Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Bayer»ni yanchib tashlagan Luqmon kim o‘zi?

«Bayer»ni yanchib tashlagan Luqmon kim o‘zi?

Baho:
+ | -

Yevropa ligasining hal qiluvchi bellashuvi qit’a futbolidagi yangi yulduzni kashf etdi.

Mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan «Bayer» yanchib tashlandi. Uning bosh qahramoniga aylangan Ademola Luqmonning xet-triki «Atalanta»ga nufuzli sovrinni hadya etdi. Qiziq, nigeriyalik vinger qanday qilib ulkan muvaffaqiyatga erishdi?

19 yoshda jahon chempioni bo‘ldi, lekin APLdan joy topa olmadi

1997 yilda Londonda tug‘ilgan bolakay futbol sirlarini ham Angliyada o‘rgandi. Ademola «Vaterloo» va «Charlton»ning o‘smirlar jamoalarida tahsil olib, 2015 yilda «Charlton»ning ikkinchi jamoasida katta futboldagi debyutini nishonladi. 2017 yilda Luqmon 9 mln. yevro evaziga «Everton»ga o‘tdi. Bundan tashqari, 2016-2019 yillar oralig‘ida yoshlar terma jamoasiga ham jalb etilib, 2017 yilda 20 yoshlilar jamoasi safida JCHda g‘olib chiqdi.

Shu tariqa APL va «Uch sherlar» yangi yulduzga ega bo‘ladigandek tuyulgandi. Biroq umidlar chippakka chiqdi. Yarim himoyachi «Liverpul»da vaqti-vaqti bilan maydonga tushgani bois, asosiy tarkibga ko‘tarila olmadi.

2017|18 yillar mavsumida Luqmonni yosh iqtidorlar salohiyatini yuzaga chiqara oladigan «RB Leypsig»ga «surgun» qilishdi. Germaniyadagi 11ta o‘yinda 5ta gol urganidan keyin, futbolchi «Everton»ga qaytdi, lekin 24ta uchrashuvda atigi bitta gol bilan kifoyalandi. 

Qizig‘i shundaki, 2019 yil yozida «RB Leypsig» shu noshud futbolchini «Everton»dan 18 mln. yevroga xarid qilib, o‘z safiga qo‘shib oldi. Aftidan, Luqmonning ijaradagi faoliyati germaniyaliklarga yoqib qolgandi. Biroq Ademola mavsumni qoniqarsiz o‘tkazdi: turli musobaqalardagi 11ta o‘yinda birorta gol ura olmadi. O‘sha paytda «RB»ni boshqargan Nagelsmann Luqmonni ikki mavsumga APLga ijaraga yubordi: 2020|21 yillar mavsumida u «Fulxem»da, keyingi mavsumda «Lester»da to‘p surdi. U yerda Ademola muntazam ravishda maydonga tushgan bo‘lsada, talab darajasidagi natijaga («Fulxem»da 35ta o‘yin, 4ta gol, 4ta assist, «Lester»da 42ta o‘yin, 8ta gol, 5ta assist) erisholmadi. Shu sababli, APL vakillari Luqmonni xarid qilishmadi. 2022 yil yozida «Atalanta» unga xaridor bo‘ldi.

«Atalanta»ga o‘tish - Luqmon faoliyatidagi hal qiluvchi qaror

Vinger uchun bergamoliklar 9,2 mln. yevro sarflashdi va bundan aslo xafa bo‘lishmadi. Debyut mavsumida Luqmon 33ta o‘yinda 15ta gol va 8ta assistni hadya etdi. Jan Pyero Gasperini unga ishonch bildirib, o‘yinga 100 foiz kirishishni talab etdi.

«Gasperini - menga duch kelgan eng qattiqqo‘l inson. U menga yangicha fikrlashni o‘rgatdi. Men futbol haqida o‘zgacha o‘ylaydigan bo‘lib qoldim», - deydi Luqmon. Shuningdek, bosh murabbiy Ademola uchun yangi rolni o‘ylab topdi. Shu paytgacha uni faqat vinger maqomida ko‘rishardi. Jan Pyero undan ikkinchi hujumchi sifatida foydalana boshladi. Endi futbolchi to‘p bilan muomala qilish o‘rniga ko‘proq bo‘sh hududlarni izlaydigan bo‘ldi. 2022|23 yillar mavsumi arafasida Angliya terma jamoasida o‘ynashdan voz kechib, Nigeriya tarkibida to‘p surishga qaror qildi. Garchi u Angliyada tug‘ilib o‘sgan bo‘lsada, ota-onasi nigeriyalik bo‘lganlari uchun, FIFA uning istagiga monelik qilmadi. Natijada Ademola 2022 yil martida JCH saralash bosqichining Ganaga qarshi uchrashuvida debyutini nishonladi.

2023|24 yillar mavsumida futbolchi saviyali faoliyatini davom ettirdi. Uning hisobida 46ta uchrashuvdagi 25ta gol va 8ta assist bor. Lekin murabbiy shogirdining o‘yinlaridan doimo mamnun emas. Masalan, «Lasio»ga qarshi bahsda (2:3) u 60-daqiqada maydonga tushgan bo‘lsada, Gasperinidan faqat tanbeh eshitdi. «Uchrashuvdagi eng noxush holat Luqmonning maydonga tushgandagi ko‘rinishi bo‘ldi. U qandaydir parishonxotir, jamoadoshlaridan farqli ravishda, unda o‘ynash istagi yo‘qdek ko‘ringandi», - degandi Gasperini nigeriyalik shogirdi xususida. Vaholanki, bundan atigi 2 kun avval «Atalanta» YEL doirasida «Sporting»ga qarshi maydonga tushgan va 2:1 hisobida raqibidan ustun kelgandi. Murabbiy esa Ademolaga yuksak baho bergandi: «O‘ylaymanki, bugun Luqmon yil davomidagi eng samarali uchrashuvini o‘tkazdi. U juda ko‘p xavfli vaziyatlarni yaratdi, tobora kuchayib borayotganiga shubha yo‘q. Luqmon - o‘ta muhim o‘yinchi».

AMKda Ademola  Osimxendan zo‘rroq  o‘ynadi

Nigeriya terma jamoasi AMK-2023 turniriga favoritlardan biri maqomida yo‘l olgandi. O‘shanda OAV va muxlislar Viktor Osimxenni terma jamoaning yo‘lboshchisi sifatida e’tirof etishgandi. Biroq amalda aynan Luqmon jamoaning eng sermahsul o‘yinchisi bo‘ldi. Terma jamoa bosh murabbiyi Joze Pereyru Ademola uchun qulay bo‘lgan 3-4-2-1 sxemasidan foydalangani evaziga Luqmon ortdagi hujumchi rolini a’lo darajada ijro etdi - Kamerun darvozasiga 2ta (2:0) va Angolaga 1ta (1:0) gol urdi. Qo‘shimchasiga, Ekvatorial Gvineyaga qarshi bellashuvda samarali uzatma muallifi bo‘ldi. Yo‘lboshchi maqomida e’tirof etilgan Osimxen esa turnirdavomida atigi 1ta gol va 1ta assistni rasmiylashtirdi.

Nima uchun Luqmon  AMKda zo‘r o‘ynadi?

Buning sababi faqat pozisiya bilan bog‘liq emas. «Burgutlar» bo‘shliqni, tezkor qarshi hujumni xush ko‘radigan jamoa. Bu esa aynan Luqmon uchun ideal uslub: tezlik va texnik mahorat Gasperinidan olingan taktik bilimlar bilan uyg‘unlashib, dahshatli kuchga aylanadi. Shuningdek, Ademola pozision hujumda ham chakki emas. Bu borada «Atalanta»ga rahmat aytish kerak.

Jan Pyero Gasperini, «Atalanta» bosh murabbiyi: «Men Nigeriya terma jamoasining turnirdan barvaqt chiqib ketishini istamayman. Lekin, tabiiyki, Luqmonning tezroq qaytib kelishini va jamoamda to‘p surishini istayman. Shuningdek, birinchi navbatda uning jarohatlardan yiroq bo‘lishiga umid qilaman».

Yakunda Luqmon AMK turnirida finalgacha to‘p surdi. Lekin ajdodlari yurtiga 4-Afrika Kubogini hadya eta olmadi. Ochig‘i, hal qiluvchi bahsdagi omadsizlik uni ortiqcha qiynamasa kerak. Chunki Luqmon jajjigina Bergamoga nufuzli yevrokubok bilan qaytdi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:55, 23.06.2024.
O'qildi: 2323 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.