Kirish Ro'yxatdan o'tish
17/12 00:45 Lasio 0-6 Inter
17/12 01:00 Bornmut 1-1 Vest Xem
19/12 01:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol - Valensiya

Paulo Dibala: «Barcha to‘plar onamga borishi kerak, aks holda...»

Paulo Dibala: «Barcha to‘plar onamga borishi kerak, aks holda...»

Baho:
+ | -

«Roma»ning argentinalik pleymeykeri Paulo Dibala «A» seriya 26-turidan o‘rin olgan «Torino»ga qarshi o‘yinning 42, 57 va 69-daqiqalarida gol urib, «bo‘rilar» 3:2 hisobida g‘alaba qozonishlarini ta’minladi.

Alohida fakt shuki, u Rim klubi safida ilk marta «xet-trik»ka erishdi. Opta ma’lumotiga qarasak, Dibala shu bilan chiroyli natija sohibiga aylandi: «A» seriyaning 10 mavsumida kamida 15ta golda bevosita ishtirok (2013/2014 yillar mavsumidan buyon 8 marta). Aytish joiz, Yevropaning kuchli 5 ligasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha argentinalikdan faqat bir kishi oldinda - hozirda «Inter Mayami»da o‘ynayotgan hamyurti Lionel Messi. Pauloning o‘zi samarali o‘yindan keyin OAV vakillariga ixcham intervyu berdi.

- Esda qoladigan o‘yin va oqshom. «Roma» libosi va to‘pni uyingizga olib ketsangiz kerak...

- Albatta. Bunga sabab topilishini anchadan beri kutayotgandim. Aniqrog‘i, «Kalyari»ga qarshi o‘yindan buyon, o‘shanda murabbiy meni zaxiraga olgandi. Bugun esa yuksak natijaning o‘zi meni topdi va bundan baxtiyorman, albatta.

- 2-goldan keyin de Rossi quchog‘iga otildingiz. Nega aynan shu lahzada?

- Chunki 2-gol o‘yindagi eng murakkab nuqtada urildi. Zero, «Torino» istalgan daqiqada barchasini mutlaqo o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Bu raqib sizni boshqacha o‘ynashga majbur qilishni biladi. Mana, bugun ham  darhol hisobni tenglashtirdi va qolgan vaqtda o‘yin istalgan yo‘nalish bo‘yicha ketishi hech gap emasdi. Shunday qiyin pallada gol urish juda yoqimli. Xullas, maqsadga yetgach, o‘z-o‘zidan zaxira o‘rindig‘i tomon yugurdim, u yerda esa murabbiy oldimdan chiqib qoldi.

- 3-golda esa Curva Sud muxlislar guruhi joylashgan tribunaga yuz burdingiz...

- Murabbiy bilan bo‘lgan holatning takrori. Zarba berayotib yiqildim, keyin turib, birdan muxlislar tomon yugurdim. Ularga shu asnoda minnatdorchilik bildirishni istadim. Axir muxlislar dushanba bo‘lishiga qaramay, stadionni yana to‘ldirishdi.

- «Roma» chempionatda kuchli to‘rtlikka kirish yo‘lida kurashishdan tashqari, YELdagi yurishni takrorlashi mumkinmi?

- Tushunarliki, hamisha g‘alaba qozonishni istaymiz. Shaxsan men qayerda o‘ynama­yin, sovrindor bo‘lishga intilaman. Finish uzoqda. «A» seriyaning o‘zida ham hali ko‘plab murakkab o‘yinlar bor. YEL dovoni yanada og‘ir. Lekin nimalarga intilayotganimizni aniq bilamiz. Shunday ekan, oxirigacha harakatdan to‘xtamaymiz.

- Bugungi «Roma»ni Paulo Dibalasiz tasavvur qilish qiyin. Klubda uzoq vaqt qolasizmi yoki...?

- Jamoa safiga qo‘shilganimdayoq o‘zimni Rimda bosh­qacha hayotga kirishgandek his qilganimni aytgandim. Umuman, Italiyaga ko‘chib kelganimda ham shunday bo‘lgandi. Sizni kelajakda nimalar kutayotganini esa bilmaysiz. Hozirda «Roma»dagi har bir daqiqadan o‘zgacha zavqlanyapman, chunki klub darhaqiqat, ajoyib, jamoadoshlarim ham.

- O‘yin yakunlangach, Azmun to‘pni sizdan olib qo‘­yishga urindi...

- Yo‘q, bu oson emas. Barcha to‘plar onamning qo‘liga borishi shart, aks holda, u mendan g‘azablanadi...

AYTGANCHA...

«Roma» rahbariyati Paulo Dibala kelajagi masalasida bir to‘xtamga keldi. Insayder Nikolo Skiraning aytishicha, futbolchining amaldagi shartnomasiga kiritilgan bandga ko‘ra, istalgan xorij klubi uni 12 million yevroga sotib olishi mumkin. Lekin «Roma» argentinalik bilan kelishuv muddatini uzaytirish barobarida bu bandni olib tashlamoqchi. Eslatma, Dibalaning hozirgi bitimi 2025 yil yarmigacha mo‘ljallangan. 30 yoshli futbolchi joriy mavsum Italiya chempionatining 18ta o‘yinida 11ta gol va 6ta assist qayd etdi.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:15, 08.03.2024.
O'qildi: 1505 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.