Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Yevro-2024 saralashi kashfiyotlari

Yevro-2024 saralashi kashfiyotlari

Baho:
+ | -

Nihoyat, Yevro-2024 turnirining saralash bosqichi nihoyasiga yetdi.

Final bos­qichida 24ta terma jamoa ishtirok etadi. 21ta yo‘llanma o‘z egalarini topib ulgurdi, 3tasini millatlar Ligasining pley-off bosqichi aniqlab beradi. Ortda qolgan saralash bosqichida qatnashchilar qanday taassurot qoldirishdi? Biz tahririyat a’zolarining fikr-mulohazalari va siz kabi muxlislar sharhlariga asoslangan holda, yakuniy natijalari bilan lol qoldirgan 5ta terma jamoani saralab oldik.

1-o‘rin - Qozog‘iston terma jamoasi

Rossiyalik murabbiy Magomed Adiyev jangovar jamoani shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘shnilarimiz so‘nggi pallagacha yo‘llanma uchun kurashdilar, biroq oxirgi turda Sloveniya terma jamoasini yenga olmadilar - 1:2. Oqibatda, 18 ochko jamg‘argan jamoa guruh bosqichini 4-o‘rinda yakunladi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘iston Yevro-2020 saralashida 10 ochko, Yevro-2016da 5 ochko to‘plagandi. Bu gal esa jamoa kuchli irodani namoyish etdi. Ya’ni, Daniyaga qarshi bellashuvda 0:2ni 3:2ga aylantirdi, keyin so‘nggi daqiqalardagi 2 gol evaziga Finlyandiyani mahv (2:1) etdi. Qozog‘iston hozirgacha Yevropa chempionatida ishtirok etmagan. Saralash bosqichida yo‘llanmani qo‘lga kirita olmagan bo‘lsada, jamoa maqtovga arziydigan o‘yin ko‘rsatdi. Shuningdek, Yevro-2024 ishtirokchisiga aylanish imkoniyati ham yo‘q emas. Endi qo‘shnilarimiz mart oyida Millatlar Ligasining plef-off bosqichida Gresiya bilan safarda kuch sinashadilar. Agar safarda g‘alabaga erisha olsalar, Gruziya-Lyuksemburg uchrashuvining g‘olibi bilan yagona yo‘llanma taqdirini hal qiladilar.

2-o‘rin - Lyuksemburg terma jamoasi

Bu mitti saltanat futbolining taraqqiyoti xususida qoniqarli tasavvurga ega bo‘lish uchun statistikaga murojaat qilamiz. Lyuksemburga Yevro-2020, 2016, 2012 saralashlarida 4 ochkodan, 2008 yilda esa 3 ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ygandi. Ya’ni, 4ta turnirda 15 ochko. Yevro-2024da esa 17 (!) ochko jamg‘ardi. Ha, jamoa hozircha Portugaliya bilan bellasha olmaydi (0:6 va 0:9), lekin guruhdagi boshqa raqiblari bilan tengma-teng olishdi. Aniqrog‘i, qolgan 8 uchrashuvda atigi 1 marta mag‘lub bo‘ldi, 4ta gol o‘tkazib yubordi. Jamoa Bosniyani 2 marta (2:0, 4:1) mahv etdi, Islandiyadan 4 ochko (3:1 va 1:1) tortib oldi. Bosniyaliklar JCH-2014da ishtirok etishgan, islandlar esa Yevro-2016da chorak finalga chiqishgan va JCH-2018da to‘p surishgandi. Qo‘shimchasiga, Lyuksemburg ham Qozog‘iston kabi bo‘lajak Yevrodan umidini uzmagan. Buning uchun jamoa Millatlar Ligasining «pley-off»ida 2ta g‘alabaga erishish talab etiladi. Bu oson emas, deysizmi? Biroq Lyuksemburg saralash bosqichida 17 ochko jamg‘arishi ham hech kimning xayoliga kelmaganku.

3-o‘rin - Moldaviya terma jamoasi

Farer orollari termasidek yaqqol autsayder bilan o‘z maydonida durangga (1:1) imzo chekkan Moldaviya omadsiz startdan tegishli xulosa chiqarib, keyinchalik 2 to‘p farqi bilan oldinga chiqib olgan Polsha darvozasini 3 marta ishg‘ol etdi. O‘shanda 0:2dan keyin televizorni o‘chirgan muxlislar rosa afsuslanganlari aniq. Keyin jamoa Varshavada ham raqiblarini qiynadi. Yo‘q, g‘alaba qozona olmadi, ammo 1 (1:1) ochkoni tortib olish bilan Polshani 2 ochkodan mahrum qildi. Xullas, yakuniy tur arafasida Moldaviya Yevro yo‘llanmasiga da’vogar edi. Lekin Chexiyadan yirik (0:3) mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Lekin umuman olganda, saralash bosqichi uchun Sergey Kleshenko shogirdlari yuksak bahoga sazovor bo‘lishdi.

4-o‘rin - Albaniya terma jamoasi

Ha, albanlarda Yevropa chempionati tajribasi bor. Jamoa 2016 yildagi turnirda ishtirok etgan va guruh bosqichida bitta g‘alabaga ham erishgandi. Biroq bu gal jamoa Polsha va Chexiyadek nomdor raqiblar bilan kuch sinashishi ma’lum bo‘lgach, ko‘pchilik uni 3-o‘ringa loyiq topishgandi. Yakunda Albaniya turnirni guruh g‘olibi maqomida maromiga yetkazdi, o‘z maydonida Farer orollari jamoasiga ochko (0:0) sovg‘a qildi. Chunki u muddatidan avval yo‘llanmani naqd qilgandi. Vaholanki, jamoa saralash bosqichini Polshadagi mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Biroq keyin 7ta uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi. Ayniqsa, o‘z maydonida ajoyib o‘yin ko‘rsatdi: 4ta o‘yinda birorta ham gol o‘tkazmagan holda 10 ochko to‘pladi. Chexiyaga 3ta, Polshaga 2ta javobsiz gol hadya etdi.

5-o‘rin - Sloveniya terma jamoasi

Ehtimol, Sloveniyaning muvaffaqiyatli ishtiroki kimgadir syurpriz maqomida bo‘lmagandir. Lekin bir o‘ylab ko‘ringchi, bu jamoa so‘nggi bor qachon qit’a chempionatida ishtirok etgan? 2000 yilda! Ya’ni, hatto Yevro-2016 va Yevro-2020ning final bosqichlariga ham chiqa olmagan. Bu ikki turnirning alohida zikr etilganiga sabab shuki, aynan 2016 yilda turnir ishtirokchilari soni 24taga yetgandi. Bundan tashqari, Sloveniya 2010 yildan beri JCHga ham chiqa olmayapti. 13 yil muqaddam jamoa JAR mundialiga Mat’yaj Kek rahbarligida yo‘l olgandi. Germaniyadagi qit’a birinchiligaga ham jamoani aynan shu mutaxassis olib boradi. Sloveniyaliklar saralash bosqichini anchayin xotirjamlik bilan o‘tkazdilar. 10ta o‘yinda 7ta g‘alaba, 22 ochko va guruhda 2-o‘rin. Daniya ham shuncha ochko jamg‘ardi, faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi bo‘lib oldi. Aslida, guruh ancha murakkab, Daniya va Finlyandiya avvalgi Yevro qatnashchilari, Qozog‘iston esa saralash bosqichining kashfiyotlaridan biri. Lekin Sloveniya yakuniy turning 86-daqiqasida yo‘llanma taqdirini o‘z foydasiga uzil-kesil hal qildi.

 A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:54, 05.12.2023.
O'qildi: 3458 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.