Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Arsenal 2-0 Brentford
04/12 00:30 Brayton 3-4 Aston Villa
04/12 00:30 Byornli 0-1 Kristal Pelas
04/12 00:30 Vulverhempton 0-1 Nottingem Forest
04/12 01:15 Lids 3-1 Chelsi
04/12 01:15 Liverpul 1-1 Sanderlend
05/12 01:00 Man. Yunayted 1-1 Vest Xem
06/12 01:00 Real Ovyedo - Malyorka
06/12 17:30 Aston Villa - Arsenal
06/12 18:00 Vilyarreal - Xetafe
06/12 19:00 Sassuolo - Fiorentina
06/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
06/12 20:00 Manchester Siti - Sanderlend
06/12 20:00 Nyukasl - Byornli
06/12 20:00 Tottenhem - Brentford
06/12 20:00 Bornmut - Chelsi
06/12 20:15 Alaves - Real Sosyedad
06/12 22:00 Inter - Komo
06/12 22:30 Lids - Liverpul
06/12 22:30 Betis - Barselona

Fikayo Tomori: «Milan» - bu jonajon uyim»

Fikayo Tomori: «Milan» - bu jonajon uyim»

Baho:
+ | -

Ishonchli o‘yinlari bilan «Milan» muxlislari mehrini qozonishga ulgurgan ang­liyalik markaziy himoyachi Fikayo Tomori joriy mavsumga katta umid bog‘lamoqda. To‘g‘ri, qariyb 4 yildan buyon «rossonerlar» sharafini himoya qilib kelayotgan 27 yoshli futbolchi SportMediaset jurnalistlari bilan suhbatda bu safar jamoaning skudetto yutishiga ishonchi komil emasligini yashirmadi.

— Joriy mavsum «Milan» libosida yanada ishtiyoq bilan to‘p suryapsiz. O‘yiningizdagi o‘zgarishlarning asl mohiyatini tushuntirib bera olasizmi?

— Menimcha, bu yil barchamizning o‘yinimizda rivojlanish kuzatilmoqda. Bunga sabab sifatida o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarilganini aytishim mumkin. Shuningdek, tarkibga yangi futbolchilar qo‘shilishgani va yangi murabbiy kelgani ortidan ruhiyatimizda o‘zgacha ishtiyoq tug‘ildi. Mana, chempionatni yomon boshlamadik. Buyog‘iga nafaqat individual jihatdan, balki yaxlit jamoa sifatida ham sur’atni oshirib borishimiz kerak. O‘z o‘yinimga ortiqcha to‘xtalishni istamayman. Shunchaki, maydonda murabbiy talablarini bekamu-ko‘st bajarishga zo‘r ber­yapman.

— 2022 yili skudettoni qo‘lga kiritgan «Milan» tarkibiga qarasak, jamoada qolgan kam sonli futbolchilardan birisiz. Aytingchi, hozirgi tarkibda ham chempionlikka yetadigan salohiyatni ko‘ryapsizmi?

— Ochig‘i, joriy mavsum skudettoni qo‘lga kiritishimizga ishonchim komil emas. Qolaversa, bu haqda gapirishga hali erta. «Milan» qaytadan shakllantirilmoqda va bunday holatda barqaror o‘yinni yo‘lga qo‘yish uchun biroz vaqt ketadi. Asosiysi, har bir o‘yin haqida alohida o‘ylaydigan, kuchli mentalitetga ega yaxshi jamoa tuzilayotgani ko‘rinib turibdi. Deylik, Maksimiliano Allegri futbolchilarga faqat bo‘lajak o‘yin haqida bosh qotirishni, qolgan masalalarni vaqti kelganida muhokama qilishimizni uqtirmoqda. Ha, hozirda turnir jadvaliga qarasak, istiqbolimiz chakki emasdek. Ko‘ramiz, mavsum yakuniga qadar qo‘limizdan nimalar kelarkin...?

— Deylik, «Milan» yakunda skudettoni qo‘lga kiritsa, g‘alabani qanday nishonlaysiz, bu haqda o‘ylab ko‘rdingizmi?

— Yo‘q. Bordiyu, biror alohida ish qilishim talab etilsa, ehtimol, sochimni sariq rangga bo‘yarman...

— Xabarlarga qaraganda, amaldagi shartnomangiz muddatini uzaytirish bo‘­yicha muzokara olib borayotgan ekansiz...

— «Rossonerlar» libosini kiyganimdan buyon bir gapni ko‘p bora takrorlab kelyapman: «Milan» ajoyib klub va rahbariyat xayrlashish vaqti kelganini aytmagunicha hech qayerga ketmayman. Bu — jonajon uyim. Kelishuv muddatini uzaytirish masalasida esa hozircha hech qanday yangilik yo‘q. Agarda rahbariyat shartnomani yangilash yuzasidan aloqaga chiqsa, o‘ylab ko‘rishga tayyorman.

— Kiyinish xonasida jamoadoshlaringiz bilan qaysi tilda gaplashasiz?

— Ingliz, fransuz, italyan, ispan tillarida... Umuman, klubdoshlar bilan muloqotga kirishish borasida qandaydir muammo yo‘q. Maydonda esa har doim umumiy — futbol tilida gaplashamiz.

— Sizningcha, Luka Modrich «Milan»da Ibragimovichning 2022 yilgi muvaffaqiyatini takrorlay oladimi?

— Bemalol. Zero, har ikkisi katta tajribaga ega buyuk ijrochi. To‘g‘ri, Zlatan nisbatan talabchanroq va jamoani ilhomlantirish bo‘yicha haqiqiy ruhshunos edi. Modrich esa qanday o‘ynash, shug‘ullanish va uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida maslahat bermaydi. Shunchaki, uning o‘zi — chin o‘rnak. Yana bir tomoni, Ibragimovich yetakchiligida chempionlikka erishganimizda, jamoa nisbatan yoshroq edi. Bugun esa tarkibda 5-6 nafar asosiy futbolchi bor, Modrich ham shular qatorida, albatta.

— Kelasi yilgi mundialda Angliya termasi bilan bosh sovrinni qo‘lga kirita olishingizga ishonasizmi?

— Albatta. Milliy jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxel bilan bir necha bor gaplashdim va mendan nimalarni talab qilishini yaxshi tushunaman. Tabiiyki, milliy jamoadan chaqiruv olish uchun avvalo, «Milan»da o‘zimni ko‘rsatishim zarur. Umid qilamanki, amalda shunday bo‘ladi. Jahon chempionatida zafar quchish — hamma qatori men uchun ham haqiqiy orzu.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 23:58, 24.11.2025.
O'qildi: 660 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.