9 may kuni Saudiya Arabistonida OK-2027 final bosqichiga qur’a tashlanganidan xabaringiz bor. Ushbu jarayonda Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy jamoasi «V» guruhidan joy oldi. Raqiblarimiz — Bahrayn, KXDR va Iordaniya termalari. Hozirda iordaniyaliklarni tarixiy JCH (ular ham biz kabi bo‘lajak mundialga debyutant sifatida borishadi)ga hozirlayotgan jamoa bosh murabbiyi Jamol Sellami qur’a marosimidan so‘ng OFK rasmiy sahifasiga qisqacha intervyu berdi. Marokashlik mutaxassis suhbat davomida jumladan, Iordaniya milliy jamoasi Osiyo chempionatida favoritlardan biri bo‘lishini ta’kidladi. Eslatish kerak, iordaniyaliklar OK-2023 finaliga chiqib, katta shov-shuv ko‘tarishgandi.
— Iordaniya milliy jamoasi Osiyo kubogining amaldagi finalchisi sanaladi. Qolaversa, qo‘l ostingizdagi jamoa o‘tgan yili o‘z tarixida ilk marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Xo‘sh, hozirgi ko‘tarilish jarayoni bo‘lajak Osiyo kubogida qanday ustunlik berishi mumkin? Umuman, sizningcha, jamoaning ayni tarkibi yanada kattaroq natijalar ko‘rsatishga qodirmi?
— Albatta, Osiyo kubogi finalida o‘ynash va JCH-2026 ishtirokchilari qatoriga qo‘shilish — Iordaniya terma jamoasi uchun katta yutuq. Bu natijalar futbolchilarda ishonchni yanada mustahkamladi. Asosiysi, bo‘lajak mundial yanada ko‘proq tajriba orttirish imkonini beradi. Hozirning o‘zida jamoamiz Osiyo futbolida o‘z mavqeiga ega bo‘lib ulgurdi. Shunday ekan, navbatdagi Osiyo kubogida e’tibor markazida bo‘lishimiz tayin. Umuman, Iordaniya termasi qit’a chempionatida favoritlardan biri bo‘ladi. Bo‘lajak musobaqa haqida yaxshiroq va bafurja gaplashish-o‘ylash uchun oldimizda hali vaqt bor. Zero, bizni avvalo, jahon chempionatidek muhim forum va mislsiz tajriba kutib turibdi. Okean ortida turli xil futbol uslublariga qarshi o‘ynaymiz, demak, bizda o‘zgacha tajriba orttirish imkoni bor. Yashirmayman, bo‘lajak mundialga Osiyo kubogi-2027 uchun yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish va kuchli tarkib shakllantirish imkoniyati sifatida qarayapmiz. Maqsad — o‘zimizdan yanada yorqinroq taassurot qoldirish. Nega endi yana bir bora finalni ko‘zlamasligimiz, Iordaniya futboli mavqesini yanada yuqoriga ko‘tarishga urinmasligimiz kerak?
— Jamoangiz guruh bosqichida O‘zbekiston, Bahrayn va KXDR termalari bilan bahslashadi. Sizningcha, bu kvartet Iordaniya milliy jamoasi uchun nechog‘li murakkab?
— Qit’a chempionatida hamisha kuchli raqobat bo‘ladi. O‘ylaymanki, har bir guruh o‘ziga yarasha murakkab. Futbolda, ayniqsa, yirik turnirlarda eng muhimi — raqiblarga to‘g‘ri yondashish, ularga hurmat bilan qarash. Shundan so‘ng har bir o‘yinga e’tibor qaratish va izchil tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Tushunarliki, «pley-off»ga chiqish uchun imkon qadar ko‘proq ochko olish kerak. Har bir jamoada o‘ziga yarasha texnik salohiyat va tajriba borligi ham aniq. O‘zi zamonaviy futbolda jamoalar o‘rtasidagi farq juda minimallashdi. Xullas, oson o‘yin kutmaymiz, barchasi qiyin kechadi.
— Iordaniya terma jamoasining oxirgi 3 yildagi natijalariga qarasak, yaqqol o‘sish kuzatilmoqda. Bu jamoaga bosim yuklamaydimi? Har holda, muxlislar sizlardan yanada faolroq o‘yin ko‘rsatib, rivojlanish yo‘lida davom etishni kutishadi?
— Ha, Iordaniya termasi so‘nggi yillar o‘zi ishtirok etgan har bir turnirda kuchli taassurot qoldirdi, Osiyoning yetakchi jamoalari qatoriga qo‘shildi. O‘ylaymanki, futbolchilar bunday qarashga to‘liq moslashishdi, favorit maqomi bosimiga qarshi immunitet hosil qilishdi. Umidvormanki, keyinchalik ham yuqori darajada tayyor bo‘lamiz va muxlislarimiz orzu-umidlarini oqlaymiz. Ishonamanki, bizni kuzatib borayotganlarni uyaltirib qo‘ymaymiz. Asosiysi, o‘zimizga nisbatan talabchanlikni pasaytirmasak, raqiblarga jiddiy qarasak, bas. Xullas, har bir o‘yin va bosqichda o‘z darajamiz, tayyorgarligimizni namoyish etishimiz kerak. Alloh xohlasa, yakunda muxlislarimizni quvontira olamiz.
Yana bir guruhdoshimiz — Bahrayn milliy jamoasini boshqarayotgan xorvatiyalik Dragan Talayich OK-2027 qur’asi natijalaridan to‘liq qoniqqanini ta’kidladi. Uning fikricha, qur’ada jamoasiga omad kulib boqdi: «Mana, guruhda qaysi jamoalar bilan o‘ynashimizni bilib oldik. O‘ylaymanki, guruhimiz qolganlari kabi murakkab, lekin bu qur’a deylik, JCH saralash bosqichinikidan ancha yaxshi bo‘ldi. Chunonchi, mundial yo‘lida Yaponiya, Avstraliya, S.Arabistoni, qolaversa, Indoneziya termalari bilan o‘ynashimizga to‘g‘ri keldi. Qisqasi, raqiblar darajasi nuqtai nazaridan bu safar qur’ada biroz omadimiz keldi. Lekin ijobiy natija ko‘rsatish uchun har bir o‘yinga mukammal tayyorgarlik ko‘rishimiz talab etiladi. Taqvim bo‘yicha navbati bilan KXDR, Iordaniya va O‘zbekiston termalariga qarshi o‘ynaymiz. Turnirdagi birinchi o‘yin hamisha eng muhimi sanaladi. Koreyslar bilan birinchi o‘yinga qadar qo‘ldan kelganicha sifatli tayyorgarlik ko‘ramiz. Iordaniyaliklarga qarshi bahs qiyin va qiziqarli bo‘lishiga aminman. O‘zbekiston termasi bilan bo‘ladigan uchinchi o‘yin hal qiluvchi ahamiyat kasb etsa, ajabmas. Umid shuki, hammasi yaxshi bo‘ladi va Bahrayn xalqi Osiyo kubogida amalga oshiradigan ishlarimizdan faxrlanadi. Albatta, keyingi yig‘inda ko‘plab yangi yigitlarga imkoniyat taqdim etamiz. Unda Gruziya termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazamiz. Bu raqib qanday kuchga egaligi barchaga ma’lum. Shunday ekan, tarkib bo‘yicha muvozanatni ushlash kerak. Ba’zi yoshlarga imkoniyat beramiz, kim bundan to‘g‘ri foydalansa, biz bilan qolib, tayyorgarlikni davom ettiradi».













