Madridning «Real» klubi prezidenti lavozimiga nomzod Enrike Rikelme bo‘lajak saylovlarda muvaffaqiyat qozonishiga qat’iy ishonch bildirdi. 37 yoshli ispaniyalik tadbirkor 2009 yildan buyon klubni boshqarib kelayotgan Florentino Peresga jiddiy raqobat ko‘rsatish niyatida.
«Mag‘lub bo‘lgan taqdirimda kelajakda yana nomzodimni qo‘yamanmi? Men g‘alabadan boshqa hech narsa haqida o‘ylamayapman. Biz bu yerga yutish uchun kelganmiz. Yoshim 37 da, men 37 mamlakatda faoliyat yuritadigan, 5000 nafar xodimga ega va 4 milliard yevro daromad keltiradigan global kompaniyani boshqaraman. Odamlar bir narsani tushunib yetishi kerak: men loyihalarga shunchaki ishtirok etish uchun kirishmayman. Agar nomzodimni qo‘ygan ekanman, demak, g‘alabani maqsad qilganman», — deya Rikelme so‘zlarini keltiradi Madrid Zone.
Eslatib o‘tamiz, «Real» prezidentligi uchun saylovlar joriy yilning 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.













