Ikkinchi davra oldidan «Navbahor»ning asosiy darvozaboni O‘tkir Yusupov Eronning «Fulad» klubiga transfer qilingach, namanganliklar rahbariyati jamoaga tajribali posbon Sanjar Quvvatov hamda Eldor Suyunovlarni taklif qilishgandi.
Biroq, Suyunov «lochinlar» safiga 1,5 yillik o‘yin amaliyotisiz kelgani bois, murabbiylar ko‘proq Sanjar Quvvatovga imkonyat taqdim etishayotgandi ammo futbolchi mavsum yakunlanishiga 4ta tur qolganda jarohat olib safdan chiqdi. Biz hozirda muolajalarni davom ettirayotgan darvozabon bilan bog‘lanib ayrim savollarimizga javob olishga erishdik.
- «Olimpik»ka qarshi o‘yin oldidan jarohat olganingiz haqida eshitgandik. Hozirda ahvolingiz qanday?
- Ha to‘g‘ri, 23-tur o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rish uchun davom etayotgan mashg‘ulotlar chog‘ida oyog‘imdan jiddiy jarohat oldim. Xudoga shukur, hozir ancha yaxshiman. Muolajalar tugay deb qoldi. Nasib qilsa, «Navbahor»ning qishki yig‘inlarida safga qaytaman.
- «Navbahor» o‘z safiga qo‘shib olish uchun yana bir posbon izlayotgani haqidagi xabarlarni o‘qiyotgandirsiz? Bu narsa darvozabonga qanday ta’sir qiladi?
- Bu oddiy holat. Futbolda boshqa chiziq vakillari singari darvozabonlarga ham doimo raqobat kerak. Raqobat yo‘q joyda o‘sish bo‘lmasligini faoliyatimda ko‘p bor guvohi bo‘lganman.
- «Navbahor»dan taklif tushgach nimalar haqida o‘yladingiz? Bu yilgi natijalar kutilganidek bo‘lmayotganligi uchun muxlislar tanqidiy kayfiyatda yurishgandi...
- Vodiyda, xususan Namanganda futbolga bo‘lgan qiziqish ancha yuqori. «Navbahor»da talabchan va jonkuyar muxlislar bosimiga dosh bera olganlargina o‘zini ko‘rsata oladi. O‘zim ham bunga asta-sekin ko‘nikib boryapman.
- «Neftchi»dan ketishingiz sabablari bo‘yicha turli fikrlar mavjud. Yaxshisi, bu haqda o‘zingizdan eshitsak?
- Bu savolga qisqa javob beraman - o‘zim shuni xohladim. Siz eshitayotgan turli gap-so‘zlar muxlislarning fikri xolos.
- Xo‘sh, «Navbahor»ga kelganingizdan keyingi kutilmalar o‘zini oqladimi? Natijalar yaxshilangani bilan jamoa ko‘zlangan maqsadlarning hech biriga erisha olmadi...
- Nima desam ekan...? Har doim ham biz xohlagan narsalar sodir bo‘lavermaydi. Bu omadga ham bog‘liq. Muhimi, harakat va izlanishdan to‘xtamaslik kerak. Tushkunlikka tushishdan foyda yo‘q. Yaxshisi, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni yetarlicha tahlil qilib kelgusida bu kabi yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik chorasini topish lozim.
- Aytingchi, bu yilgi faoliyatingizdan nechog‘lik ko‘nglingiz to‘ldi?
- Tan olaman, eng yomon mavsumlardan birini o‘tkazdim. Maqsadlar har galgidek yuqori edi, afsus o‘xshamadi... Ammo to‘xtab qolish yo‘q, xatolar ustida ishlashim kerak.
- Samvel Babayan qo‘l ostida shug‘ullanib yurgan futbolchilar bilan ishlash Sergey Lushan uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligi taxmin qilingandi, lekin natijalar yomon emas...
- «Navbahor» safida tajribali hamda professonal futbolchilar jamlangan. Ular istalgan murabbiy qo‘l ostida o‘zlarini ko‘rsata olishadi. Men jamoa tarkibiga ikkinchi davrada kelib qo‘shildim. Shu bois, Samvel Babayan futbolchilar bilan qanday ishlaganini bilmayman lekin, Sergey Lushanning mashg‘ulotlari juda qiziqarli ekanini aytishim mumkin.
- Darhaqiqat, Lushan kutilganidan ko‘ra yaxshiroq natija qayd eta oldi. Sizningcha bu mutaxassisga ishonishda davom etish kerakmi?
- Jamoani kelasi yilda kim boshqarishi rahbariyat hal qiladigan masala. Agar, fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz aytishim mumkinki, Lushan «Navbahor» tarkibi yoshartirilgan taqdirda ham jamoada muvafaqqiyatli ishlay oladi.
- Kelasi mavsumdan asosiy urg‘u mahalliy futbolchilarga va yoshlarga qaratilishi ma’lum qilindi. Klub rahbariyati tanlagan strategiya borasida qanday fikrdasiz?
- Bu rahbariyat qarori va uni muhokama qilishni xohlamayman. Mutasaddilarda shunday to‘xtamga kelish uchun qandaydir asos bo‘lsa kerak-ki, reja va maqsadlar o‘zgartirilgan.
- Terma jamoamizning asosiy posboni O‘tkir Yusupovga munosib raqobatchi sifatida Abduvohid Ne’matov nomzodi ilgari surilmoqda. Tajribali darvozabon sifatida bu ikki kiperning yutuq va kamchiliklarini ayta olasizmi?
- Ikkala darbozabon ham hozir juda yaxshi formada. Terma jamoamiz postida qaysi posbon turishidan qat’iy nazar unga omad tilayman va astoydil muxlislik qilaman. Xudo xohlasa jahon chempionatiga chiqsak, O‘tkirni juda katta hissasi tekkan bo‘ladi. Darvozabon sifatida bundan behad xursandman.
- Suhbat so‘nggida o‘yiningiz borasida tanqidiy kayfiyatdagi muxlislarga nimalar degan bo‘lardingiz?
- Tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilaman va o‘z ustimda yanada yaxshiroq ishlashga intilaman. O‘yinimga e’tibor qaratib, o‘z fikrini bildirayotganlarga esa faqat sog‘lik-salomatlik tilayman.
Xurshidbek YUSUPOV suhbatlashdi