«Qo‘qon-1912» — «Nasaf» uchrashuvida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha taqdim etilgan qo‘shimcha ma’lumotlar ortidan O‘zbekiston Professional futbol ligasi vakillari bilan mazkur masala yuzasidan muhokama o‘tkazildi.
Tomonlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar batafsil muhokama qilinib, ular to‘liq bartaraf etildi. Xususan, amaldagi FIFA hamda IFAB talablari va reglamentlari doirasida VAR jarayonlariga oid ma’lumotlar almashinuvi tartibi, tomonlarning vakolatlari va mas’uliyatlari yuzasidan o‘zaro tushuncha va yondashuvlar yagona pozisiyaga keltirildi.
FIFA va IFAB protokollari o‘zbek tiliga tarjima qilinganda, O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) uchinchi tomon sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan. Aslida esa, O‘zPFL musobaqani o‘tkazuvchi tashkilot sifatida mazkur jarayonda bevosita ishtirok etuvchi tomon hisoblanadi va uchinchi tomon sifatida qaralmaydi.
Shuningdek, hozirgi kunga qadar yuzaga kelgan holatlar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ikki tashkilot o‘rtasida amalda bo‘lgan shartnoma bandlari asosida tizimli va tartibli ravishda davom ettirilishi ta’kidlandi.
O‘zFHM va O‘zPFL o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish hamda futbol hakamligi tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa ekanligi yana bir bor eslab o‘tildi.
O‘zFHM kelgusida ham O‘zbekiston Professional futbol ligasi bilan samarali va konstruktiv hamkorlikni izchil davom ettiradi.
Mazkur holat Superliga 5–6-tur uchrashuvlari tahlili davomida instruktorlar va hakamlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, «Qo‘qon-1912» — «Nasaf» uchrashuvida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha hakamlar hamda jamoalar a’zolarining harakatlarini har tomonlama o‘rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tashkil etilishi va tegishli tekshiruvlar o‘tkazilishi belgilandi.













