Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Mauro Tasotti: «Maldini va Massarani ishdan bo‘shatish xato edi...»

Mauro Tasotti: «Maldini va Massarani ishdan bo‘shatish xato edi...»

Baho:
+ | -

«Milan»ning sobiq himoyachisi va murabbiyi Mauro Tassotti La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida klub rahbariyatini tanqid bilan ozgina «silab» o‘tdi.

«Professor» jumladan, rahbarlar Paolo Maldinining ishdan bo‘shatishda shoshma-shosharliklar yo‘l qo‘yishganini oshkora ta’kidladi. Lekin Tassotti «Milan»ning bugungi holati yuzasidan keskin gapirishdan tiyildi.

- Avvalgi suhbatimizda oyog‘ingizda muammo borligini aytgandingiz. Hozir qandaysiz, og‘riq ortda qoldimi?

- Ha, operasiya stoliga yotdim, tiklanish jarayonini ham o‘tadim, hozir hammasi yaxshi. Jarrohlik amaliyotidan oldin esa kuchli og‘riq bor edi va chindan ham, qattiq azob tortdim ma’lum muddat.

- Qarang, hatto sizda ham jarohat bor. Tashqaridan baho berish qiyin, lekin sobiq futbolchi va murabbiy sifatida ayting-chi, «Milan»da nima bo‘lyapti o‘zi? Jarohatlar epidemiya­sini qanday bartaraf etish mumkin? Ehtimol, mash­g‘ulot o‘tash tarkibini qisman yoki butunlay o‘zgartirish kerakdir...

- Ko‘proq shug‘ullanishning iloji yo‘q, axir o‘yinlar oralig‘i juda qisqa. Murabbiy charchagan yigitlarga hordiq berish uchun esa yetarli darajada jasoratga ega bo‘lishi kerak, ammo ishoning, bu ham oson emas. O‘tmishdan oddiy misol keltiraman: deylik, murabbiy Kaka, Maldini yoki Nestada jarohat xavfi borligi haqida ogohlantiriladi, ammo oldinda «Yuventus» bilan muhim o‘yin bor. Ushbu holatda u qanday yo‘l tutishi kerak? Bugungi voqelik ham xuddi shunday.

- Sizlar 1994 yili Chempionlar kubogida asli boshqa pozisiyada o‘ynay boshlagan ikki markaziy himoyachi - Filippo Galli va Paolo Maldini yordamida g‘alaba qozongansizlar. Bugun himoya markazidan joy olayotgan Teo Ernandesda ham shunday tajriba bor. Bu sizga yoqyaptimi?

- Unga shunchaki, gap yo‘q! Lekin Teo imkon qadar tezroq qanotga qaytishi tarafdoriman. Chunki bu yigit o‘z xususiyatlari va tezligi bilan aynan qanotda ko‘proq naf keltiradi.

- Demak, qishda bozorga chiqish zarur. «Milan»ga qanday ijrochi zarur?

- Menimcha, birinchi navbatda, markaziy himoyachi kerak. Axir hozir tarkibda birgina sog‘lom markaz himoyachisi qoldi. Shuningdek, Yovich bo‘yicha tezroq qaror qabul qilish zarur. Binobarin, Jirudan bir hafta davomida 2-3ta yuqori darajali o‘yinda birdek faollik ko‘rsatishni talab qilish yaramaydi.

- Keling, endi «Milan»ga futbolchi tavsiya etamiz. Sizga yoqadigan, lekin hali uncha tanilmagan bo‘lsin. Mutlaqo notanish bo‘lsa, yana yaxshi, chunki nomdor futbolchilar juda qimmat va ularning yanvarda klub almashtirishlari qiyin masala...

- Avvalo, Georgiy Sudakov («Shaxtyor» D. yarim himoya­chisi)ni tavsiya qilishim mumkin. Bu yigitni Ukraina milliy jamoasidagi faoliya­timdan yaxshi bilaman. Bugun ham ekspertlar Sudakovga yaxshi baho berishmoqda - qiziqarli variant. To‘g‘ri, uni sotib olish oson emas, chunki boshqa xaridorlar bor.

- Pioliga ishonishda davom etish to‘g‘rimi yoki...?

- Albatta, u qolishga loyiq. Piolidan hozirgi ishidan ko‘prog‘ini talab qilish noto‘g‘ri. Unutmaylik, murabbiy ko‘plab yigitlarni o‘zgacha ruhlantirib, skudetto yutdi. Vaholanki, hech kim uning oldiga bunday vazifa qo‘ygan emasdi.

- Maldinining ketishichi?

- Menimcha, Paoloni bo‘shatishda shoshilishdi, yana Massarani ishdan ketkazish noto‘g‘ri edi. Axir ular katta natijalarga erishdilar. Ammo bugungi kun haqiqati bitta - kim sarmoya kiritsa, musiqaga o‘zi buyurtma beradi.

- Bashorat: joriy mavsum «Milan» uchun qanday ketadi?

- Jamoa oxirigacha Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashadi, keyin esa... Ko‘ramiz.

- Bunda ko‘p narsa Rafael Leauga bog‘liqdek.

- Orada Leau biroz sustkashligi, beparvoligi tufayli ortiqcha tanqidga uchragandek taassurot uyg‘ondi ko‘pchilikda. Ammo barchasi uning xulq-atvoridan. Bu Rafa o‘z ishiga sodiq emasligini anglatmaydi. Ko‘rinishidan, u hozir gol emas, balki go‘zallik uchun o‘ynamoqda. Lekin tez orada har bir o‘yinda loaqal 1ta gol urishi kerakligini va bunga qodirligini tushunadi. Ya’ni yetuklik keladi, bunga aminman.

- Ishga qaytishni xohlaysizmi?

- Aslida Milandan uzoqroqqa chiqishni xohlamayman, lekin ishimiz shunday...

- Futbolni kim bilan muhokama qilasiz? Anchelotti va Shevchenko bilan-mi?

- Oxirgi paytlar Anchelotti bilan aloqa o‘rnatish qiyin bo‘lib qoldi - unda bo‘sh vaqt yo‘q. Shevchenko bilan esa doi­miy ravishda aloqadaman. Yana Allegri ham yaxshi suhbatdosh, albatta. Ular mening chin do‘stlarim...

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:53, 21.12.2023.
O'qildi: 938 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.