"Milan"ning sobiq prezidenti Adriano Galliani Italiya futbolidagi muammolar haqida gapirdi. Eslatib o‘tamiz, Italiya terma jamoasi ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatidan quruq qoldi.
"Seriya A futbolchisi tomonidan qo‘lga kiritilgan oxirgi "Oltin to‘p"ni Kaka (2007 yilda) olgan edi. Bir paytlar "Milan"da Franko Barezi va Paolo Maldinilar o‘ynardi — endi hamma narsa o‘zgardi. Tahlillar esa men bugun ertalab eshitayotgan gaplardan ancha chuqurroq bo‘lishi kerak.
1990 yilda Italiya Yevropa chempionlari kubogi, Kubok egalari kubogi va UYEFA kubogini qo‘lga kiritgan, italiyalik klublar doimiy ravishda yevrokuboklar finaliga chiqar edi. Hozirda bu futbol fenomeni ham klublar, ham terma jamoa darajasida inqirozga yuz tutmoqda. Men statistikani sevadigan inson sifatida shuni ham qayd etamanki, Seriya A da to‘p uzatish tezligi — Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir", — dedi Galliani Sky Sport efirida.













