Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Janluiji Buffon: "Butun hayotim yiqilmoq va turmoqdan iborat bo‘lgan"

Janluiji Buffon: "Butun hayotim yiqilmoq va turmoqdan iborat bo‘lgan"

Baho:
+ | -

Katta maqsadlarga erishishni niyat qilgan har qanday insonning umr yo‘llarida turli past-balandliklar, qiyinchilik hamda mashaqqat, yiqilmoq va turmoq mujassam.

Faoliyati davomida 30dan ortiq sov-rin va turli darajadagi mukofotlar egasi, bir qator takrorlanmas rekordlar sohibi, IFFHS talqini bo‘yicha 21 asrning eng yaxshi darvozaboni deb tan olingan jahon chempioni Janluiji Buffon ham uzoq yillik faoliyati davomida nimalarni boshdan kechirmadi deysiz? Jiji taxallusi bilan millonlab futbol ishqibozlari ko‘nglidan joy olgan bu po‘lat qo‘lqop egasi yaqinda Corriere della Sera nashri tomonidan uyushtirilgan suhbatda bolalik kezlari, faoliyatidagi quvonchli va alamli damlar hamda shaxsiy hayotiga oid savollarga batafsil javob qaytardi.

- Jiji, terma jamoadagi debyutingiz qachon bo‘lganini eslay olasizmi?

- O‘shanda men 15 yoshga ham to‘lmagan edim. Edinburgda Shotlandiyaga qarshi o‘ynash uchun Italiya U-16 terma jamoasiga chaqirildim. Bu mening Britaniya stadionlaridagi birinchi o‘yinim edi: yog‘och tribunalar, hayqiriqlar, bizga qarshi o‘ttiz ming kishilik "qo‘shin". Tuman. Men jimgina zahirada o‘tirardim. Qor yog‘a boshladi, maydon oppoq. Birozdan keyin murabbiy meni yoniga chaqirdi: "Buffon, sening navbating".

- Birinchi marta terma jamoa safida maydonga tushish qanday his-tuyg‘ular baxsh etgandi?

- O‘sha uchrashuvda bir necha daqiqa o‘ynadim xolos va bitta zarbani qaytarib, qorga sho‘ng‘idim. O‘yindan keyin ota-onamni Karraradagi uyga chaqirish uchun bir-ikki tanga yig‘ib olgandim. Buvim yashaydigan Friuliga qo‘ng‘iroq qilish uchun telefon raqimini noto‘g‘ri terganim yodimda. Bolaligimda qishni doim Friulida bobom va buvimnikida o‘tkazardim. Chunki, ota-onam ikkita singlimdan ortib ishga borishardi va menga vaqt ajarata olishmasdi. Birinchi xotiralarim qor bilan qoplangan maydonlardir. Men uchun barcha narsaga toza ko‘rinish beradigan bu oq "kafan"ning siyrati juda yoqardi hamda unga sho‘ng‘irdim. O‘shanda qorga sakrab tushsam, hamma yerim ho‘l bo‘lishi mumkinligini bilmasdim ham.

- Yaqinda sizning Mario Deziati bilan birgalikda yozgan va Mondadori tomonidan nashr etilgan "Yiqilmoq, turmoq, yiqilmoq, turmoq" nomli avtobiografiyangiz sotuvga chiqdi...

- Darvozabon bo‘lishlik kishidan katta jasorat talab qiladi. Yodimda, 1970 yillarda yoshligimdagi maydonlar betondek qattiq bo‘lardi. Hozir ham har qanday keksa yoshdagi darvozabonlarni bunday yerga sakrayverish orqali jarohatlangan qo‘llari va oyoqlari og‘riyotganidan tanib olish mumkin. Faoliyatim davomida faqat bitta agentim bo‘lgan - Silvano Martina. Nima uchun uni tanladim? Chunki, uning qo‘llari - chandiqlar bilan qoplangan haqiqiy darvozabonning qo‘llari edi.

- Kitobni mutolaa qila turib, darvozabonlarda telbavorlik bo‘lsa kerak degan xayolga bordim. Hech bo‘lmaganda sizda...

- Ha, shunday vujudimda telbavorlik hissi borligini yashirmayman. Darvozabonlar ko‘pincha o‘zlari bilan o‘zlari yoki qo‘lqoplari bilan gaplashadilar. Boshqalar qatorida, men ham har doim hayratlanarli hatti-harakatlarim bilan ajralib turardim. O‘ylashimcha, bunday tuyg‘ularsiz men omon qololmasdim.

- O‘yindan so‘ng doimo raqiblaringizni quchoqlab yurgansiz. Nima, hamma bilan do‘st bo‘lganmisiz?

- Yo‘q, barcha bilan emas. Qaysidir o‘yinda "Benfika" hujumchisi meni qo‘limga jarohat yetkazadigan darajada qattiq tepganini eslayman. Aniq aytaman-ki, u ataylab shunday qilgandi. Og‘riq kuchli edi lekin u parvo ham qilmadi. Hatto, kechirim so‘ramoqchi bo‘lmagan qiyofada juda yoqimsiz qaragandi.

- Ismini ayta olasizmi?

- Qasam ichaman, unutibman. Agar uni yana uchratib qolsam, albatta gaplashardim. Men uchun hammaga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lish sharafdir. To‘g‘risi, salbiy taassurot uyg‘otadigan odamlarni tezda unutaman.

- Sizga qarshi o‘ynagan eng kuchli raqib kim bo‘lgan?

- Uzoq yillik faoliyatim mobaynida uch avlod vakillariga qarshi o‘ynadim. Vaholanki, har bir davrda o‘ziga yarasha kuchli ijrochilarga qarshi juda ko‘p marta maydonga tushganman. Ularning orasidan eng kuchlisini qanday ajratib olish mumkinligini ham bilmayman. Ehtimol, Zidan, Ronaldo, Messi, Krishtianu, Inyestadir...

- Siz bittasini tanlashingiz kerak.

- Neymarning ismini aytish yodimdan ko‘tarilibdi. U qanday futbolchi va inson ekanligini inobatga olsak, aslida faoliyati davomida besh marta "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishi kerak edi...

- Aytgancha, u bilan "PSJ"da birga o‘ynagansiz. Parij klubiga azaliy orzuingiz - Chempionlar ligasini yutish maqsadida borgandingiz...

- To‘g‘ri, bizda buning uchun imkoniyat yetarli edi. Angliyada "Manchester Yunayted"ga qarshi o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozondik va javob o‘yiniga juda yomon tayyorgarlik ko‘rganimizni tushungandim. Lekin bu haqda hech kimga hech narsa demadim. Vaholanki, tarkibimizda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan futbolchilar bor edi, masalan, Mbappe...  Tan olaman bu o‘yinga kerak bo‘lganidan mutlaqo boshqacha tayyorgarlik ko‘rgandik. Natijada himoya chizig‘idagi xato tufayli darhol gol o‘tkazib yubordik, keyin ikkinchisi - noaniq pas tufayli, uchinchi gol ham darvozamizdan joy oldi hamda barcha ambisiyalarimiz bekor bo‘ldi.

- Nega "Yuventus" bilan Chempionlar ligasida g‘alaba qozona olmadingiz?

- Men YECHLda shu kungacha uchta finalda o‘ynadim. 2015 yilda "Barselona" va 2017 yilda "Real"ga qarshi o‘yinlarda imkoniyatni boy berganmiz. Ammo tushuning, biz so‘nggi 20 yildagi eng kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushdik. 2003 yilda esa Shevchenko yetakchiligidagi "Milan"ga yutqazganmiz.

- O‘sha finaldan keyin tushkunlikka tushib qolgandingiz. Depressiyadan qanday chiqib ketdingiz?

- Dori-darmonlarni qabul qilishdan bosh tortdim. To‘g‘risi, ularga qaram bo‘lib qolishdan qo‘rqdim. Men psixoterapevtga bor-yo‘g‘i uch-to‘rt marta borganman, xolos. U menga maslahat berar ekan, futboldan boshqa narsalar bilan ham shug‘ullanishni tavsiya qilgandi.

- Oxir-oqibat nimalar bilan band bo‘ldingiz?

- O‘shanda rasm chizishni mashq qildim. Shu sababli Turindagi Zamonaviy san’at gale-reyasiga bordim. U yerda rassom Chagallning ko‘rgazmasi bo‘layotgan edi. Men bir soat davomida "Yurish" kartinasi oldida to‘xtab qoldim. Bu Chagall va uning rafiqasi Bella tasvirlangan oddiy rasmga o‘xshardi biroq, ular bir-birlarining qo‘llarini ushlab faqat uchishmoqda edi. Ertasi kuni yana qaytib o‘sha ko‘rgazmani tomosha qilgani bordim. Pattachi: "Buffon, ko‘rgazmada hali ham kechagi suratlar namoyish qilinmoqda", dedi va men javob berdim: "Ha, bilaman, lekin uni yana ko‘rmoqchiman". Bilasizmi? Butun hayotim shunday edi: yiqilmoq, turmoq. Men ham bosh-qalar kabi xatolarga yo‘l qo‘yganman va ularni hech qachon yashirmaganman.

- Qanday xatolar haqida gapiryapsiz?

- Maktabni to‘liq tugatmaganim bois, ota-onam oldida o‘zimni aybdor his qilardim. Keyin, universitetga kirish xohishi paydo bo‘ldi. Massajchimiz esa bu muammoni hal qilib berishini, barcha futbolchilar shunday qilishlarini aytdi... hamda soxta diplom olib berishdi. Xudo haqqi, qanday aql bovar qilmaydigan soddalik va men buning uchun ularga pul to‘ladim.

- Siz Italiya terma jamoasi safida 176ta o‘yin o‘tkazdingiz. Endi bu rekordni yangilash hech kimga nasib qilmasa kerak?

- Ehtimol shundaydir, lekin bilasizmi, Italiya FF prezidenti Gravina xayrlashuv uchrashuvi uyushtirishni taklif qildi. Men esa buni qilmaslik yaxshiroq, deb javob berdim.

- Biroq siz yana faoliyatingizni davom ettirishga qaror qildingiz...

- "Atalanta"ga kerak edim. Gasperini menga ijtimoiy tarmoq orqali: "Sen bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonamiz" deb xabar yuborgandi. Lekin Pirlo "Yuve"da qolishimga ishontirdi.

- Faoliyatingizni esa "Parma"da yakunladingiz...

- Menga "Barselona"da ikkinchi darvozabon bo‘lish uchun taklif bor edi. Krishtianu bilan o‘ynash tajribasidan keyin, Messi bilan bir jamoada to‘p surish g‘oyasi yoqayotgandi, ammo bir kuni radioda Jovanottining qo‘shig‘ini eshitib qoldim. Men uni juda yaxshi ko‘raman. Shundan so‘ng butun xayolimni "Parma"da o‘ynash hissi chulg‘ab oldi. Axir nima uchun hammasini boshlangan joyda tugatmaslik kerak?

- Xo‘sh, Messi sizningcha qanday inson?

- 2015 yilgi Chempionlar ligasi finalini yaxshi eslayman. O‘yindan keyin yelkamga kimdir qo‘lini qo‘ydi: "Jiji, futbolkalarni almashtirmaymizmi?" Bu Messi edi. Haqiqatdan ham buyuk futbolchilar hech qachon taslim bo‘lmaydilar.

- Endi Krishtianu Ronaldu haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Biz har doim ajoyib munosabatda bo‘lganmiz. U bilan ko‘pincha o‘zaro va yangi kelganlar haqida suhbatlashardik. Men Ronalduda katta kuchni, shu bilan birga otasidan ayrilganidan so‘ng his qilgan zaiflikni ko‘rdim. Krishtianu ko‘pchilik uddalay olmaydigan juda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.

- JCH-2006da Italiya nimaning evaziga g‘alaba qozongan? Aytaylik, Fransiya va Braziliya sizlardan kuchliroq edi.

- Biz hech qachon jahon chempionatiga mutlaq favorit sifatida bormaganmiz. Ehtimol, 1990 va 1994 yillarda bizda eng yaxshi jamoa bo‘lgandir bu haqda aniq nimadir deya olmayman. Lekin Germaniyadagi mundialda o‘yindan o‘yinga o‘sishga erishdik va hammaga kim ekanligimizni ko‘rsatib qo‘ydik.

- Finalda Fransiyaga qarshi o‘yinda aynan siz tufayli Zidan Materassiga ishlatgan qo‘polligi uchun maydondan chetlatildi...

- Men hakamning e’tiborini tortishga urindim, sababi Marko o‘rnidan turmasligidan qo‘rqqandim. Chunki o‘sha vaziyatdan 30 soniya avval Zidanning bosh bilan bergan zarbasini qaytargandim. To‘p xuddi toshdek og‘ir edi, qo‘limni bukib qo‘yishiga sal qolgandi.

 XURSHIDBEK tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:20, 19.12.2024.
O'qildi: 448 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.