«Liverpul» hujumchisi Ugo Ekitike Chempionlar Ligasi chorak finali doirasida «PSJ»ga qarshi kechgan javob o‘yinida jiddiy jarohat oldi. Futbolchi birinchi bo‘lim davomida Muhammad Salohga almashtirilgan edi.
Lequipe nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 23 yoshli fransiyalik hujumchining tovon payi uzilgan. Ushbu jarohatdan so‘ng to‘liq tiklanish uchun futbolchiga taxminan to‘qqiz oy vaqt kerak bo‘ladi.
Bu degani, Ekitike nafaqat joriy mavsumning qolgan qismini, balki shu yilning yozida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati – 2026 bahslarini ham o‘tkazib yuboradi. Bu Fransiya terma jamoasi va «Liverpul» uchun katta yo‘qotishdir.
Eslatib o‘tamiz, «qizillar» Ekitikeni 2025 yilning yozida Frankfurtning «Ayntraxt» klubidan 95 million yevro evaziga sotib olishgan edi. Endilikda jamoa hujum chizig‘ida asosiy yuklama yana Saloh va boshqa yetakchilar zimmasiga tushadi.













