Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ilkay Gyundogan: «Doimiy eng katta tanqidchim - onam»

Ilkay Gyundogan: «Doimiy eng katta tanqidchim - onam»

Baho:
+ | -

Joriy mavsum boshida «Manchester Siti»dan voz kechib, «Barselona» safiga qo‘shilgan germaniyalik turk Ilkay Gyundogan maydonda hamisha xotirjamligini bilan ajralib turadi.

Faxriy futbolchi shuningdek, futboldan tashqarida ochiq-oshkora va optimistik ruhda fikr yuritadi. Mana, yarim himoyachi barcamania.com saytiga bergan intervyusida ham o‘z odatiga xilof bormadi. Ya’ni amaldagi klubi o‘yin bobida hali ancha o‘sishi kerakligini ta’kidladi. Ilkay shuning barobarida «Barsa» hozir evolyusiya jarayonining muhim pallasida ekanligiga ishonch bildirdi.

- Ilkay, klub muhiti va Barselona shahriga moslashish jarayoni qanday ket­yapti?

- Bu yerda o‘zimni mutlaqo erkin his qilyapman, oilam ham juda baxtiyor. Mittigina farzandimiz bor, u bilan dekabr oyida ham shahar ko‘chalari bo‘ylab bemalol sayrga chiqishimiz mumkin.

- Hamon shaharda yashayapsizmi?

- Ha, bir necha sarsongarchiliklardan so‘ng nihoyat, o‘zimizga maqbul qo‘nimgoh topdik. Turmush o‘rtog‘im bilan sayrga chiqish, o‘zimizga yangi restoranlar yoki qadamjolar kashf etish, qisqasi, shaharni to‘laqonli o‘rganishni xush ko‘ramiz. Bunga qadar 7 yil Manchesterda yashagandik va endi yangi joylar bilan tanishish g‘oyat maroqli.

- Demak, Barselonada mutlaqo baxtlisiz.

- Albatta.

- Biroq «Barselona» safidagi boshqa yigitlar kuchli stressni boshdan kechirishayotgandek...

- Mana, 15 yildan buyon futbol ichidaman va to‘kis baxtim professional ishimning qanday tus olishiga bevosita bog‘liq ekanligini yaxshi bilaman. Umuman, ish va kunlik hayotimni bir-biridan sira ajratolmayman. Lekin ba’zan qaysidir jihatdagi omadsizlikni sinab ko‘rishga to‘g‘ri keladi, baribir.

- Demak...

- Ha, ertami-kech futboldagi muvaffaqiyatsizliklaringizni uyingizga olib kirishdan o‘zga chora topolmaysiz. Eng muhimi, har qanday holatda ham, iloji boricha barchasiga optimistik qarashni saqlashga intilish kerak. Yashirishga hojat yo‘q, oilam butun faoliyatimda katta rolga ega. Ya’ni yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashlarisiz hozirgi darajaga chiqolmasdim.

- «Barsa»da nima kutgandingiz va ularga qay darajada yetishdingiz?

- Tushunarliki, dunyodagi eng katta klublardan biri safiga qo‘shilayotganimni bilardim. Jamoa yer yuzining turli burchaklarida ming-minglab muxlislarga ega. Tabiiyki, hammada «Barsa» haqida muayyan fikr bor. Shunga yarasha, munosabatlar masalasida avvalo, muvozanat saqlashga harakat qilaman.

- Qiziq, bosim qayerda kuchliroq - «Barselona»dami yoki «Siti»da?

- Ochig‘i, bu borada katta farq ko‘rmayapman. Qachon yaxshi yoki yomon o‘ynaganimizni fahm­lash uchun yetarli aqlim bor. Jumladan, o‘z o‘yinimga tashqi tomondan qarab, baho bera olaman. Hattoki, oilam yoki do‘stlarimdan tanqid qabul qilsam ham, qay biri nechog‘li to‘g‘ri ekanligini osongina tushunaman.

- Xo‘sh, sizni aynan kim ko‘proq tanqid ostiga oladi?

- Onam! Ota-onam yoshligimdan har joyda akam va men bilan birga bo‘lishgan. Ular hamon faoliyatimni diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Doimiy va eng katta tanqidchim - bu onam. Undan yaxshi baho olish juda qiyin. 

- Onangizning fikricha, «Barsa» libosidagi eng yaxshi o‘yiningiz qaysi?

- U «Alaves»ga qarshi bahsdagi harakatlarim yoqqanini alohida e’tirof etdi. O‘shanda hisobimga gol va assist yozdirib qo‘ygandim.

- Onangizning bu masaladagi fikriga qo‘shilasizmi?

- 100 foiz emas. Ha, ko‘pincha statistik ko‘rsatkichlar va raqamlar aldamaydi. Lekin ba’zida statistika ham futbolchi ajoyib o‘ynaganini ko‘rsatib berolmasligi mumkin. Axir ayrim o‘yinlarda gol urmaysiz yoki samarali uzatma bermaysiz, ammo chuqurroq pozisiyada benazir harakatlanib, jamoangizga katta naf keltirasiz. Deylik, joriy mavsum ko‘pincha mudofaa funksiyalarini bajaradigan tayanch yarim himoya nuqtasida harakatlandim. Bunda hujumga qo‘shilganimda, o‘rnimni yopib turadigan klubdoshim zimmasiga ko‘proq yuk tushadi. Hujum uchligida o‘ynaganimda esa, raqib darvozasiga yaqinroq joylashaman. O‘z-o‘zidan ayonki, bu nuqtada ko‘zga tashlanish nisbatan osonroq - hal qiluvchi uzatma yoki gol muallifiga aylansangiz, bas. Muhimi, har bir pozisiya aynan nimalarni talab etishini yaxshi tushunaman va xoh mudofaa, xoh hujumda bo‘lsin, o‘z vazifamga birdek mas’uliyat bilan yondashaman. Asosiysi - butun jamoaning muammosiz ishlashi.

- Tahlilchilar hozirgi «Barsa» bundan ancha yaxshi o‘ynash salohiyatiga egaligini ta’kidlashmoqda. Bu fikr qanchalik to‘g‘ri?

- Ha, shubhasiz, shunday. Deylik, tarkibdagi har bir futbolchi yanada yaxshiroq to‘p surish imkoniyatiga ega. Hozircha kutilgan darajada o‘yin ko‘rsatolmayotganimiz ham ayni haqiqat. Bahona emas, lekin mavsum bo‘yi ko‘plab qiyinchiliklarga yuz tutdik: jarohatlar, katta bosim, futboldan chetdagi gaplar... Bundan ayniqsa, yoshlar ko‘proq qiynalishdi.

- Jamoa vaziyatni butunlay o‘zgartirishga qodirligini qachon ko‘rsatadi?

- Yaqin 2-3 oy - eng muhim davr. Axir mavsumning hal qiluvchi qismi yaqinlashmoqda. Demak, eng yuqori sport formasida bo‘lish uchun mashg‘ulotlarni izchil davom ettirish barobarida tanamizga maksimal darajada g‘amxo‘rlik qilishni unutmasligimiz kerak. Qolaversa, hozirgi pallada marrani kattaroq olish ham muhim.

- Gyundogan, de Yong va Pedridan iborat Yevropaning eng yaxshi yarim himoyachilar triosida kim ko‘proq karomat ko‘rsatmoqda, sizningcha?

- Yo‘q, o‘zimizni eng yaxshi uchlik sifatida tilga olmayman, garchi bizda hammasi mujassam bo‘lsada - tajriba, iste’dod, salohiyat... Masalaning yana bir tomoni bor: hozirga qadar nechta o‘yinda birga harakatlandik? 10tami? Tushuning, mukammal darajada ishlash uchun oltin muvozanatni topish kerak. Bunga esa ma’lum vaqt ketadi, baribir. Oddiy misol, de Yong bilan ancha til topishib olganimizdan keyin taktikamiz biroz o‘zgardi va endi yuqoriroqda o‘ynayapman. Ya’ni Lamin Yamal va boshqalar bilan ko‘proq uyg‘un holda harakatlanyapman.

- Bugungi «Barselona»ga chin yetakchi yetishmayotgandek.

- Jamoa atigi 2 yil ichida ko‘plab yetakchilaridan ayrildi, ketganlar o‘rnini birdaniga to‘ldirish esa oson emas. Chin yetakchi maqomi yo‘lida ko‘p ter to‘kish va barchasini maydonda isbotlash kerak. Bu jarayon o‘z-o‘zidan rivojlanadi, lekin vaqt talab etadi, baribir. Jumladan, mening holatimga kelsak, yigitlar bilan to‘laqonli muloqot o‘rnatish uchun hali ispan tilini o‘rganishim kerak. Bugun aynan shu jihat ustida ishlayapman.

- Sizningcha, «Barsa» hozirgi holatida «Siti»dan qanchalik uzoqda?

- Aniq gapirish qiyin. «Siti» bilan o‘ynab ko‘rmagunimizcha buni bilolmaymiz ham. Tushunarliki, CHL «pley-off» raundlarida har bir o‘yin noldan boshlanadi. Tabiiyki, professional futbolchi sifatida klubimiz «Siti» kabi katta raqiblar bilan teng­ma-teng raqobatlashishini istardim.

- Xosep Gvardiola bilan gaplashib turibsizmi?

- Ha, vaqti-vaqti bilan. Asosan hayot haqida gurunglashamiz. Tabiiyki, Pep Barselona shahri hamda klubdagi ishlarimga ham qiziqadi. Qolaversa, u «Barsa»ga ham befarq emas, axir gap yuragidan abadiy joy olgan jamoa haqida ketmoqda. Gvardiola bilan dildan gaplashsangiz, buni osongina fahm­lashingiz mumkin.

- Ko‘pchilik haligacha bir savolga aniq javob topolmadi: Ilkay Gyundogan nega mukammal «Siti»ni muammolar ichida qolgan «Barselona»ga almashtirdi?

- Futbol shunaqa. Unda mudom raqobatlashasiz. Qaytaraman, anchadan buyon shu sport ichidaman va g‘alaba tekinga kelmasligini yaxshi bilaman. Umuman, butun faoliyatimni olsak, muvaffaqiyatli mavsumlardan ko‘ra, omadsizlari ko‘proq. Ko‘tarilish va zafarlarni qadrlash uchun esa ba’zan yiqilish ham kerak. Qisqasi, futbolda hammasi xuddi hayotdagi kabi ancha murakkab.

- Oxirgi savol: «Barsa»da qancha muddat o‘ynamoqchisiz?

- To‘xtang, vaqtdan ilgarilab ketish yaramaydi. Faqat shuni ayta olamanki, bu yerda ham katta muvaffaqiyatlardan bahra olish uchun yanada kuchliroq bo‘lishni xohlayman.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:56, 19.04.2024.
O'qildi: 807 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.