Xalqaro shaxmat federasiyasi (FIDE) 2026 yil aprel oyi yakunlariga ko‘ra dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ro‘yxatini yangiladi. Kuchli 100 talik ro‘yxatda O‘zbekistondan 5 nafar grossmeyster o‘rin oldi.
Reytingda hamon Magnus Karlsen (2840) peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni FIDE nomzodlar turnirida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan AQSH vakillari Hikaru Nakamura (2792) hamda Fabiano Karuana (2788) egallab turibdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilarning natijalari:
Nodirbek Abdusattorov klassik musobaqada ishtirok etmagani sababli, uning hisobidagi ochkolar o‘zgarishsiz qoldi. Ayni vaqtda O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi hisoblangan Nodirbek 2780 ochko bilan dunyo reytingida 4-pog‘onada bormoqda.
Kiprda o‘tkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida jahon shaxmat elitasining vakillari hisoblangan Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Rameshbabu Pragnanandha (ikki marta), Andrey Yesipenko va Vey I kabi grossmeysterlar ustidan g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritgan Javohir Sindorov ham mart oyiga nisbatan 6 pog‘ona yuqoriladi. Ayni paytda Sindorov 2776 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi. Shu tariqa tarixda ilk bor O‘zbekistonning ikki nafar grossmeysteri dunyo reytingida top-5 talikdan o‘rin oldi.
Shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev o‘tgan oyga nisbatan to‘rt pog‘ona pastlagan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov ochkolari soni 3 taga ko‘payganiga qaramay, ikkita o‘rin pastladi. Kuchli yuztalikdan joy olgan yana bir o‘zbekistonlik Shamsiddin Vohidov esa 87-o‘rinni band etib turibdi.

Kuchli 100 talikdan yana uch nafar o‘zbekistonlik grossmeyster o‘rin olgan:
Nodirbek Yoqubboyev — 2689 ochko (40-o‘rin);
Rustam Qosimjonov — 2665 ochko (50-o‘rin);
Shamsiddin Vohidov — 2637 ochko (79-o‘rin).
Ayollar o‘rtasidagi Top-100 talikda ham o‘zgarishlar kuzatildi. O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Afruza Hamdamova 2423 ochko bilan 34-o‘ringa joylashgan. Aprel oyida ayollar o‘rtasida xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘lgan Umida Omonova ham o‘z o‘rnini yaxshiladi va hozirda 2357 ochko bilan 88-pog‘onaga koѹtarildi. O‘tgan oyga 94-o‘rinda qayd etilgan Gulruhbegim Tohirjonova esa top-100 talikni tark etdi.
Afruza Hamdamova — 2416 ochko (34-o‘rin);
Umida Omonova — 2347 ochko (88-o‘rin).
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi FIDE reytingida 2622 ochko bilan 9-o‘rinni egallab turibdi. Ayollar jamoasi esa 2252 ochko bilan 17-o‘rinda qayd etilgan.













