Angliya Premyer-ligasining navbatdagi turida «Manchester Siti» o‘z maydonida «Kristal Pelas»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va peshqadam «Arsenal» bilan oradagi farqni 2 ochkogacha qisqartirdi. Chempionat yakuniga ikki tur qolgan bir paytda, «shaharliklar»ga ketma-ket chempionlik uchun londonliklarning kamida bir marta ochko yo‘qotishi zarur bo‘ladi.
Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Sky Sports nashriga bergan intervyusida yuzaga kelgan vaziyatga real baho berdi.
«Afsuski, ko‘plab sabablarga ko‘ra vaziyat hozir bizning qo‘limizda emas. Lekin jamoada ruhiyat a’lo darajada. Oldinda bizni yana bir kubok finali kutmoqda», — deydi mutaxassis.
Shuningdek, Gvardiola APLdagi bo‘lajak raqiblar — «Bornmut» va «Aston Villa»ning kuchini ham e’tirof etdi:
«Bornmut» va «Aston Villa» — oson raqiblar emas. Ayniqsa, yevrokuboklar uchun kurashayotgan «Bornmut»ning oxirgi marta qachon yutqazganini eslay olmayman. Ammo hozir barcha xayolimiz «Chelsi»ga qarshi final bahsi bilan band».
Eslatib o‘tamiz, Angliya Kubogining final uchrashuvi shu haftaning shanba kuni, 16 may sanasida bo‘lib o‘tadi.













