«Bavariya» darvozaboni Manuel Noyer yana bir mavsum jamoada qoladi va yaqin kunlarda yangi shartnoma imzolaydi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Kecha Chempionlar ligasi yarim finalida «PSJ»ga qarshi javob uchrashuvida jamoalar 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Biroq ikki o‘yin natijasiga ko‘ra myunxenliklar 5:6 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi. Germaniyalik posbon mazkur qarama-qarshilikda raqibning oltita zarbasidan oltita gol o‘tkazib yubordi: birinchi bahsda beshta gol qo‘yib yuborib, birorta seyv amalga oshirmadi, ikkinchi uchrashuvda esa bitta gol o‘tkazib yubordi va oltita seyv namoyish etdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga kirgan. «Bavariya» rahbariyati klubga taklif qilingan boshqa darvozabonlar agentlariga ham Noyer yana bir mavsum jamoada qolishini ma’lum qilgan.
Kutilishicha, Manuel Noyer asosiy darvozabon bo‘lib qoladi, ammo uning o‘rinbosari Yonas Urbig ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Noyer Urbigga ustozlik qilishi va murabbiylar shtabiga uni o‘z vorisi sifatida tayyorlashda yordam berishi ta’kidlanmoqda. Qayd etilishicha, har ikki darvozabon ham bu holatdan mamnun.
Joriy mavsumda Manuel Noyer barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 39 ta gol o‘tkazib yubordi va 11 bor o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qoldi.













