. Bunday jihatlar jamoada bo‘lmasa, o‘yin sifati ham bo‘lmaydi. Fikringizga mutlaq qo‘shilmayman. Birinchi bo‘limda ikkinchi golni ursak bo‘lar edi, ammo vaziyatdan foydalana olmadik. Agar hisobni 2:0ga yetkazganimizda, bahsni xotirjam yakunlagan bo‘lar edik. Birinchi gol ham butun jamoaning ishtirokida urildi. Biz katta bosim ostida o‘ynamoqdamiz, sababi, har bir bellashuvda g‘alaba qozonishni istaymiz va xato qilishga haqqimiz yo‘q. Jamoaviy o‘yin tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan jamoa, xech qachon “Al-Hilol” bilan durang o‘ynamaydi.

— Bugun raqib autdan gol urib ketdi. “Navbahor” tarkibida esa barcha himoyachilarning bo‘ylari baland va bosh bilan yaxshi o‘ynashadi. Bugungi o‘tkazib yuborilgan to‘pda himoyachilar aybdormi?
— Himoyachilarimiz charchashgan. Ular “Nassaji”ga qarshi uchrashuvda 12 kilometr yugurishgan edi. Himoyachilarga bugun tetiklik yetishmadi. Autdan o‘tkazilgan gol bu xato va biz bunday to‘plarni o‘tkazib yubormasligimiz kerak. Xatolar ustida ishlashda davom etamiz.

— Keyingi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasi yangi formatda o‘tkaziladi. Yangi reglament bo‘yicha faqatgina O‘zbekiston chempioni Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Mavsum so‘nggida barcha muammolar, jarohatlarni hisobga olgan holda, “Navbahor”ning Osiyo Chempionlar ligasining “elita” divizioniga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatini qanday baholaysiz?
— Qisqa javob beraman. Biz har bir o‘yinni eng muhimi, deb hisoblaymiz. Keyingi uchrashuvimiz “Nasaf”ga qarshi va bo‘lajak raqibimiz ham kuchli jamoa va bizni qiyin uchrashuv kutib turibdi. Bizda ikki variant bor edi, barcha turnirlarda ishtirok etish yoki bir nechta musobaqalarni televizor orqali tomosha qilish. Biz barcha musobaqada ishtirok etishni tanladik.

— Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng, kiyinish xonasiga ketayotganingizda, “Surxon” futbolchisi bilan janjallashdingiz. O‘sha vaziyatda nima ro‘y berdi?
— O‘sha o‘yinchi o‘z aybini biladi. Umid qilamanki, u o‘zining xatosini tushunib yetadi va mendan uzr so‘raydi.

— Aynan “Surxon” jamoasiga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rdinglar?
— Biz joriy mavsumda termizliklarga qarshi uchta uchrashuv o‘tkazdik. “Surxon” bizni ancha qiynab qo‘ydi. Faqatgina O‘zbekiston kubogi o‘yinida ularni ikkita to‘p farqi bilan mag‘lub etdik. Hozir “Surxon”da ishlayotgan Tokov va Arslonovlarni yaxshi taniyman hamda ularning rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shganman. “Surxon” katta yulduzlarga ega bo‘lmasa ham, juda yaxshi jamoa.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 23:27, 27.10.2023.
O'qildi: 1670 marta.
Fikrlar: 37 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.