«Komo» klubining markaziy himoyachisi Xakobo Ramon Angliya Premyer-ligasi grandlari e’tiboriga tushdi. 21 yoshli futbolchining o‘yinlarini Londonning «Arsenal» va «Chelsi» klublari skautlari bevosita kuzatib borishmoqda. Bu haqda taniqli jurnalist Ekrem Konur xabar bermoqda.
Sesk Fabregas qo‘l ostida to‘p surayotgan ispaniyalik futbolchining transferi boshqa klublar uchun biroz murakkab kechishi mumkin. Gap shundaki, Madridning «Real» klubi o‘z tarbiyalanuvchisini birinchi navbatda qayta sotib olish huquqiga ega. Bundan tashqari, «qirollik klubi» futbolchining keyingi sotuvidan tushadigan mablag‘ning 50 foizini qo‘lga kiritadi.
Hozirda «Komo» Xakobo Ramonning transfer narxini 45-50 million yevroga baholamoqda. Joriy mavsumda himoyachi Italiya jamoasi safida barcha musobaqalarda 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 2 bor ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.













