Angliya Chempionshipida yuzaga kelgan shpionlik mojarosi yanada jiddiy tus olmoqda. Avvalroq Angliya futbol ligasi (EFL) pley-off finali qoldirilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Gap shundaki, «Sautgempton»ning samaradorlik bo‘yicha tahlilchisi pley-off yarim finali oldidan «Midlsbro» mashg‘ulotlarini yashirincha suratga olayotgani va taktikani yozib borayotgani aniqlangan.
Shundan keyin ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Sautgempton» «Midlsbro»ni mag‘lub etib (0:0, 2:1), finalga chiqqan edi. Jamoa 23 may kuni APL yo‘llanmasi uchun «Xall»ga qarshi maydonga tushishi kerak.
Biroq «Midlsbro» klubi rasman «Sautgempton»ni shpionlik va mashg‘ulot jarayonini noqonuniy tasvirga olishda aybladi. Qoidalarga ko‘ra, ayblanayotgan klub javob berish uchun 14 kun vaqtga ega.
Shu bilan birga, EFL ishni tezlashtirishni istamoqda. Chunki agar final ko‘chirilsa, «Uembli» stadionida may oyi oxiri va iyun boshida tadbirlar jadvali juda zich ekani muammo tug‘dirishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, intizom qo‘mitasi «Midlsbro»ga tergov jarayonida ishtirok etishga ruxsat bermagan.
Shundan so‘ng «Midlsbro» rasmiy bayonot bilan chiqdi:
“Klub ushbu qarordan afsusda. Chunki aynan biz ko‘rib chiqilayotgan masalalardan bevosita jabr ko‘rganmiz va voqealar hamda ularning sport natijasiga ta’siri bo‘yicha dalillarga egamiz.
Mashg‘ulotimizni kuzatish va videoga olish kabi harakatlar sport halolligi va adolatli raqobat tamoyillariga zid.
Bunday vaziyatda yagona munosib chora — «Sautgempton»ni Chempionship pley-off finalidan chetlatishdir”, — deyiladi klub bayonotida.
Agar «Midlsbro» talabi qondirilib, final bekor qilinsa, APL yo‘llanmasi avtomatik ravishda «Xall»ga berilishi mumkin. «Xall» Chempionship muntazam mavsumini oltinchi o‘rinda yakunlagan edi.













