Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Gruzin futbolining yangi qahramoni

Gruzin futbolining yangi qahramoni

Baho:
+ | -

U Gruziya milliy jamoasini Yevro-2024 final bosqichiga tortdi. U vaqtida Karlo Anchelotti shtabida ishlagan.

U Germaniya-2006 mundiali finalida ishtirok etgan. U kimsan Zayniddin Zidanga ham jahl qilgan. Gap Gruziya futbolining yangi qahramoni Villi Sanyol haqida ketmoqda. Ha, fransiyalik mutaxassis gruzinlarni o‘z tarixlarida ilk marta Yevropa chempionati final raundi sari yetaklab, katta shuhratga burkandi.

Jahonning vise-chempioni va  Zidanga g‘azab

Villi Sanyol yuqori saviya nima ekanligini yaxshi biladi. Deylik, u JCH-2006 finalida o‘ynagan va Karlo Anchelotti metodlarini puxta biladi. Villining faoliyati «Sent-Etyen» klubida boshlangan. E’tiborlisi, u jamoa akademiyasida atigi 13 yoshida tahsil ola boshlagan. Undan oldin esa noma’lum jamoa­chalarda to‘p ortidan yugurgan. Sanyol mehnatkash qanot himoyachisi edi - kamdan-kam holda ko‘zga tashlanadigan, ammo o‘ta foydali futbolchi. Villi 1997 yili «Monako» safiga qo‘shiladi va jamoada mavsum-1999/2000 yakunida Fransiya chempioni bo‘ladi. Umuman, tirishqoq himoyachi butun mavsum davomida qattiq mehnat qiladi, shu tariqa mukofot tariqasida «Bavariya»dan taklif oladi. Myunxenda esa bir urinishda jamoa bilan xayrlashgan Markus Babel o‘rnini bosadi. Ya’ni Sanyol debyut mavsumidayoq asosiy tarkibga o‘rnashib, sovrinlar kolleksiyasi yig‘ishni boshlaydi. Har holda, uning bisotidagi nufuzli kuboklar to‘plami har qanday futbolchida yengilgina havas uyg‘otishi turgan gap. Zero, fransiyalik himoyachi Bundesligada 5 marta chempionlikni nishonlash barobarida Germaniya kubogida 4 bora zafar quchadi. Shuningdek, CHL-2000/2001dagi g‘alaba yoniga Qit’alararo kubokni ham qo‘shib qo‘yadi. Xullas, Germaniyadagi faoliyatining boshlang‘ich qismidayoq barcha nufuzli sovrinlarni yiqqan Sanyol shundan keyin ham o‘z darajasini sira tushirmaydi.

Villi jumladan, 2006 yili aynan Germaniya­da o‘tkazilgan jahon chempionatida «oltin ma’buda» yutishga juda yaqin keladi. Ammo Fransiya milliy jamoasi final o‘yinidan keyingi penaltilar seriyasida italyanlarga yutqazib qo‘yishadi. O‘shanda 4-zarbani amalga oshirgan Villi gol urgandi, ammo bu g‘alabaga kamlik qiladi. Aynan Sanyolning zarbasi Fransiya termasi uchun oxirgisi bo‘lgandi. Ya’ni 5-urinishga hojat qolmagandi. E’tiborli tomoni, himoyachi 2-o‘rin va kumush medaldan aslo qoniqmaydi. Eslasangiz, Zayniddin Zidan o‘sha finalda Marko Materassi fitnasiga uchgan va uning ko‘kragiga «kalla qo‘yish» asnosida qizil kartochka olgandi. Jamoa Fransiyaga qaytgach, Zizuni o‘sha xatti-harakati uchun hech kim ortiqcha ayblamagan, faqat Villi Sanyolgina buyuk afsonaga qahrini sochgandi. «Ha, Zidanning uzrini qabul qilmadim, u bilan gaplashishni ham xohlamadim. Kechirim bilan ko‘ngil joyiga tushadigan vaqt emasdi, chunki mislsiz darajada asabiy holatda edik. Esimda, o‘yindan keyin to‘g‘ri hojatxonaga kirgan va chamasi 10 daqiqa ichida 250 dona sigareta tutatgandim. Shu-shu Zidan bilan deyarli 2 yil gaplashmaganman», - degandi Sanyol keyinchalik. Ular faqat 2008 yili, Villining nikoh to‘yi bahona yarashganlarini ham aytish joiz. 

Sanyol 30 yoshga yaqinlash sari birin-ketin jarohatlarga yo‘liqadi. Xususan, pay cho‘zilishi oqibatida deyarli 1 yil chetda qoladi. U har safar jarohatdan keyin asta-sekin sport formasini tiklashga tushgan pallada darhol yana qandaydir muammoga uchraydi va 31 yoshida butsalarini mixga ilishdan o‘zga chora topolmaydi. Ehtimol, Feliks Magatning o‘ta og‘ir mashg‘ulotlari ham himoyachiga salbiy ta’sir qilgandir... Vaholanki, Sanyol hamisha jismonan baquvvat ekanligi bilan ajralib turgan. Ammo tiklanish pallasida og‘ir yuklamalar har qanday futbolchiga aks ta’sir etishi mumkin.

Anchelotti assistenti, irqchilik ayblovi

Villi Sanyol murabbiylik faoliyatini 2013 yili Fransiya U-21 terma jamoasi boshlaydi. E’tiborli tomoni, uning boshqaruvidagi jamoa yil davomida biror marta mag‘lubiyatga uchramaydi: 9ta o‘yinda 7ta g‘alaba, gollar nisbati - 29:6. Yosh murabbiy o‘shanda Antoni Martial, Lyuka Din, Florian Toven kabi endi ko‘tarilayotgan qator yulduzchalar bilan ishlagandi. Yoshlar termasining bunday natijalari ta’sirida Sanyolni tezda «Bordo»ga taklif etishadi. Umuman, Fransiyada unga mamlakat futbolining eng istiqbolli murabbiylaridan biri sifatida qarashadi. Villi ishonchga yarasha, «Bordo»dagi debyutida klubning bir yil oldingi natijasini nisbatan yaxshilaydi - 6-o‘rin (klub bunga qadar 7-pog‘onani egallagandi). Ko‘pchilik Sanyol katta futbolda debyutant ekanligidan kelib chiqib, yakuniy natijaga yaxshi baho beradi. Biroq istiqbolli murabbiy 2014 yilning kuzida kuchli mojaro tufayli klubdan ketadi. Sanyol o‘shanda «Bordo» uning boshqaruvida afrikalik futbolchilarni imkon qadar kamroq sotib olishini aytgandi. Buni esa afrikaliklar har 2 yilda mavsumning qoq o‘rtasida qit’a kubogiga jo‘nab ketishlari bilan izohlaydi. Ammo murabbiyni darhol irqchilikda ayblashadi. Boz ustiga, shu vaqt natijalar ham pasayib, «Bordo» turnir jadvalining 14-pog‘onasiga tushib qoladi. Shu tariqa klub rahbariyati Sanyolni iste’foga chiqarishni ma’qul ko‘radi.

Sobiq himoyachi 2017 yilga kelib, «Bava­riya»ga qaytadi va Karlo Anchelotti assistenti rolida ish boshlaydi. Ammo oradan atigi 2 oy o‘tgach, italiyalik metr iste’foga chiqariladi va Sanyol bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajaradi, to‘g‘ri, atigi 1ta o‘yinda. Xullas, myunxenliklar Villiga ishonch bildirishni istamay, bosh rolga tajribali Yupp Xaynkesni taklif etishadi. Shundan so‘ng naq 4 yil tanaffus olgan Sanyol nihoyat, Gruziya milliy jamoasida Vladimir Vayss o‘rnini egallash asnosida ishga qaytdi. Qarangki, u gruzinlar bilan yangi tarix yaratdi. Mana, Villi endi yozda Germaniyaga boradi - faoliya­tining eng yaxshi damlari va o‘zi uchun alamli JCH finaliga guvoh mamlakatga. Ko‘ramiz, Sanyol bu safar nemislar diyorida yana bir bora diqqat markaziga tusharmikan...?

O‘z tarixida ilk marta Yevropa chempionatiga yo‘l olgan Gruziya terma jamoasining hozirgi tarkibi har qachongidan ham kuchli. Har holda, Villi Sanyol qo‘l ostidagi jamoaning deyarli barcha yetakchilari Yevropa ligalarida to‘p surishmoqda:

- Georgi Mamardashvili («Valensiya», Ispaniya)

- Guram Kashiya («Slovan», Slovakiya)

- Otar Kakabadze («Krakoviya», Polsha)

- Lasha Dvali (APOEL, Kipr)

- Georgi Gocholeishvili («Shaxtyor», Ukraina)

- Irakli Azarovi («Shaxtyor», Ukraina)

- Luka Gagnidze («Dinamo» M., Rossiya)

- Iva Gelashvili («Spesiya», Italiya)

- Luka Lochoshvili («Kremoneze», Italiya)

- Saba Sazonov («Torino», Italiya)

- Georgi Aburjaniya («Xatayspor», Turkiya)

- Jaba Kankava («Slovan», Slovakiya)

- Nika Kvekveskiri («Lex», Polsha)

- Otar Kiteishvili («Shturm», Avstriya)

- Zuriko Davitashvili («Bordo», Fransiya)

- Georgi Chakvetadze («Uotford», Angliya)

- Jemal Tabidze («Panetolikos», Gresiya)

- Levan Shengeliya («Panetolikos», Gresiya)

- Gabriel Sigua («Bazel», Shveysariya)

- Anzor Mekvabishvili («Universitatya», Ruminiya)

- Georgi Kochorashvili («Levante», Italiya)

- Sandro Altunashvili («Volfsberg», Avstriya)

- Jorj Mikautadze («Mes», Fransiya)

- Xvicha Kvarasxeliya («Napoli», Italiya)

- Budu Zivzivadze («Karlsrue», Germaniya)

- Georgi Kvilitaya (APOEL, Kipr)

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:33, 24.05.2024.
O'qildi: 1073 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.