«Real» klubi Joze Mourinyoning bosh murabbiy lavozimiga qaytishini qachon e’lon qilishi ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq, 63 yoshli portugaliyalik mutaxassis «Madrid»da Alvaro Arbeloaning o‘rnini egallashi haqida xabar berilgan edi — qirollik klubi murabbiyni «Benfika»dan 3 million yevro evaziga sotib oladi va u bilan ikki yillik shartnoma imzolaydi.
ESPN nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Real» Mourinyoning tayinlanishi haqidagi rasmiy bayonotni mavsum yakunlanganidan so‘ng — yakshanba yoki dushanba kuni e’lon qiladi. La Liganing so‘nggi turi o‘yinlari 23-24 may kunlari bo‘lib o‘tadi va «qaymoqranglilar» shanba kuni o‘z maydonlarida «Atletik Bilbao»ni qabul qilishadi.
Ta’kidlanishicha, «Madrid» prezidenti Florentino Peres Mourinyoning shartnomasiga alohida band qo‘shish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Ushbu bandga ko‘ra, agar klub prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarda Enrike Rikelme g‘alaba qozonsa, u portugaliyalik murabbiy bilan hamkorlikni rad etishi va boshqa nomzodni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Mourinyo avval ham «Real»ni boshqargan (2010-2013) va klub bilan birgalikda La Liga, Ispaniya Kubogi hamda Superkubogida g‘olib chiqqan edi. Mutaxassis o‘zining so‘nggi sovrinini 2021/22 yilgi mavsumda «Roma» boshqaruvida qo‘lga kiritgan — o‘shanda rimliklar Konferensiyalar Ligasida zafar quchishgan edi.













