«Saragosa» darvozaboni Esteban Andrada Segunda uchrashuvidagi agressiv xulq-atvori uchun jazolandi.
Eslatib o‘tamiz, «Ueska»ga qarshi kechgan bahsning 97-daqiqasida Andrada mezbonlar himoyachisi Xorxe Pulidoni itarib yuborgan edi. Hakam argentinalik posbonga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatgach, u «Ueska» sardoriga yaqinlashib, uni musht bilan urib yiqitdi. Zarba natijasida ispaniyalik futbolchining yuzi shishib ketgan va ko‘z ostida ko‘karish paydo bo‘lgan.
Pulidoga qilingan hujumdan so‘ng darhol ommaviy mushtlashuv boshlanib ketdi. Natijada «Ueska» darvozaboni Daniel Ximenes va «Saragosa» himoyachisi Dani Tasende ham maydondan chetlatildi.
Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi (RFEF) Tartib-intizom qo‘mitasi Andradani raqibga hujum qilgani uchun 12 ta o‘yinga, ikkita sariq kartochka (qizil) uchun esa yana bitta o‘yinga diskvalifikasiya qilish haqida qaror chiqardi.
Mushtlashuvda ishtirok etgan Ximenes 4 ta o‘yinga, Tasende esa 2 ta o‘yinga chetlashtirildi.













