Yevro-2024 turnirining Fransiyaga qarshi yarim finalida gol urgan Lamin Yamal nufuzli turnir tarixidagi eng yosh to‘purarga aylandi.
O‘sha kuni u 16 yosh, 362 kunlik yigitcha edi. Tabriklash uchun uni quchib olgan Xesus Navas Yamaldan 22 yoshga kattaroq. «Barselona»ning so‘nggi sensasiyasi muallifi bo‘lajak JCH-2026ning dastlabki yarim finali arafasida 19ga chiqadi va albatta, o‘z mahoratini ilk bor mundialda namoyish etishga urinib ko‘radi. Biz esa ajoyib gollari bilan futbol olamini lol etgan eng yosh futbolchilarni esga olishga qaror qildik.
PELE - Shvesiya-1958
JCHlari tarixidagi arboblar va futbolchilardan biri bo‘lgan Pele (Edson Arantes du Nasimento) chempionlik kubogini 3 marta boshi uzra baland ko‘targan rekordchidir. O‘zining dastlabki tarixiy sovrinini qo‘lga kiritgan davrida bo‘lajak qirol 17 yoshda bo‘lsada, chorak finalda gol urgan, yarim finalda dublga erishgandi. Uning eng yorqin harakati esa hal qiluvchi bahsda, uzatilgan to‘pni ko‘zni qamashtiradigan darajadagi zarba bilan darvozaga joy olganida kuzatildi. Shu zaylda Pele JCH finalida gol urgan dastlabki eng yosh hujumchi bo‘ldi. Bo‘lajak qirolning ikkinchi goli esa eng yosh jahon chempioni unvonini hadya etdi.
Buni bilarmidingiz?
Garchi Pele yorug‘ olamga Braziliya terma jamoasining 10-raqamli hujumchisi maqomida tanilgan bo‘lsada, aslida unga o‘zi bilmagan holda ega bo‘lgandi. Boisi, Braziliya futbolchilar raqamlarini ro‘yxatga olishni unutgan va shoshilinchda 10-raqam Pelega nasib etgandi. U esa raqamni butun dunyoga tanitdi.
Juzeppe BERGOMI - Ispaniya-1982
«Biz rondo tayyorladik va oyoqlarim qaltirab ketdi», degandi Bergomi o‘zining Italiyadagi dastlabki mashg‘ulot lageri xususidagi savolga javoban. Garchi u «Inter»ning asosiy tarkibidagi mo‘ylovdor o‘yinchi bo‘lsada, o‘zi endigina 18ga chiqqandi. Ha, universal himoyachi jamoa sardori bo‘lmish Dino Zoffdan qariyb 22 yoshga kichikroq edi. U Enso Bearzot jamoasi tarkibidan joy olgan bo‘lsada, boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishni bir oz kutishiga to‘g‘ri kelgandi. Guruh bosqichining 2-turida Kollovati jarohat olib maydonni tark etgach, Bergomi uning o‘rnini to‘ldirib, jamoaning 3:2 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Keyin yarim final va finalda ham to‘p surib, Peledan keyingi ikkinchi eng yosh jahon chempioni bo‘ldi.
Siz bilarmidingiz?
Terma jamoaning 81 uchrashuvida maydonga tushib, 4ta JCHlarida to‘p surgan Bergomi birorta saralash bosqichida ishtirok etmagani ajablanarli hol, albatta. Ispaniya mundialiga u kechikib yetib kelgandi. Italiyaning zafar quchgani va mezbonlik maqomi unga keyingi 2ta turnirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri final bosqichida maydonga tushish imkoniyatini bergandi.
Maykl OUEN - Fransiya-1998
Bu afsona 20 yoshlilar o‘rtasidagi JCH-1997 turnirida 4ta o‘yinda 3ta gol urgan va bir yildan keyin Glenn Xoddl jamoasi tarkibida Fransiya-98 mundialiga yo‘l olgandi. O‘shanda u 18 yoshda edi. Maykl mundialdagi gollari hisobini Ruminiyaga qarshi bahsda ochdi. 1|8 finalda esa u Xose Shamot va Roberto Ayyala kabi raqiblarini aldab o‘tib, Argentina darvozasini ishg‘ol etgandi. To‘g‘ri, «uch sherlar» yakunda penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berishdi, lekin Ouenning ajoyib o‘yini unga turnirning eng yosh futbolchisi unvonini keltirdi.
Siz bilarmidingiz?
1998 yilning fevralida terma jamoadagi debyutini nishonlagan 18 yosh, 59 kunlik Ouen Angliyaning XX asrdagi eng yosh o‘yinchisi bo‘ldi. U o‘zining dastlabki golini turnir arafasidagi Marokashga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida amalga oshirgan, Ruminiya darvozasiga yo‘llagan aniq zarbasi esa mundialning final bosqichida gol urgan eng yosh to‘purar maqomini bergandi. Rekord hanuzgacha yangilangan emas.
Lionel MESSI - Germaniya-2006
Messining jahon Kubogi turniridagi faoliyati unga ulug‘vor daho maqomini bergani bejiz emas. Leo «Albiseleste» tarkibida ilk marta zaxiradan maydonga tushib, afsonaviy Diyego Maradonaning sinchkov nazorati ostida Serbiya-CHernogoriya termasini taslim etishga (3:0) munosib hissa qo‘shgandi. O‘shanda 18 yosh, 357 kunlik hujumchi avvaliga chap qanotdan hujumga o‘tib, Ernan Kresponi samarali uzatma bilan ta’minlagan, oradan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas, o‘zi ham gol urgandi.
Siz bilarmidingiz?
Gelzenkirxendagi debyutidan keyin Messi JAR-2010, Braziliya-2014, Rossiya-2018 va Qatar-2022 mundiallarida sermahsul o‘yinlar namoyish etib, 5ta mundiallarda samarali uzatmalarni amalga oshirgan yagona futbolchi unvoniga sazovor bo‘ldi.
Kilian MBAPPE - Rossiya-2018
Fransiyalik bo‘ron ikki yil davomida «Ko‘hna qit’a»dagi barcha raqiblari himoyasini parchalab, Rossiya mundialidagi Peruga qarshi bellashuvda o‘z gollari hisobini ochgandi. Keyin u 1|8 finalda Argentinaning dodini berdi - o‘ng va chap oyoqlarida bittadan gol urdi, Antuan Grizmannga penalti ishladi va 4:3 hisobidagi g‘alabani ta’minladi. Nihoyat, yomg‘irli Moskva zaminida o‘tgan finalda 19 yosh, 207 kunlik to‘purar rekordlar kitobida Pele yonidan joy oldi.
Siz bilarmidingiz?
To‘rt yildan keyin Kilian terma jamoaga qatorasiga ikkinchi marta finalga chiqishida yordam berib, so‘nggi 56 yil ichida xet-trikka erishgan dastlabki futbolchiga aylandi va angliyalik Jeff Xyorst bilan tenglashib oldi.
Manba: fifa.com, A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi