Kirish Ro'yxatdan o'tish

"PSJ" xo‘jayinining betakror yo‘li

"PSJ" xo‘jayinining betakror yo‘li

Baho:
+ | -

Yangi 2025 yil kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Superliga mavzusi esa hanuzgacha yangiliklar lentasini tark etgani yo‘q.

Yaqinda e’lon qilingan Florentino Peres va Andrea Anyelli orzusi bo‘lgan turnir haqida navbatdagi xabar paydo bo‘ldi. Emishki, Yevropada 50dan ortiq klublar Superligada ishtirok etish istagini bildirishgani sababli, ularni 3ta divizionga ajratishar ekan. Turnir startini esa kelasi yilning kuzi yoki 2026 yilga mo‘ljallanmoqda.

«PSJ» prezidenti Nosir al Helayfi mazkur xabarga ochiq-oshkor munosabat bildirgan shaxslarning biri bo‘ldi: «U (Superliga) mavjud emas. Aslida, u bir nechta noto‘g‘ri fikr yuritayotgan kishilar miyasidan tashqari, hech qayerda, hech qachon bo‘lmagan. Ayniqsa, yevrokubok musobaqalari yangi formatga o‘tgan, KJCHlari o‘zgacha tartibda o‘tkazilayotgan hozirgi davrda buning iloji yo‘q. Uni hech kim qo‘llab-quvvatlamaydi: muxlislar ham, o‘yinchilar ham, matbuot ham, hukumatlar va klublar ham. Faqat 2ta jamoa Superliga tarafdori. Umid qilamanki, ular o‘z xatolarini tushunib yetadilar va Yevropa oilasiga qaytadilar».

Helayfining so‘zlari o‘ta salmoqdor. Har holda, u UYEFA ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Yevropa klublar assosiasiyasining rahbari va qit’adagi asosiy futbol muassasalari bilan yaxshi munosabatlar saqlab qolishga intiladigan supergrand jamoaning sohibi.

«PSJ» prezidentining futbol iudustriyasidagi eng muhim jarayonlarga ko‘rsatayotgan ta’siriga baho berishning umuman, iloji yo‘q. UYEFAning barcha hal qiluvchi qarorlarida uning ishtiroki bor. Hamma gap, birinchidan, Nosirning sadoqati va qonun-qoida chegarasidan chiqmasdan ish yuritishida. Ikkinchidan, transfer bozoridagi bilimdonligida. Jumladan, mablag‘ masalasida, albatta. So‘nggi mundialda Helayfi tashkiliy qo‘mita tarkibiga kiritilgani bejiz emas. Qizig‘i shundaki, porloq kelajak belgilaridan yiroq bo‘lgan bolakay shunchalik bepoyon hukmronlikka ega bo‘ldi.

Al Helayfi baliqchi oilasida dunyoga keldi. Ha, shunchaki, oddiy baliqchi oilasida. Helayfilar Doxada, Qatardagi yakkayu-yagona tennis majmuasining ro‘parasida istiqomat qilishardi. 11 yoshli Nosir pul topish maqsadida shu majmuaga bol-boy bo‘lib ishga kirdi.

Kunlarning birida bolakayning qo‘liga tennis raketkasini tutqazishgach, o‘yinga qiziqib qoldi. Shu tariqa al Helayfi yillar davomida tirishqoqlik bilan mashq qilib, yakunda vatani uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan natijaga, ya’ni ATR turnirida kortga chiqqan dastlabki qatarlik tennischi maqomiga ega bo‘ldi. Lekin o‘yindagi natijalari muvaffaqiyatli bo‘lmadi.

Tennisdagi butun faoliyati davomida Nosir boylikdan yiroq bo‘ldi. Turnirlarga borganda, bor mablag‘ini mehmonxonalarda tunashga sarfladi va 2002 yilda bolalikdagi orzusiga erisha olmagan holda professional tennis bilan xayrlashdi. Biroq aynan tennis tufayli uning hayotida tanishuvlar, aniqrog‘i, yagona tanishuv yuz berdi. O‘smirlik davrida Nosir ko‘pincha Tamim bin Hamad al Tani bilan juftlikda tennis o‘ynagandi. O‘sha davrda shahzoda maqomida bo‘lgan sherigi hozir Qatar amiri, davlat rahbari. Kortdagi ahillikdan yuzaga kelgan abadiy do‘stlik rishtasi al Helayfi hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.

Tennisdagi faoliyatidan keyin Nosir al Helayfi iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olib, dastlabki va hozir ham davom ettirayotgan lavozimi - Qatar tennis federasiyasi prezidenti lavozimiga musharraf bo‘ldi. Mamlakat jahon chempionatini tashkil etish huquqini qo‘lga kiritganida, iqtisodiyotni diversifikasiya qilish, ya’ni, daromad manbalarini kengaytirish talabi yuzaga keldi. Shunda diplom qo‘l keldi.

2011 yilda Nosirni Tamim bin Hamad tomonidan tashkil etilgan Qatar Sport Investment - investisiya jamg‘armasiga rahbar etib tayinlashdi. Oradan 3 oy o‘tgach, kompaniya «PSJ»ning aksiyalar paketini xarid qildi. Shundan keyin «Frans Futbol» nashri al Helayfini futboldagi eng nufuzli shaxs sifatida, L~Equipe esa faqat fransuz futbolidagi eng nufuzli shaxs sifatida e’tirof etishdi. Qadrdon do‘sti esa o‘z hukumatida lavozimsiz vazir maqomini berdi. Ya’ni, o‘zining vazirligi yo‘q, lekin bosh­qa vazirlar kabi ovoz berish huquqini hadya etdi. Aynan Qatarga xos orzu!

 MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:45, 08.01.2025.
O'qildi: 1115 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.